Viniplast
Viniplast — polivinilxlorid asosida olingan, tarkibida plastifikator boʻlmagan plastik massa. Polivinilxloriddan tashqari, V. tarkibiga stabilizatorlar va qayta ishlashni osonlashtiruvchi moddalar kiradi. Baʼzan V. tarkibiga boʻyoqlar (rangli buyumlar olishda), toʻldirgichlar (tannarxini arzonlashtirish, fizik-mexanik xossalarini oʻzgartirish maqsadida) va modifikatorlar (baʼzi xossalarini yaxshilash uchun) qoʻshiladi. V.ni qayta ishlash usullari olinayotgan buyum turiga bogʻliq. V.— yonmaydigan, hidsiz, termoplastik material, uni mexanik ishlash oson. Turli materiallar (beton va yogʻoch yuzalari)ga yaxshi yelimlanadi, 20—80° haroratda dielektrik xossaga ega. Kislotalar, ishqor va alifatik uglevodorodlar taʼsiriga chidamli; aromatik va xlorlangan uglevodorodlar taʼsiriga chidamsiz.
V. kimyo sanoatida korroziyaga qarshi konstruksion material sifatida (idishlar, quvurlar, ventilyatsiya qurilmalari, kimyoviy uskunalar qismlari, lab. jihozlari va h. k.), suv bilan taʼminlash, kanalizatsiya, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarida, qurilish va b. yerlarda ishlatiladi.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org