Venessuela
Venesuela (Venezuela), Venesuela Bolivar Respublikasi (República Bolivariana de Venezuela) — Janubiy Amerikaning shimoliydagi davlat. Shimolidan Karib dengizi va Atlantika okeani bilan oʻralgan. Mayd. 912,1 ming km. Aholisi 28.2 mln. kishi (2022). Poytaxti — Karakas shahri. Maʼmuriy jihatdan federal (poytaxt) okrug, 22 shtat, 72 federal hududga boʻlingan.
Davlat tuzumi
Venesuela — federativ respublika. Amaldagi konstitutsiya 1999-yil 30 dekabrdan kuchga kirgan. Davlat va hukumat boshligʻi — prezident (1999-yil fevral dan Ugo Rafael Chaves Frias). U 6 yilga saylanadi, ketma-ket ikkinchi marta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — Milliy assambleya; u aholi tomonidan umumiy toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yilga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati
Venesuela hududi relefiga koʻra 3 qismdan iborat: shimoli-gʻarb va shimolida And togʻlarining bir qismi — Serrade-Perixa va Kordilera-de Merida togʻlari (Bolivar choʻqqisi, 5007 m), markazida Orinoko tekisliklari (Lyanos Orinoko) — bal. 40–150 m gacha boʻlgan allyuvial pasttekislik va janubi-sharqda Gviana yassitogʻligi — denudatsion tekislik (300–400 m) bor. Venesuelaning asosiy qazilma boyligi neft (Venesuela chekka bukilmasi va Marakaybo botigʻida) va gaz; temir rudasining yirik konlari, marganes rudasi, olmos, oltin, nikel va volfram konlari ham bor.
Iqlimi issiq subekvatorial boʻlib, yezda yogʻin koʻp yogʻadi, qishi quruq, janubi-gʻarbda esa iqlimi ekvatorial, nam. Oylik oʻrtacha temperatura 25° dan 29° gacha, shimoli-gʻarbda 280 mm, markaziy qismida 750–1200 mm, janubi-sharqda 2000 mm gacha va janubi-gʻarbda hamda Kordilera-de Meridaning shimoliy yon bagʻirlarida 2000–3000 mm gacha yogʻin yogʻadi. Daryolari koʻp, asosan Orinoko daryosi havzasiga kiradi; Orinokoning yuqori oqimi va uning oʻng irmoqlari (Ventuari, Kaura, Karoni va b.) serostona, juda koʻp sharsharalar hosil qiladi (dunyoda eng baland Anxel sharsharasi — 1054 m Venesuela hududida), chap irmoqlarida kema qatnaydi. Eng yirik koʻli — Marakaybo kuli. Qizil laterit (ferrallit va ferrit) tuproqlar koʻproq uchraydi, janubi-sharqiy va jan-.da podzollashgan laterit, Quyi Lyanosning shimolida va Marakaybo pasttekisligining janubida oʻtloqi-oʻrmon va botqoq tuproqlar tarqalgan. Venesuela hududining yarmidan koʻpi oʻrmon, doimiy yashil oʻrmonlarda qimmatbaho daraxtlar oʻsadi, baland togʻlarda oʻtloqlar bor. Lyanosda savannalar, pasttekisliklarida mangra chakalakzorlari koʻp. Milliy bogʻlari: Kanayma, Serraniya-la-Neblina, Xaua-Sarisarinama va b.
Hayvonot dunyosi juda boy. Bu yerda maymunlar, mayda bugʻular, yalqov chumolixoʻr, zirhlilar va b. hayvonlar yashaydi. Qushlardan qora tumshuqli qoʻton, katta shaftolixoʻr, toʻti, kolibrilar bor. Daryolarda kayman (timsoh) va elektrik ilonbaliqlar koʻp.
Aholisi
Asosan, venesuellar (90%). Venesuelaning janubida yarim koʻchmanchi indeys qabilalari, sharqsa, Orinoko deltasida varrau, gʻarbda, Kolumbiya chegarasida chibcha, karib va aravak qabilalari yashaydi. Davlat tili — ispan tili. Dindorlar asosan katoliklar. Shahar aholisi 84%. Yirik shaharlari: Karakas, Marakaybo, Barkisimeto, Valensiya va b.
Tarixi
Kadim zamonlardan Venesuela hududida aravak, karib va b. mayda shevalarda gaplashadigan indeys qabilalari yashagan. Bu qabilalar ibtidoiy-jamoa tuzumining turli bosqichlarida boʻlib, ovchilik, baliqchilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan. 1498-yil X. Kolumb Venesuela sohillariga kirib kelgan. 1499-yil ispanlarning A. de Oxeda ekspeditsiyasi Venesuela qirgʻoqlarini Marakaybo qoʻltigʻigacha tekshirganida indeyslarning suvda qoziqlar ustiga qurilgan turar joylarini koʻrib, bu diyorni Venesuela (kichik Venesiya) deb atashdi. 16-asr boshlarida ispanlar Venesuela ni bosib oldi. 1810-yil Venesuelada mustaqillik uchun kurash boshlandi. Bu kurashga F. Mirando, keyinchalik S. Bolivar rahbar boʻldi. Natijada 1811-yil Venesuela mustaqillikka erishdi. 1819-yil Venesuela Buyuk Kolumbiya Respublikasi tarkibiga kirdi. 1830-yildan Venesuela — mustaqil davlat. 19-asrning 2-yarmidan mamlakatga chet el kapitali suqilib kirdi. 1913-yilda neft konlari ochildi. Neft chiqarishning tez surʼatlar bilan oʻsishi natijasida ishlab bsruvchi sanoatning bir qancha tarmoqlari paydo boʻldi, bu esa mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotiga hal qiluvchi taʼsir qildi. 1947-yil general Medina Angarita harbiy rejimi agʻdarilgach, atoqli yozuvchi Romulo Galegos mamlakat prezidenti boʻlib qoldi. Galegos hukumati chet el neft kompaniyalari daromadlaridan davlat foydasiga olinadigan soliqni koʻpaytirdi, bu kompaniyalarning faoliyatini cheklaydigan bir qancha tadbirlar koʻrdi, sanoatda davlat sektorini yaratish, agrar islohot oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ana shu tadbirlar, shuningdek Venesuelaning siyosiy mustaqillikka erishish yUlidagi harakati chet el monopoliyalarining noroziligiga sabab boʻldi. 1948-yil noyabrda bir guruh zobitlar chet el monopoliyalari yordamida davlat toʻntarishi oʻtkazdi. Peres Ximenes 1952-yilda mustabid diktatura rejim i oʻrnatdi. P. Ximenes hukumati davrida (1952—58) Venesuela iqtisodiy asoratga tushdi. Biroq mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar birlashib, diktaturaga qarshi qurolli qoʻzgʻolon koʻtardi va 1958-yil yanvarda Ximenes hukumati agʻdarildi. Bu gʻalaba natijasida mamlakatda demokratik yoʻldan borish, mehnatkashlarning eng muhim talablarini qondirish imkoniyati tugʻildi. Biroq prezident R. Betankur hukumati milliy mustaqillikni himoya qilish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish kerak desada, amalda reaksion kuchlarga yon berish siyosatini yuritdi. R. Betankurning reaksion siyosatidan mamlakatdagi barcha siyosiy guruhlar norozi edi. 1963-yildekabrda saylangan prezident R. Leoni hukumati ana shuni hisobga olib, ichki va tashqi siyosatda juda ustalik bilan ish tuta boshladi. Biroq bu siyosat oʻz mohiyatiga koʻra, millat manfaatiga zid siyosat boʻlganidan mamlakatda ilgʻor kuchlarning qarshiligi kuchaya bordi. 1968-yil aprel da hukmron "Demokratik harakat" partiyasida parokandalik roʻy berdi va u 1968-yil prezident saylovida magʻlubiyatga uchradi. 1968-yil prezident saylovida Sotsial-xristian partiyasining rahbari R. Kaldera gʻalaba qozonib, 1969— 74 yil lardagi muddatga davlat boshligʻi qilib tayinlandi. Shundan keyin ham Venesuelada davlat prezidenti bir necha marta oʻzgardi. Venesuela 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1996-yil 26 aprelda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 5 iyul — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1811).
Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari
Demokratik harakat, 1941-yilda asos solingan; Xalq saylov harakati, 1967-yil da tuzilgan; Milliy konvergensiya, 1993-yilda asos solingan; Respublikachi demokratik ittifoq, 1946-yilda tuzilgan; Sotsial-xristian partiya, 1946 yda tuzilgan; Sotsializm uchun harakat, 1971-yil tuzilgan; Venesuela Kommunistok partiyasi, 1931-yil tashkil etilgan; Radikal ish partiyasi; Beshinchi Respublika harakati, 1997-yil asos solingan; Soʻl inqilobiy harakat, 1960-yil tuzilgan. Kasaba uyushmalari: Venesuela mehnatkashlari yagona markazi, 1963-yilda tuzilgan; Venesuela mehnatkashlari konfederatsiyasi, 1936-yil da tashkil etilgan.
Xoʻjaligi
Venesuela — Lotin Amerikasida iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlardan biri. Uning xoʻjaligi neft qazib olish va uni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Bu sohada Venesuela dunyoda oldingi oʻrinlardan birida turadi. Davlat neft va gaz sanoati, elektr energetika, temir ruda qazib chiqarish va neft kimyosi tarmoklarini oʻz ixtiyoriga olgan. Venesuela yalpi mahsulotida sanoat 48% ni, xizmat koʻrsatish tarmogʻi 45 % ni, qishloq xoʻjaligi 7% ni tashkil etadi.
Sanoati
Mamlakat valyuta tushumlarining 90% dan koʻprogʻini neft sanoati taʼminlaydi. Neftni qayta ishlovchi 12 zavod yiliga salkam 80 mln. tonna neftni qayta ishlaydi. Shuningdek tabiiy gaz, yuqori sifatli temir rudasi, boksit, marganes, nikel, oltin, olmos, toshkoʻmir ham qazib olinadi. Yiliga 61 mlrd. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi (yarmidan koʻpi GES larda). Kimyo va neft kimyosi sanoati, avtomobilsozlik, qora metallurgiya rivojlangan. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, charmpoyabzal, qogʻoz, sement sanoati korxonalari bor. Asosiy sanoat markazlari: Karakas, Marakaybo, Valensiya, Marakay, Puerto-Kabelo, La-Guayra.
Qishloq xoʻjaligi
Iqtisodiy faol aholining 12 % ga yaqini shu sohada band. Yirik yer egaligi ustun. Yer maydonining 2% ga yaqini ishlanadi. Yaylov va oʻtloqlar 18%, boshqa yerlar 80%. K-x. mahsulotlari qiymatining yarmi dehkonchilikka toʻgʻri keladi. Ammo u mamlakatning oziqovqatga boʻlgan ehtiyojini qondirmaydi. Dehqonchilik asosan togʻ yon bagʻirlarida va dengiz sohillarida rivojlangan. And togʻlaridagi oʻrmonlarni kesish va yondirish yoʻli bilan ham yer ochib dehkonchilik qiladilar. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: makkajoʻxori, sholi, kofe, kakao. Bundan tashqari kartoshka, dukkakli ekinlar, shakarkamish, sugʻoriladigan yerlarda paxta ham yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki boqiladi. Karakas, Marakaybo atroflarida yirik sutchilik fermalari bor. Ammo aholining sutga boʻlgan ehtiyoji faqat 50 % qondiriladi. Dengiz va daryolarda baliq ovlanadi.
Transporti
Ichki yuk tashishning 90% ga yaqini avtomobil transportiga toʻgʻri keladi. Avtomobil yoʻllarining uz. 101 ming km, temir yoʻl larning uz. 336 km. Dengiz savdo floti mavjud. Asosiy portlari — La-Salina, Puerto-Kabelo, Marakaybo, Amuay, Punta-Kardon. Chetga chiqariladigan mahsulotlarning 9/10 qismini neft va neft mahsulotlar tashkil etadi; shuningdek alyuminiy, temir rudasi, prokat, kimyoviy mahsulotlar, mineral xom ashyo, oltin ham chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, ehtiyot qismlar, oziq-ovqat mahsulotlari, doridarmon, transport vositalari, bugʻdoy, makkajoʻxori, sut mahsulotlari oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSH, Braziliya, Germaniya, Kanada, Italiya, Yaponiya va b. Pul birligi — bolivar.
Tibbiy xizmatga
Venesuela Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbarlik qiladi. Davlat davolash muassasalarida bepul tibbiy xizmat koʻrsatiladi, xususiy shifokorlar ham bor. Mamlakatdagi kasalxonalarda 40 mingga yaqin oʻrin bor. 15 ming shifokor xizmat koʻrsatadi. Shifokorlarni universitetlarning 7 fakulteti tayyorlaydi.
Maorifi, ilmny va madanvy-maʼrifiy muassasalari
Mamlakatda 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga bepul majburiy taʼlim beriladi. Boshlangʻich maktabda 6 yil, oʻrta maktabda (litseyda) 5 yil oʻqitiladi. Xususiy maktablar ham bor. Karakasda Markaziy universitet, Valensiya, Marakaybo, Merida shaharlarida universitetlar mavjud. Milliy til akademiyasi (1882), tibbiyot akademiyasi (1904), bOdan ortiq ilmiy tadqiqot muassasasi va 60 ilmiy jamiyat, Karakasda Milliy kutubxona (1883), Tasviriy sanʼat, tarix va S. Bolivar muzeylari bor.
Matbuoti, radioeshittirish va telekoʻrsatuvi
Venesuelada nashr etiladigan yirik gaz.lar: "Nasional" ("Millat", 1943-yildan), "Universal" (1909-yildan), "Ultimas notisias" ("Soʻnggi xabarlar", 1941-yildan), "Mundo" ("Jahon", 1958-yildan). Yirik jurnallari: "Momento" ("Lahza", 1959-yildan), "Elite" ("Elita", 1925-yildan). Venpres hukumat axborot agentligi 1975-yilda tuzilgan; "Innak" xususiy axborot agentligi 1958-yildan beri ishlaydi. Radioeshittirish 1930-yildan (asosan ispan tilida), telekoʻrsatuvlar 1952-yildan olib boriladi. Bir qancha radio va telestansiyalar bor. Radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarni Venesuela Milliy radiosi va Venesuela Milliy televideniyesi nazorat qiladi.
Adabiyoti
Ispanlar bosib olguncha boʻlgan indeyslarning xalq ogʻzaki ijodi namunalari saqlanib qolmagan. Yozma adabiyot asosan ispan tilida rivojlana boshladi. 19-asr boshlarida hajvchi Venesuela Salias, shoir X. A. Montenegro, dramaturg X. D. Dias, publitsistlar F. Miranda va S. Bolivar asarlarida maʼrifatparvarlik gʻoyalari aks etdi. Venesuela mustaqillikka erishgandan keyingi yangi adabiyotning shakllanishida shoir va olim Andreas Beloning maʼrifatparvarlik ruhida yozilgan "Poeziyaga murojaat", "Tropik dehqonchilik sharafiga" poemalari muhim rol oʻynaydi. 19-asrning 2-yarmidan Venesuela adabiyotida romantizm hukmronlik qildi. Bu oqimning X. P. BoNalde, X. R. Yenes, X. Kalkano kabi namoyandalari ijodida Yevropa va Amerika romantizmi asarlariga taqlid kuchli. 19—20-asrlar chegarasida naturalizm va modernizm oqimlari paydo boʻldi. Demokratik va inqilobiy harakatlar taʼsirida tanqidiy realizm rivojlandi. Mamlakatdagi ijtimoiy ziddiyatlar, mehnatkashlarning qashshoq hayoti R. Galegos ("Salar oilasidan oxirgi kishi", 1920; "Donya Barbara", 1929; "Qashshoq negr", 1937), R. D. Sanches ("Neft", 1936), M. O. Silva ("Bezgak", 1939;"Boʻsh qolgan uylar", 1957) kabi yozuvchilar ijodida oʻz ifodasini topdi. G. L. Karreri "Mening eʼtirozim" (1962) hikoyalar toʻplamida, E. Subero "Zulmatda" (1963), E. Kolombani "Bugun xitob qilaman" (1963) kitoblarida xalq ommasining norozilik kayfiyati va kurashlarini aks ettirdilar. Taraqqiyparvar adiblar tinchlik, demokratiya yoʻlida barakali ijod etmoqdalar.
Meʼmorligi va tasviriy sanʼati
Palma shohlari yopilgan kulbalar indeyslarning turar joylari boʻlgan. 16-asrdan boshlab ispanlar tomonidan shaharlar bunyod etila boshlandi. 18-asrda Venesuela shaharlarida binolar, asosan, shahar maydoni atrofida (barokko uslubida) qurildi. La-Guayra, PuertoKabelo, Karakas va b. shaharlarda ikki qavatli turar joy, savdo, maʼmuriy binolar hamda ibodatxonalar qurilishi avj oldi. 19—20-asrlarda Venesuelada Yevropa usulida qurilgan koʻp qavatli har xil meʼmoriy inshootlar qad koʻtardi. L. Urdaneta, R. Garema, G. Bermudes kabi meʼmorlar yetishdi. Qurilish, asosan, Karakasda rivojlandi. Lotin Amerikasining mashhur meʼmori K. R. Vilyanueva ishtirokida Venesuelada universitet shaharchasi va b. binolar qurildi. Zamonaviy meʼmorlik temir-beton konstruksiyalar asosida rivojlandi.
Venesuela hududida ispanlar bosib olgunga qadar indeyslar kulolchiligi va qoya rassomligi rivojlangan edi. 17—18-asrlar rassomligi va haykaltaroshligi asosan diniy harakterda. 19-asr boshlarida mahalliy portret sanʼati vujudga keldi (X. Lovera). 19-asr oʻrtalarida ozodlik harakatining taʼsirida vatanparvarlik ruhidagi tarixiy haykaltaroshlik (M. Gonsales, E. Palasiosi-Kavelo) va rassomlik (M. Tovari-Tovar, A. Michelena) rivojlandi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida janrchi A. Michelena, romantik K. Roxas, manzarachi F. Brandt, impressionizm vakillari — E. Boggio, R. Monasterios kabi rassomlar ijod qildilar. Venesuela sanʼatida realizm bilan bir qatorda modernizm oqimlari ham tarqalgan.
Teatri
Karakasda 16-asr dan boshlab teatr tomoshalari ora-sira koʻrsatila boshladi. 1853-yil Marakayboda birinchi milliy komediya ("Vijdonsiz, baxil va dangasa", M. Fernandes) sahnalashtirildi. 19-asrning oxiri — 20-asrning birinchi yarmida Venesuela dramaturgiyasidagi jonlanish teatr sanʼatida ham oʻz aksini topdi. 50-y. larda bir necha teatr maktablari ochildi. Karakasda Komediya teatri, "Teatr munisipal", "Teatro nasonal", "Poliedro", "Ateneo" va b. teatrlar bor. Marakaybo, Barkisimeto, Merida kabi shaharlarda ham teatrlar mavjud. I. Gramko, S. Renxifo, V. Franko, I. Chokron va b.ning pesalari qoʻyiladi. A. de Pasi-Mateos, K. Ortis, A. Lopes, N. Kuriyel, X. Torres va b. teatr arboblari mashhur. 1959-yildan Venesuela teatri festivali oʻtkazib turiladi.
Kinosi
Venesuelada birinchi film ("Karakasda karnaval") 1909-yil suratga olingan. Milliy kino sanʼati esa 20-asrning 30-y.larida yuzaga keldi. 1948— 54 yillarda Karakasda "Bolivar film" kinostudiyasi ishladi. Bir necha kinoprokat firmasi bor. Venesuelada yiliga 2—3 toʻla metrajli film ishlab chiqariladi. Venesuelada tayyorlangan "Morena Klara" koʻp qismli badiiy filmi Oʻzbekiston televideniyesi orqali bir necha marta namoyish etildi. S. Enrikes, U. Petersen, M. Lara, R. Chalbaud, A. Roxas, E. Fernani, E. Montexo Venesuelaning mashhur kino arboblaridir.
Venesuelaning Oʻzbekiston Respublikasidan geografik jihatdan olisligi sababli ular oʻrtasidagi savdoiqtisodiy aloqalar endigina rivojlana boshladi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 1997-yilda atigi 0,2 ming AQSH dollarini tashkil ztdi.
Manbalar
uz.wikipedia.org