Vayangan bobo maqbarasi




Vayangan bobo maqbarasi  — XVI hamda XIX asrlarga oid tarixiy obyekt. Obyekt Shovot tumani, Choʻqli qishlogʻi, Ogahiy mahallasida joylashgan boʻlib, maqbara Vayangan qalʼasi atrofidagi qabriston hududida bunyod etilgan.

Vayangan bobo maqbarasi davlat mulkiga tegishli. U Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida „Vaqf“ xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi bilan berilgan.

Qurilish tarixi



Maqbara hududi miloddan oldingi II—IV asrlarga mansub boʻlgan Vayangan qal’asi (shahri) oʻrnida joylashgan. Vayangan ancha qadimiy shahar boʻlib, „Goʻroʻgʻli“ dostonida shu qal’a nomi tilga olingan. Vayangan ismli kishi shaharni mudofaa qilgan avliyo ekanligi haqidagi rivoyatlar ham mavjud. Keksa avlod vakillarining soʻzlariga koʻra, bu qalʼani Gʻavsul Aʼzam Javloniyning oʻgʻli Voyangan qurdirganligi sababli maqbara uning nomi bilan atalib kelinadi. Voyangan bobo vafot etgandan soʻng uni shu qalʼa atrofiga dafn etishgan. Xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning qabri ustiga Xiva xoni Olloqulixon davrida maqbara qurilgan. Maqbara devorlarining tabiiy nurashi va XX asrning 40—60-yillaridagi sovet hokimiyati tomonidan yuritilgan ateistik targʻibot tufayli maqbara qarovsiz qolib vayrona holatga kelib qolgan.

OʻzSSR Ministrlar Sovetining 1973-yil 21-dekabr № 539 qarori bilan obida davlat muhofazasiga olingan. 1988-yili Vayangan bobo maqbarasi tubdan rekonstruksiya qilingan va asl holiga keltirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin turli homiylarning tashabbusi va amaliy yordami nartijasida maqbara binosida keng koʻlamli taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Maqbara yaqinida tuzli kichik koʻl mavjud boʻlib, odamlar uni turli kasalliklarga shifo ekanligiga ishonib kelishadi va har yili shifo izlab tashrif buyirishadi.

Yana qarang




Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz