Vladimir Arnold
Vladimir Arnold (12-iyul 1937-yil — 3-iyun 2010-yil) — rossiyalik matematik. Arnold topologiya, differensial tenglamalar nazariyasi, nazariy mexanika sohalaridagi ishlari bilan tanilgan. Arnold XX asrning eng buyuk matematiklaridan biri hisoblanadi. SSSR fanlar akademiyasi akademigi, AQSh Milliy fanlar akademiyasi xorijiy aʼzosi (1983), Fransiya fanlar akademiyasi (1984), London qirollik jamiyati (1988), Dei Lincei milliy akademiyasi (1988), Amerika falsafiy jamiyati (1990) aʼzosi boʻlgan. 2001-yil Wolf mukofoti bilan taqdirlangan.
Arnold Moskva shahridagi 59-maktabda oʻqigan. 1959-yil Moskva davlat universitetining mexanika va matematika fakultetini tamomlagan. 1961-yilda SSSR fanlar akademiyasining amaliy matematika institutida fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 1963-yil esa fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. Olim 1959–1986-yillarda Moskva davlat universitetida (1965-yildan professor oʻlaroq) ishlagan. Umrining oxirigacha Moskvadagi V. A. Steklov nomidagi Rossiya matematika institutida hamda Parisdagi Paris Dauphine universitetida ishlagan.
Arnold oʻsmirligida Hilbertning 13-masalasini yechgan. Hozir bu Kolmogorov–Arnold ifodalash teoremasi oʻlaroq maʼlum. Arnold simplektik topologiya alohida soha oʻlaroq shakllanishiga hissa qoʻshgan. Olim, shuningdek, Arnold gipotezasi bilan tanilgan. 2006-yilda Arnold ilmiy maqolalarda asarlari eng koʻp manba sifatida koʻrsatilgan rus olimi, deb topildi.
uz.wikipedia.org