Viskoza tolalar




Viskoza tolalar — tabiiy sellyulozani kimyoviy usulda qayta ishlab olinadigan sunʼiy tolalar. Yogʻoch sellyulozasi, arzon ximikatlar V. t. uchun xom ashyo hisoblanadi. V. t. olish uchun sellyuloza 18% li ishqor eritmasiga solinadi. Ishqorlangan sellyuloza uglerod sulfid bilan ishlanib, sellyuloza ksantogenati hosil qilinadi. Ksantogenat oʻz navbatida kuchsiz oʻyuvchi natriy eritmasida eritiladi. Olingan qovushoq eritma — viskoza filtrlanadi, 1—2 sutka yetiltiriladi, soʻngra mayda teshikcha (filera) lar orqali oʻtkazilib, sulfat kislota va uning tuzlari solingan choʻktirish vannalariga kuyiladi. Bu yerda tola qotadi, keyin suvda yuviladi va gʻaltaklarga oʻrab olinadi. V.t.ni sanoatda i.ch. dastlab 1905 yilda Angliyada boshlangan, keyin boshqa davlatlarga tarqalgan. Hozir V.t. ishlab chiqarish hajmi boshqa sunʼiy tolalar hajmining taxminan 40—45% ini tashkil qiladi. V. t. toʻqimachilik va kord iplari, shtapel tolalar holida ishlab chiqariladi. V. t.dan toʻqilgan gazlamani boʻyash oson, u gigiyena talablariga javob beradi, xom ashyosi arzon. Kamchiligi — nam tekkanda pishikligini ancha yoʻqotadi, gʻijimlanuvchan boʻladi. Maxsus tarkib bilan ishlov berib, bu kamchiliklarni yoʻqotish mumkin. V. t.ni paxta, jun, shtapel tolalarga qoʻshib, undan turli-tuman gazlamalar toʻqiladi. V. t.dan shoyi va shtapel gazlamalar, trikotaj buyumlar, texnikaviy mahsulotlar olish, ulardan toʻqilgan gazlamalardan kiyimlar tikish mumkin.

Adabiyotlar






uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz