Vitaliy Bianki




Vitaliy Valentinovich Bianki (1894-yil 30-yanvar [11-fevral], Sankt-Peterburg— 1959-yil 10-iyun, Leningrad) — sovet yozuvchisi, bolalar uchun koʻplab asarlar muallifi.

Tarjimai hol



Otasi — Valentin Byanki (1857—1920) — olim boʻlib, Fanlar akademiyasining Zoologiya muzeyining ornitologiya boʻlimida ishlagan. Ma’lumki, Bianki sulolasi Rossiyada XIX asrning boshlarida paydo boʻlgan. Shajaraning bir shoxi italyan-shveysariyaga, ikkinchisi — nemis ildizlariga borib taqalardi. Vitaliyning bobosi mashhur opera xonandasi edi. Italiya boʻylab gastrol safari oldidan impresariosining iltimosiga koʻra u oʻzining nemis familiyasini oʻzgartirdi Vays (nemischa weiß   „oq“ degan ma’noni anglatadi) Bianki (italyancha bianco  ham „oq“ degani).

Onasi — Klara Andreyevna (asli kelib chiqishi italiyalik Klara Emma Matilda Blank, ? — 1915 boʻlgan).

U Petrograd universitetining fizika-matematika fakultetining tabiiy boʻlimiga oʻqishga kiradi.

Yoshligida Bianki Sankt-Peterburg futbol jamoalarida shahar chempionati oʻyinlarida toʻp suradi. „Petrovskiy“ (1911), „Neva“ (1912), „Unitas“ (1913-1915, 1916-yil bahori) klublarida oʻynagan. 1913-yil Sankt-Peterburg bahor kubogi gʻolibi boʻladi.

1916-yil fevral oyida u obroʻ-e’tiborli maslahatchi Zinaida Aleksandrovna Zaxarevichning qiziga uylanadi.

1916-yilda armiya safiga chaqiriladi. Vladimir harbiy maktabining tezlashtirilgan kurslarini prapor (saroy qoʻshinida: eng kichik ofitser unvoni, shuningdek, ushbu unvonga ega boʻlgan shaxs) unvoni bilan tugatgach, u artilleriya brigadasiga yuboriladi.

1917-yilning fevral oyida u Zobitlar va ishchilar deputatlari Kengashiga saylanadi. Keyin eserlar partiyasiga qoʻshiladi. Saroy qishlogʻi (Sarskoye Selo) badiiy yodgorliklarini muhofaza qilish hay’atining a’zosi edi. 1918-yil bahorida u oʻz boʻlinmasi bilan birga Volga boʻyiga boradi. 1918-yil yoz oylarida Bianki Samaraning „Xalq“ gazetasida ishlay boshladi (1918-yil sentyabrdan—dekabrgacha sosialistik-inqilobiy Komuchning madaniy-ma’rifiy boʻlimi tomonidan chop etilgan).

Qizil Armiya qoʻshini kirib kelgandan keyin  Bianki Samaradan badargʻa qilinadi va bir muncha vaqt Ufa, Yekaterinburgda, keyin yana Ufada, keyin Tomskda va nihoyat Biyskda qoʻnim topadi. Bu yerda u Kolchak armiyasiga safarbar qilindi. U dezirtir boʻlgach, soxta nom ostida yashirinadi. Oʻsha paytda, hujjatlarga koʻra, u Petrograd universiteti talabasi, Rossiya Fanlar akademiyasi Zoologiya muzeyining ornitolog-kollektori Vitaliy Belyanin edi. Bianki-Belyanin ikki familiya bilan umrining oxirigacha qoladi.

Bianki Biyskda Sovet hokimiyati oʻrnatilgandan soʻng, muzey qismida xalq ta’limi boʻlimida faoliyat olib boradi. Xalq ta’limi boʻlimida ishlab, muzey mudiri etib tayinlanadi. Keyinchalik  III Komintern nomli maktabda oʻqituvchilik ham qilgan.

Bianki Biysk tabiat hqvaskorlari jamiyatining faol a’zosi boʻlgan, Oltoy xalq universitetida ornitologiya boʻyicha ma’ruza qilgan. Biyskda yashab, Buzoq (Teles) koʻliga ikkita ilmiy ekspedisiya uyushtiradi.

1920-yil oxirida u birinchi turmushidan ajraladi. Biyskda Bianki oʻrta maktabda (sobiq gimnaziya) biologiya oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. Ushbu bilim oʻchogʻida u fransuz va nemis tillari oʻqituvchisi Vera Nikolayevna Klyujeva bilan tanishadi. 1921-yil 6-mayda ular ularning nikohi rasman qayd etiladi, 13-kuni ular mahalliy cherkovda turmush qurishadi.

1921-yilda Biysk FK (Favqulodda komissiyasi) tomonidan ikki marta hibsga olinadi va garovda uch hafta qamoqda asir sifatida oʻtirib chiqadi. 1922-yil sentyabr oyida u hibsga olinishi mumkinligi haqida ogohlantiriladi va xizmat safari yuzasidan oilasi bilan Petrogradga joʻnaydi.

1923-yilda “Chumchuq” jurnalida oʻzining birinchi hikoyasi “Qizil boshli chumchuqning sayohati”, soʻngra “Kimning burni uzunroq?” kitobchasi nashrdan chiqadi.

1925-yilning oxirida Bianki yana hibsga olindi va mavjud boʻlmagan yashirin tashkilotda qatnashgani uchun Uralskda uch yillik surgunga hukm qilinadi. 1928-yilda koʻplab arizalar, shu jumladan G.G.Yagodaga murojaat qilgan M.Gorkiy tufayli u Novgorodga, keyin esa Leningradga koʻchib oʻtishga ruxsat oladi. 1932-yil noyabr oyida yana bir hibsga olish uyushtiriladi. Uch yarim hafta oʻtgach, u dalil-isbot yoʻqligi tufayli u yana ozod etiladi.

1935-yil mart oyida Byanki „zodagonning oʻgʻli, sobiq sosialistik-inqilobchi, sovet hukumatiga qarshi qurolli qoʻzgʻolonning faol ishtirokchisi“ sifatida yana qamoqqa olinadi va Oqtepa viloyatida besh yilga surgun etiladi. E.P.Peshkovning sharofoati tufayli surgun bekor qilinadi va Bianki ozod boʻladi. 1924-yildan — 1959-yil 10-iyungacha (surgun va evakuasiya bundan mustasno) Leningradda Vasilevskiy oroli, kichik prospekt, 4-uyda istiqomat qiladi.

Ayni shu davrlarda, ya’ni Ulugʻ Vatan urushi oldidan Vitaliy Byanki Leningraddagi uyida “adabiyot maktabi” tashkil etadi. Maktab oʻquvchilari Nikolay Sladkov, Aleksey Liverovskiy, Zoya Pirogova, Kronid Garnovskiy, Svyatoslav Saxarnov va boshqalar ta’lim olishgan,  keyinchalik ular mashhur yozuvchilar boʻlishgan. V.V.Byanki mashhur seleksioner-olim va yozuvchi N.Pavlovaning boshligʻi va ustozi boʻlgan. „Oʻrmon gazetasi“ kitobining toʻqqizinchi nashrida V.Bianki N.Pavlovaning 28 ta hikoyasini chop etadi.

Ulugʻ Vatan urushi yillarida V.Byanki yurak xastaligi tufayli armiyaga chaqirilmadi, Uralga evakuasiya qilinadi, keyin Leningradga qaytadi.

Hayotining soʻnggi pallalarida u juda ogʻir xastaliklarni boshidan kechiradi. 1949-yilda u yurak xurujiga (infarkt) uchraydi, keyin esa ikki marta insultga chalinadi. Tizimli qon tomir kasalligi uning oyoqlarida kuchli ogʻriqlarga sabab boʻlib, uni yurish qobiliyatidan deyarli butunlay mahrum qiladi. 1950-yillarda u „Oʻrmondan xabarlar“ oylik bolalar radio dasturini tayyorlashda ishtirok etadi. 1959-yil 10-iyunda bu yorugʻ olamni tark etadi. U diniy qabristonga dafn qilindi. Haykaltarosh Jermen Mellupning qabr tosh ishlari federal (umumrossiya) ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy va madaniy meros ob’ektlari roʻyxatiga kiritilgan.

Xotira




Manbalar




Adabiyotlar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz