Vera Mireyeva




Vera Arsenyevna Mireyeva (qizlik familiyasi Mixaylova; 1931-yil 22-avgust, Tver, Mosvka viloyati — 2004-yil 6-iyul, Krasnoperekopsk, Qrim Muxtor Respublikasi) — sovet filologi, russhunos va turkiyshunos olima, oʻqituvchi, metodist, shoira, prozaik, jurnalist. Umrining 45 yilini Oʻrta Osiyo turkiy xalqlarining maorifini oʻrganishga bagʻishlagan. SSSR xalq taʼlimi aʼlochisi va Oʻzbekiston SSR xalq taʼlimi aʼlochisi.

Biografiyasi



Vera Mireyeva 1931-yil 22-avgustda Tverda tugʻilgan. Ota-onasi Arseniy Pavlovich Mixaylov harbiy xizmatchi, Vera Vladimirovna Mixaylova (qizlik gamiliyasi Karasyova) uy bekasi boʻlgan. 1935-yilda uning ota-onasi ajrashishadi, keyinchalik Vera onasining yangi oilasida, oʻgay otasi Fyodor Yefimovich Anufriyev va ikki singlisi bilan yashagan. Otasi bilan 20 yildan keyin uchrashishga muvaffaq boʻlgan. Vera Mireyeva 1939-yilda oʻz ona shahridagi boshlangʻich maktabga borgan, lekin 1941—1942-yillar qishida Kalinin uchun boʻlgan shiddatli janglar tufayli uning oʻqishi toʻxtatiladi. 1943-yildan Ukrainada yashagan.Yavorivda (Lvov viloyati) oʻrta maktabni tugatgan.

1949-yilda Vera Mireyeva Lvov davlat universitetiga oʻqishga kirgan va 1954-yilda ushbu universitetni rus tili va adabiyoti mutaxassisligi boʻyicha tugatgan

Oʻzbekistonning Qoraqalpogʻistonning Nukus shahriga ishga yuborilgan. 1954—1967-yillarda Qoraqalpoq davlat pedagogika instituti rus tilshunosligi kafedrasida oʻqituvchi, keyin katta oʻqituvchi, 1967—1989 yillarda katta ilmiy xodim, keyinroq T. N. Qori-Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpogʻiston filialida rus tilini oʻqitish metodikasi sektori mudiri lavozimlarida ishlagan. Bu davrda Vera Mireyeva minglab rus tili oʻqituvchilarini tayyorlagan, oʻnlab darslik va oʻquv qoʻllanmalari, yuzga yaqin ilmiy maqolalar yozgan.

1989-yilda Vera Mireyeva nafaqaga chiqadi va 1998-yilda Ukrainaga, Qrimga qaytib keladi. Keksalik chogʻida Vera Mireyeva oʻzining adabiy isteʼdodi namoyon qiladi. Vera Mireyeva rus va ukrain tillarida oʻnlab hikoyalar, sheʼrlar, esse va ocherklar yozgan, ularning aksariyati Ukraina, Oʻzbekiston va Rossiya davriy nashrlarida chop etilgan. Vera Mireyevaning sheʼriyati va nasri rang-barang boʻlib, teran lirika va falsafiy komponentlar, nekbinlik, hayotga, insonga, tabiatga samimiy muhabbati bilan ajralib turadi. Koʻpgina asarlari asosan biografik xarakterda boʻlib, ulardagi markaziy oʻrinni bolaligida guvoh boʻlgan urush dahshatlari, nemis bosqinchilarining vahshiyligi va sovet askarlarining olijanobligi haqidagi xotiralar egallagan.

Vera Mireyeva 2004-yil 6-iyulda Krasnoperekopskda vafot etgan.

Mukofotlari



Davlat mukofotlari



Koʻp yillik vijdonli mehnati uchun Qoraqalpogʻiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining 1985-yil 24-iyuldagi farmoni bilan SSSR Oliy Soveti Prezidiumi nomidan „Mehnat faxriysi“ medali bilan, Xalq taʼlimi sohasida erishgan katta muvaffaqiyatlari va ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki uchun SSSR Taʼlim vaziri va Xalq taʼlimi, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar kasaba uyushmalari markaziy qoʻmitasi raisining 1987-yil 20-martdagi 63-16z qoʻshma qaroriga asosan „SSSR taʼlim aʼlochisi“ koʻkrak nishoni bilan, Oʻzbekiston SSR Maorif vazirining 1984-yil 24-avgustdagi 16/10-son qaroriga asosan „Oʻzbekiston SSR xalq taʼlimi aʼlochisi“ koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan.

Manbalar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz