Venalar
Venalar (lotincha: vena — vena, koʻk qon tomir) — venoz qonni (karbonat angidrid bilan toʻyingan) aʼzo va toʻqimalardan yurakka olib keluvchi kon tomirlar (oʻpka venalari bundan mustasno, ular arterial qon tashiydi). Odamda uchta venalar tizimi mavjud. Yuqori kovak vena gavdaning yuqori yarmi (bosh, boʻyin, qoʻl va koʻkrak)dan yurakka qon keltiradi, pastki kovak vena gavdaning pastki yarmi (oyoq, chanoq, yonbosh, qorin boʻshligʻidagi juft aʼzolar va jigar)dan yurakka qon oʻtkazadi; darvoza (qopqa) vena qorin boʻshligʻidagi (jigardan boshqa) toq aʼzolardan jigarga venoz qon keltiradi va jigardan tozalanib chiqqan qon pastki kovak venaga, gavdaning hamma qismidan keladigan qon esa yurakning oʻng boʻlmasiga quyiladi. Kislorodi kamaygan, toʻqimalarda moddalar almashinuvida hosil boʻlgan chiqindilar, karbonat angidrid (SO2) bilan toʻyingan (venoz) qon kovak venalar orqali yurakka boradi. Oʻpkada karbonat angidrid gazidan tozalanib, kislorod bilan toʻyingan (arterial) qon oʻpka venalari orqali yurakning chap boʻlmasiga quyiladi. Venalar devori arteriya devoriga qaraganda yupqaroq, elastik toʻqimasi va muskullari ham kamroq boʻlgani uchun bu tomirlar osongina puchayadi va yoriladi. Koʻpchilik venalarda qopqoqlar (klapanlar) borligi uchun qon oqimi faqat yurakka yoʻnaladi, teskari oqa olmaydi. Venalarda qon arteriyalardagiga nisbatan sekin oqadi. Har bir arteriya yonida ikkitadan vena bor. Teri osti arteriyalari yonida venalar boʻlmaydi. Baʼzi kovak aʼzolar (bachadon, toʻgʻri ichak, qovuq va b.) atrofida venalar juda koʻp boʻlib, ular hatto vena chigalini hosil qiladi. Organizmdan qon chiqarish, dori yuborish, qon quyishda teri ostidagi venalar (koʻpincha tirsak venasi, yosh bolalarda boʻyinturuq venasi)dan foydalaniladi. Venalar kasalliklaridan venalarning varikoz kengayishi, tromboflebit koʻproq uchraydi.
Yana q.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org