Video oʻyin tuzuvchi




Oʻyin yuritgichi (Game engine) — Asosan videooʻyinlarni ishlab chiqish uchun moʻljallangan dasturiy taʼminot tizimi boʻlib, odatda tegishli kutubxonalar va qoʻllab-quvvatlash dasturlarini oʻz ichiga oladi. „Yuritgich“ terminologiyasi dasturiy taʼminot sanoatida qoʻllaniladigan "dasturiy taʼminot yuritgichi" atamasiga oʻxshaydi.

Tarixi



1980-yillarda shaxsiy kompyuterlarda standartlashtirishning yoʻqligi va xotira cheklovlari tufayli videooʻyin tuzish bir muncha qiyinchilik tugʻdirgan. Biroq, oʻsha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay Infocom va Sierradan Z-Machine va SCI oʻyin yuritgichining ilk koʻrinishini ishlab chiqdilar. 1980-yillarda Incentive Software ilk uch oʻlchamli (3D) grafikani qoʻllovchi Freescape oʻyin yuritgichini ishlab chiqishni boshladi.

Rasman oʻyin yuritgichi atamasi 1990-yillarning oʻrtalarida oʻsha paytdagi mashhur boʻlgan otishma (shooter) oʻyin hisoblanmish id Software tomonidan 1993-yilda ishlab chiqilgan Doom video (kompyuter) oʻyini zamirida paydo boʻlgan. Oʻsha paytda IBM kompyuterlari keng taraqala boshlagan edi va tezkor protsessorlar hamda „murakkab“ dasturlash asoslari uch oʻlchamli oʻyinlarda soniyasiga 30 va undan ortiq kadrlar almashinuvi imkonini berdi. Doom uchun qoʻllanilgan oʻyin yuritgichining dasturiy taʼminoti tuzilishi shunday boʻlganki, u oʻyinning markaziy komponentlari (masalan, uch oʻlchamli (3D) model, obyektlar toʻqnashuvi, ovoz va boshqalar)ni hamda grafik resurslar, oʻyin muhiti, oʻyinchi malakasining shakllanishi, oʻyin qoidalarini oʻz ichiga olgan. id Softwareʼning Doom va Quake oʻyinlari shu qadar mashhur boʻldiki, boshqa videooʻyin ishlab chiquvchilar noldan boshlash oʻrniga id Softwareʼning dasturiy taʼminotning asosiy qismlarini litsenziyalashdi va uning asosida kichik oʻzgarishlar bilan yangi oʻyinlar tuzila boshladilar. Ular faqatgina yangi grafika, qurollar, personajlar, oʻyin qoidalari va boshqalarni kiritardilar. Quake oʻyin yuritgichi oʻndan ortiq loyihalarda qoʻllanildi va videooʻyinlar sanoatining rivojlanishiga jiddiy turtki berdi.

Keyinchalik 1998-yildagi Unreal (Unreal Engine oʻyin yuritgichi orqali tuzilgan) va 1999-yildagi Quake III Arena (id Tech 3 orqali tuzilgan) kabi oʻyinlar ushbu yondashuv asosida ishlab chiqilgan. Bunday texnologiyani litsenziyalash amaliyoti baʼzi oʻyin ishlab chiqaruvchilar uchun foydali qoʻshimcha daromad ekanligini isbotladi.

Oʻyin yuritgichlarining keyingi rivojlanishi oʻyinlar uchun modellarni tasvirlash (rendering) hamda oʻyin kechmishini yozish (scripting), badiiy dizayn va oʻyin saviyasida kuchli oʻzgarishlarga olib keldi. Shu tufayli hozirda oʻyin ishlab chiquvchi kompaniyalarda dasturchilar bilan bir qatorda rassom, dizaynerlarga boʻlgan talab ham yuqori.

Tamoyili



Koʻpgina videooʻyin yuritgichi dasturiy taʼminotlari maʼlum bir platformada maʼlum bir oʻyinni tuzish uchun moʻljallangan boʻladi. Hatto eng umumlashtirilgan koʻp platformali yuritgichlar ham maʼlum bir janrdagi oʼyinlarni tuzishga javob beradi, masalan, otishma yoxud poyga oʻyinlari shular jumlasidandir. Shu nuqtayi nazardan, videooʻyin yuritgichi moʻljallanganidan boshqa oʻyin yoki platforma uchun foydalanilganda oʻsha videooʻyin yaxshi chiqmay qoladi.

Oʻyin yuritgichlari sanoatda



Oʻyin yuritgichi dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqaruvchilar mijozlarga oʻz mahsulotlarini litsenziya asosida tarqatadilar. Oʻyin ishlab chiqarish sanoat boʻlgani kabi, ularni tuzuvchi videooʻyin yuritgichlarining ham sanoati shakllanib ulgurdi. Oʻyin yuritgichlar asosan oʻzining imkoniyatidan kelib chiqib narxlanadi va ularni toʻliq litsenziyasini xarid qilish yoki foydalanilganlik uchun obuna haqini toʻlash talab etiladi. Unity hamda Unreal Engine hozirda oʻyin ishlab chiquvchilar uchun eng mashhur ikkita oʻyin yuritgichi boʻlib qolmoqda.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz