Vengriya parlamenti binosi




Vengriya parlament binosi (veng.: Országház [ˈorsaːkhaːz], lugʻaviy maʼnosi „Mamlakat uyi“ yoki „Millat uyi“) – Budapesht parlamenti sifatida ham tanilgan. Bino Vengriya Milliy Assambleyasining qarorgohi, Vengriyaning diqqatga sazovor joylaridan biri va Budapeshtdagi mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Dunayning sharqiy qirgʻogʻida, shaharning Pest tomonidagi Kossuth maydonida joylashgan. Parlament binosi vengriyalik meʼmor Imre Steindl tomonidan neogotik uslubda loyihalashtirilgan va 1902-yilda ishga tushirilgan. Qurib bitkazilganidan buyon bu bino Vengriyadagi eng katta bino boʻlib kelmoqda.

Tarixi




Budapesht shahri 1873-yilda uchta shahar: Buda, Obuda va Peshtning birlashuvidan hosil boʻldi. Oradan yetti yil oʻtgach, Vengriya Parlamenti xalq suverenitetini ifodalovchi yangi, vakillik parlamenti binosini tashkil etishga qaror qildi. Bino Dunay daryosiga qaragan boʻlishi rejalashtirilgan edi. Bino loyihasini shakllantirish uchun meʼmorlar oʻrtasida xalqaro musobaqa oʻtkazildi va bunda Imre Steindl gʻolib boʻldi; musobaqadagi yana ikkita raqobatchining loyihalari keyinchalik Budapesht Etnografiya muzeyi va Vengriya Qishloq xoʻjaligi vazirligi koʻrinishida amalga oshirildi va bu ikkala bino ham parlament binosiga qaratib qurildi. Steindlning taklifi tanlanganining sabablaridan biri shunda ediki, uning neo-gotik uslubdagi rejalari Londondagi Westminster saroyiga juda oʻxshash edi. 19-asrdagi vengriyaning yetakchi siyosatchilari mamlakatning yangi parlament binosi Gʻarbiy Yevropaga, xususan, Vengriya islohotchilari siyosiy namuna sifatida qaraydigan Buyuk Britaniyaga boʻlgan sadoqatini ifodalashini juda muhim deb topdilar. Musobaqada gʻalaba qozongan bino loyihasi boʻyicha qurilish 1885-yilda boshlangan va bino 1896-yilda mamlakatning taxminiy 1000 yilligida ochilgan. Binoning kalitlari 1902-yilda topshirildi, Biroq, u 1904-yilga qadar toʻliq qurib bitkazilmagan edi. Binoning meʼmori dastlab koʻr boʻlib qoldi, keyin esa bino qurilishi tugamasdan vafot etdi.

40 million gʻisht, yarim million qimmatbaho toshlar va 40 kg (88 lb) oltin ishlatilgan bino qurilishida 100 mingga yaqin odam qatnashdi. Ikkinchi jahon urushi davrida qonun chiqaruvchi organ bir palatali boʻldi va bugungi kunda hukumat binoning faqat kichik bir qismidan foydalanadi. Vengriya Xalq Respublikasi davrida bino gumbazi tepasida qizil yulduz joylashgan edi, ammo u 1990-yilda kommunizm qulagandan keyin olib tashlandi. Mátyás Szűrös 1989-yil 23-oktyabrda binoning Kossuth Lajos maydoniga qaragan balkonidan Vengriya Respublikasi tashkil topganligini eʼlon qildi.

Tuzilishi




Parlament binosi neogotika uslubida qurilgan; nosimmetrik fasad va markaziy gumbazga ega. Bino gumbazi Uygʻonish davri arxitekturasi] namunasidir. Parlament ham asosan ichki tomondan simmetrik boʻlib, binoning qarama-qarshi tomonlarida ikkita bir xil parlament zallari joylashgan. Ikki zaldan biri bugungi kunda Vengriya Milliy Assambleyasi sessiyalari uchun, ikkinchisi marosimlar, konferensiyalar va ekskursiyalar uchun ishlatiladi. Binoning uzunligi 268 m (879 ft), kengligi esa 123 m (404 ft) ni tashkil qiladi. Uning ichki qismi 10 ta hovli, 13 ta yoʻlovchi va yuk liftlari, 27 ta darvoza, 29 ta zinapoya va 691 ta xonalarni (200 dan ortigʻi ofislar) oʻz ichiga oladi. 96 m (315 ft) balandligi bilan, parlament binosi 2021-yilda MOL kampusi qurib bitkazilgunga qadar Avliyo Stephen cherkovi bilan birga Budapeshtdagi ikkita eng baland binolardan biri boʻlgan. Bino balandligining 96 boʻlishi, 896-yilda Vengriya Qirolligining soʻnggi gʻalabasi va 1896-yilgi milliy ming yillikni anglatadi.

Binoni asosiy fasadi Dunay daryosiga qaraydi, lekin rasmiy asosiy kirish binoning sharqiy tomonidagi maydondan. Ichki va tashqi devorlarida jami 242 ta haykal mavjud. Fasadda Vengriya hukmdorlari, Transilvaniya rahbarlari va mashhur harbiy arboblarning haykallari oʻrnatilgan. Derazalarda qirol va gersoglarning gerblari tasvirlangan. Sharqiy zinapoyaning ikki yon tomonida ikki sher haykallari oʻrnatilgan. Parlamentga kirishda mehmonlar ajoyib bezakli zinapoyalardan koʻtarilishlari, shiftdagi freskalarni koʻrishlari va devor tokchasidagi meʼmor Imre Steindl byusti yonidan oʻtishlari mumkin. Boshqa haykallar orasida Arpad, Stephen I va Jon Hunyadi haykallarini taʼkidlash mumkin. Binoda Miksa Roth tomonidan ishlangan vitraj va shisha mozaikalar mavjud.

Binoning mashhur qismlaridan biri olti burchakli (oʻn olti qirrali) markaziy zal boʻlib, unga yirik palatalar: Quyi va Yuqori palata tutashgan. Hozirgi Milliy Assambleya bir palatali boʻlib, Quyi palatada yigʻiladi, yuqori palata esa konferensiya va majlislar zali sifatida ishlatiladi. Vengriya gerbida ham tasvirlangan Muqaddas Vengriya toji 2000-yildan beri markaziy zalda namoyish etib kelinmoqda. Katta yuzasi va toʻliq qoʻl mehnati tufayli bino deyarli har doim taʼmirlab turiladi.

Kirish yoʻli va qoʻshni binolar



Parlamentga Budapesht metrosining 2-liniyasi va Kossuth Lajos maydoni stantsiyasidan 2-tramvay liniyasi orqali kirish yoʻli mavjud. Binoning sharqiy old tomonida 1956-yilgi Vengriya inqilobiga bagʻishlangan yodgorlik, shuningdek, haybatli Kossuth yodgorligi va Frensis II Rakoczi otliq haykali joylashgan. Attila Jozsefning „Dunay boʻyida“ sheʼrida tasvirlangan oʻtirgan haykali janubiy maysazorda joylashgan. Imre Nagy haykali bilan Kossuth maydoniga yaqin joyda shahidlar maydoni (Vértanúk tere) joylashgan.

Pochta markalari



Bino 1917-1921-yillarda Vengriya tomonidan chiqarilgan 50 dan ortiq pochta markalarida aks ettirilgan. Ulardan baʼzilari: 1917, 1919, 1920-yil 15-aprel va 1921.

Tasvirlar



Ichki




Tashqi




Pochta markalari tasvirlari




Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz