Versal — Vashington tizimining mustahkam emasligi
Versal — Vashington tizimi urushdan keyingi keskinlikni yumshatishga ma’lum darajada xizmat qildi. Uning bu xizmati xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi huquqining hamda urushga nizoli masalalarni hal etish vositasi sifatida qaramaslik tamoyillarining tan olinishida o‘z ifodasini topdi. Bundan tashqari, Millatlar Ittifoqining tuzilishi hamda qator Yevropa
davlatlari mustaqilligining tan olinishi katta ahamiyatga molik tarixiy voqealar edi. Biroq Versal — Vashington tizimi mustahkam tinchlikning qaror topishiga asos bo‘la olmadi. Xo‘sh, nega?
Birinchidan
Antanta davlatlari urushdan keyingi qayta qurishlarning barcha og‘irliklarini yengilgan davlatlar hisobidan hal etishga urindilar. Ular yengilgan davlatlar xalqlarining urush chiqarishda aybdor bo‘lgan hukmron sulolalari va hukumatlarini ag‘darib tashlaganliklarini inobatga olmadilar. Bular, o‘z navbatida, yengilgan davlatlar fuqarolari ongida milliy xo‘rlanish tuyg‘usini qo‘zg‘atdi. Bu esa shovinizm va milliy mustaqillik g‘oyalarining keng ildiz otishiga yo‘l ochdi.
Ikkinchidan
Xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasidan kelib chiqib, milliy davlatlar tuzishda tuzatib bo‘lmas suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yildi. Yangi davlatlar chegaralari shunday belgilandiki, natijada 19 mln ga yaqin kishi o‘zi mansub bo‘lgan millat nomi bilan atalgan davlat fuqarosi bo‘la olmay qoldi. Ular boshqa davlatlarda «milliy kam sonli xalqlar» atamasi ostida yashay boshladilar. Binobarin, bu 19 mln ga yaqin kishining mavjud ahvoldan noroziligi tinchlikka tahdid solmay qolmas edi.
Uchinchidan
Yangi tashkil etilgan davlatlar chegarasi shunday belgilandiki, ular bir-biriga chegara da’vosi bilan istalgan paytda chiqishi mumkin edi. Bu omil ham tinchlikni xavf ostida qoldirardi.
To‘rtinchidan
Versal — Vashington tizimi shartnomalarining amalda bajarilishini ta’minlovchi kuchli mexanizm (vositalar) vujudga keltirilmagan edi. Tuzilgan yangi xalqaro tashkilot — Millatlar Ittifoqiga bunday vakolat berilmagan edi. Antanta davlatlari ham bunda qodir emas edilar. Chunki kecha ittifoqchi bo‘lgan bu davlatlar o‘rtasida urushdan keyin vujudga kelgan
ziddiyatlar amalda ittifoqchilik majburiyatlarini yo‘qqa chiqargan edi.
Beshinchidan
Sobiq Germaniya va Turkiya imperiyalari xalqlariga mustaqillik amalda mandat tizimining vasiylik tamoyili bilan niqoblandi, xolos. Yirik mustamlakachi asosiy davlatlar Buyuk Britaniya va Fransiya «buyuk vasiy»lar ham bo‘lib oldilar. Mustamlaka xalqlar milliy-ozodlik kurashini davom ettirdilar.
Oltinchidan
Versal — Vashington tizimi Sovet Rossiyasining ishtirokisiz yaratildi. Antanta sovet davlatiga dushman Germaniya bilan separat sulh tuzgan sotqin deb, bolshevizmga esa dushmanlik ko‘zi bilan qaradi. Versal — Vashington tizimiga kiruvchi birorta ham shartnomani imzolamagan Sovet davlati bu tizimga nisbatan muxolifat bo‘lib qoldi.
Adabiyotlar
Jahon tarixi (1918-2008)
M. LAFASOV
TOSHKENT
«TURON-IQBOL» 2010
Mas’ul muharrir:
E. Z. Nuriddinov
— Nizomiy nomli TDPU «Xorijiy mamlakatlar tarixi»
kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori.
Taqrizchilar:
S. X. Nosirxo‘jayev — tarix fanlari doktori, professor.
E. X. Xoliqov
— tarix fanlari doktori, professor.
A. Qirg‘izboyev
— tarix fanlari doktori.
Sh. Ergashev
— tarix fanlari nomzodi.
S. J. Suvonova
— Mirobod akademik litseyi tarix fani o‘qituvchisi.
D. G. Jo‘raboyeva
— Toshkent Islom universiteti qoshidagi akademik
litsey tarix fani o‘qituvchisi.
I. Muqumova — Toshkent bank kolleji tarix fani o‘qituvchisi.
uz.wikipedia.org