Velaskes




Velaskes , Rodriges de Silva Velaskes (Rodrigues de Silva Velasquez) Diyego (1599.4 yoki 5.6, Sevilya — 1660.6.8, Madrid) — ispan rassomi, jahon realistik sanʼatining yirik namoyandasi. V. asarlari dadil, anik, kuzatishlari, yaratayotgan harakterini chuqur bilishi, uygʻunlikni oʻtkir his etishi, nozik va boy koloriti b-n ajralib turadi. Dastlab xalq maishiy hayotidan lavhalar yaratgan ("Nonushta", taxminan 1617; "Suv sotuvchi", taxminan 1620 va b.). 1623 y.dan Madridda saroy rassomi. Qirol toʻplamlari (koʻproq Titsian asarlari)ni oʻrganish hamda P. Rubens b-n uchrashuv V. mahoratini kamolga yetkazdi, dunyoqarashini chuqurlashtirdi. V. oʻz davri sanʼatida hukm surgan shartlilikni dadil buzib, mavjud hayotni boricha aks ettiruvchi keng umumlashma mazmunli asarlar yaratish yoʻllarini izladi. "Breda qalʼasining taslim boʻlishi" (1634) asari Yevropa sanʼatida tarixiy janrda yaratilgan muhim realistik asar boʻlib, unda insoniylik, gʻolib va magʻlublar oʻrtasidagi axloqiy munosabatlar xolisona yoritilgan.

V.ning portret ustasi sifatida shakllanishida saroy hayoti muhim rol oʻynadi, insonni chuqur oʻrganishga, gerdaygan va sovuq iltifot niqobi ostiga yashiringan qalb holatiga kirib borishga oʻrgatdi. Portretlar ("Gersog Olivares", "Infant Baltasar Karlos", 1634— 35), saroy ahli, doʻstlari, shogirdlarining bel va koʻkrak qismigacha tasvirlangan qiyofalarini yaratdi. "Venera oyna qarshisida" (1651) asarida yangicha kompozitsiya yechimini topgan. "Medichilar villasi" (1650—51) va b. asarlarida tabiatning yaxlit tasviriy obrazlarini yaratgan. Hayotining soʻnggi yillarida mashhur "Las Meninas" (1656), "Charxchilar" (1657) kabi asarlari dunyoga keldi.

Diego Rodríguez de Silva y Velázquez (talaffuzi: Diego Rodriges de Silva i Velaskes; 6 iyun, 1599 – 6 avgust, 1660) ispan musavviri boʻlgan. U barokko davriga oid portretchi rassom edi. Qator tarixiy va madaniy sahnalarni chizish bilan birga, u ispan va boshqa Yevropa zodagonlarining portretlarini solardi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz