Viktor Avtonomov




Viktor Aleksandrovich Avtonomov (1955-yil 9-may, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, kimyo fanlari doktori, professor.

Biografiyasi



Viktor Aleksandrovich Avtonomov 1955-yil 9-mayda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1972-yilda 98-sonli oʻrta maktabni tamomlab, Toshkent qishloq xoʻjaligi institutining agronomiya fakultetiga oʻqishga qabul qilingan. 1977-yilda ushbu institutni tugatgach, G. S. Zaytsev nomidagi Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutida katta laborant lavozimida faoliyatini boshlagan. 1978—1982-yillarda N. I. Vavilov nomidagi Oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining aspiranturasida tahsil olgandan soʻng Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim boʻlib ishini davom ettiradi. 1989-yildan boshlab Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi instituti „Atrof-muhitning biotik omillariga chidamli gʻoʻza navlari seleksiyasi“ laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

Ilmiy faoliyati



2003-yildan hozirgi kunga qadar gʻoʻzaning genetika, fitopatologiya, seleksiya va urugʻchilik sohalaridagi muammolar boʻyicha davlat loyihalarida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. 1984-yilda „Seleksiya va urugʻchilik“ mutaxassisligi boʻyicha qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Hukumat topshirigʻiga koʻra paxta seleksiyasi va urugʻchiligi bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga birodarlik yordami koʻrsatish maqsadida olim 1986—1988-yillarda bosh mutaxassis etib Afgʻoniston respublikaga yuborilgan va ushbu xizmatlari uchun „Saur inqilobiga 10 yil“ medali bilan taqdirlangan. 2010-yilda „Vilt va qora ildiz chirishiga chidamliligi uchun gʻoʻzaning tur ichidagi geografik uzoq duragaylanishi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi va 2016-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. Olimning 500 dan ortiq ilmiy nashrlari, jumladan, paxtachilikning genetika, seleksiya va urugʻchiligi boʻyicha 11 ta monografiya, 2 ta tavsiyanoma va 2 ta uslubiy qoʻllanmalar muallifi. 2020-yilda Belgiyada chop etilgan „Vilt kasalliklariga chidamli gʻoʻza navlarini yaratish“ monografiyasida ilk bor molekulyar genetika va fitopatologiya usullarini anʼanaviy seleksiyada qoʻllagan holda Fusarium va Verticillium patogenlariga bardoshli boʻlgan oʻrta tolali C-6570, C-6577 va C-6585 gʻoʻza navlarini yaratish bosqichlari toʻliq keltirilgan. Olimning 2021-yilda Germaniyada nashr etilgan „Oʻzbekistonda madaniy paxta turlarining zamonaviy navlarini koʻpaytirish“ monografiyasida oʻrta tolali gʻoʻzaning C-6575, C-6580, C-6601 va C-6602 navlarini tezpisharligi, tola chiqimini 40% va undan yuqoriligi, paxta xoma-ashyo hosildorligi 50 sentnerdan yuqoriligi, tola sifati IV tip, qora ildiz chirishi, Fusarium va Verticillium kasalliklarga chidamliligi nazariy asoslab bergan va amaliy jihatdan isbotlagan. Olim tezpisharligi 100-115 kun, hosildorligi 45 s/ga, tola sifati 1-A tipi va tola hosildorligi 34-35% boʻlgan bir qancha ingichka tolali goʻza navlari yaratgan. Th.basicola qoʻzgʻatuvchisi bilan sunʼiy zararlangan fonlarda birinchi marta foydalangan holda, shuningdek „dala-fitotron-dala“ texnologiyasidan foydalanib, seleksiya jarayonini bir necha barobar qisqartirgan holda ingichka tolali „Surxon-104“, „Surxon-105“, „Surxon-106“ va oʻrta tolali C-6577, C-6585 navlarni yaratgan. Viktor Avtonomov oʻz ilmiy faoliyati davomida genetika, biokimyo, fitopatologiya sohasidagi zamonaviy jahon yutuqlaridan foydalanib, qora ildiz chirishi va gommoz patogenlari bilan sunʼiy yoʻl bilan yuqtirilgan fonlarni yaratish bilan birgalikda seleksiya va urugʻchilikning tezlashtirilgan sxemasini ishlab chiqdi, shuningdek, u tomonidan ishlab chiqilgan dala-fitotron-dala texnologiyasi, seleksiyaning dastlabki bosqichlarida yangi navlarning sof, original materialini ajratib olish va yaratish imkonini berdi. Natijada gʻoʻzaning 40 ga yaqin yangi navlari yaratilib, ularning barchasi mahalliy, 5 tasi xorijiy patentlar bilan himoyalangan. Olim tomonidan yaratilgan 9 ta nav Oʻzbekiston Respublikasi davlat reyestriga kiritilgan va turli davrlarda ishlab chiqarishda keng qoʻllanilmoqda, bular „Surxon-9“, „C-6541“, „Namangan-34“, „C-6550“, Namangan-102, C-6565, C-6570, Surxon-103 va C-6575 navlaridir. 2005-yilda „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan. 2011-yilda Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi instituti ilmiy kengashi tomonidan „Institutning yil olimi“ deb topildi. 2016-yilda „Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil“ koʻkrak nishoni, 2021-yilda „Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi“ koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz