Virusli gepatit
Virusli gepatit - oʻtkir yuqumli kasallik; jigar hujayralarining zararlanishi, umumiy intoksikatsiya belgilari, teri va shilliq qavatlarning sargʻayishi, peshobning toʻq sariq yoki "pivo"ga oʻxshash, najasning oqimtir tusga (gilvata rangiga) kirishi, jigar, baʼzan taloqning ham kattalashishi bilan ifodalanadi. V. g . deganda bir-biriga oʻxshash olti xil gepatit tushuniladi, bular A, V, S, D, Ye, G viruslari qoʻzgʻatadigan kasalliklardir. Ular yuqishiga qarab ogʻiz orqali (A, Ye) va parenteral yoʻl bilan yuqadigan (B, S, D, G) xillarga ajratiladi. A va Ye virusli gepatitlarda viruslar bemorning axlati orqali tashqariga chiqadi. Shuning uchun axlat, suv, oziq-ovqat mahsulotlari, bemor foydalangan buyum va narsalardan ifloslanish juda xavfli hisoblanadi. Parenteral yoʻl bilan yuqadigan V. g .lar shprits, igna va b. tibbiy asboblarni yetarli zararsizlantirmaslik oqibatida, shuningdek qon va qon preparatlari quyish hamda turli tibbiy muolajalar (ginekologik, stomatologik va b.) vaqtida yuqishi mumkin. V. g .lar davriy kechishi bilan harakterlanadi, uning yashirin, boshlangʻich, avj olgan, orqaga qaytish va sogʻayish davrlari ajratiladi. Kasallikning yashirin davri uning turiga qarab har xil: A va Ye virusli gepatitlarda 7 kundan 60 kungacha, parenteral yoʻl bilan yuqadigan xillarida 2 haftadan 6 oygacha, baʼzan 1 yilgacha davom etishi mumkin. V. g .lar yengil, oʻrta va ogʻir, shuningdek asoratsiz va asoratli, oʻtkir, surunkali hamda vaqt-vaqti bilan qaytalanib turadigan shakllarda kechadi; baʼzan aralash xillari ham kuzatiladi. Homilador ayollar va bolalarda kasallik ogʻirroq kechadi. V. g .larning shakli-shamoyili turlicha: grippga oʻxshash, dispeptik, astenovegetativ, artralgik alomatlar, aralash sindromlar bilan hamda latent (klinik belgisiz). Kasallik grippga oʻxshab boshlanganda bemor toʻsatdan qaltiraydi, eti uvishadi. boshi ogʻriydi, harorati koʻtariladi, aʼzoyi badani qaqshaydi, yoʻtaladi va h.k. Dispeptik alomatlar bilan boshlanganida bemor koʻngli aynib qusadi, meʼda sohasida bir oz ogʻriq boʻladi, baʼzan ichi ketadi; uning madori qurib, ishtahasi pasayadi, oʻng qovurgʻasi ostida ogʻriq paydo boʻladi. Astenovegegativ alomatlar bilan boshlanganda bemorning boshi aylanadi, ogʻriydi, koʻp terlaydi, oʻta injiq, yigʻloqi boʻlib qoladi. V.glarning boshlangʻich davri qanday sindrom bilan kechishidan qatʼi nazar, shu kasallikka xos 3 belgi kuzatiladi: 1) siydikning pivo rangida boʻlishi; 2) axlat rangining oqarishi; 3) koʻpchilik (deyarli 90%) hollarda jigarning kattalashishi.
Kasallikning "sariqlik davri" ham oʻziga xos tarzda kechadi. Koʻz oqi sargʻayishi bilan V. g .ning avj olgan davri boshlanadi; A shaklida bemor sargʻayishi bilan uning ahvoli ancha yengillashib tuzalinqiraydi. Parenteral yoʻl bilan yuqadigan V. g .larda, ogʻiz orqali yuqadiganlariga nisbatan sariqlik davri uzoqroq choʻziladi, bemor tezda tuzalavermaydi, darmoni quriydi, koʻngli ayniydi, baʼzi hollarda badani qichiydi (xolestatik xili). V. g .larning xiliga qarab uning klinik alomatlari turlicha namoyon boʻlishi mumkin: sariqsiz oʻtadigan shaklida pigment almashinuvi buzilmaganligi sababli bemor sargʻaymaydi, siydigi va axlatining rangi oʻzgarmaydi, qonda bilirubin miqdori meʼyorida boʻladi. Bilinar-bilinmas belgilar bilan oʻtadigan shaklida bemorning koʻzi qisqa muddat sal sargʻayadi, bilirubin miqsori ham tezda oʻz asliga keladi. Subklinik shaklida klinik belgilar deyarli kuzatilmaydi, uni faqat lab. tekshiruvlaridan bilish mumkin. V. g .ning virus tashib yuruvchilik shakli ancha murakkab, u yashirin holda kechib, bora-bora surunkali tus oladi. Kasallikning surunkali xili ancha ogir asoratlarga (oʻtkir jigar ensefalopatiyasi, gemorragik, shish-assitik sindrom va b.) sabab boʻlishi mumkin.
V. g . tashhisi (diagnozi) asosan bemordan olingan maʼlumotlar, kasallikka xos alomatlar, qon tahlili va b. asosida qoʻyiladi. V. g .ning boshlangʻich davri dispeptik, kataral va soxta revmatoid sindromlarda kuzatiladigan belgilarga oʻxshab ketganligi bois, uni ana shu kasalliklardan farqlay bilish lozim.
V. g .larning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga bekamu koʻst amal qilish, kasallikni oʻz vaqtida aniqlab, bemorni kasalxonaga yotqizish va u bilan yaqin boʻlganlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda u tutgan idish-tovoq va buyumlarni dezinfeksiya qilish muhim. Kasalxonadan chiqqan bemorlar maʼlum muddat dispanser nazoratida boʻlishlari lozim. Kasallikning oldini olish maqsadida A va V gepatitlarga qarshi vaksinatsiya qilinadi (emlanadi). U yangi tugʻilgan chaqaloqlarga, 2-marta esa 1 oyligida teri ostiga yuboriladi. Revaksinatsiya bola 6 oyligida oʻtkaziladi. Emlash natijasida 95% bolalarda kasallikka qarshi immunitet paydo boʻladi; epidemiologik jarayonlarga qarab kattalarga ham vaksina yuboriladi, u birinchi bor qilingandan keyin oradan 1 oy va 6 oy oʻtgach qayta emlanadi. Emlash natijasida immunitet paydo boʻlib, u 15— 20-yilgacha saqlanadi va kasallik tar-qalishining oldini oladi, virus tashuvchilik himoyalanadi. Profilaktika maqsadida bolalarga gammaglobulin (normal immunoglobulin) dan ukol qilinadi. Davolash asosan bemorning umumiy ahvoli va kasallikning klinik belgilariga qarab olib boriladi; yengilroq xilida deyarli dori-darmonlar berilmaydi, kun tartibi va parhezga (qarang Parhez bilan davolash) rioya qilish tavsiya etiladi. Kasallikning boshqa shakllarida ham parhez va kun tartibiga amal qilishdan tashqari, glyukoza, vitaminlar, tuzli eritmalar, qon hamda plazma va qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar, zarur hollarda gormonlar, antibiotiklar va h. k. buyuriladi. Bemorga vitaminlar, uglevodlar, oqsilga boy ovqatlar, shuningdek turli meva sharbatlari beriladi.
Yana q.
Manbalar
uz.wikipedia.org