Vatvot
Vatvot , Rashididdin, Rashid [taxalluslari (Vatvot — koʻrshapalak, uchar sichqon, adibning jussasi kichikligiga ishora); asl ismi Muhammad bin Abduljalol al-Umariy] (1087, Balx — 1177 yoki 1183, Xorazm) — shoir, adabiyotshunos olim. Balxning "Nizomiya" madrasasida taʼlim olgan, falsafa, adab haqidagi ilmlarni chuqur oʻrgangan. Keyinchalik Xorazmga kelib, Xorazmshoh Otsiz (1127—56) sa-royida ijod qilgan. "Saʼd-al-mulk" ("Mamlakat baxti") faxriy unvoniga sazovor boʻlgan. Fors va arab tillarida yozgan. Gʻazal, ruboiy, qitalarida adolat, odamiylik, insoniy muhabbatni ulugʻlagan. Qasidalari xorazmshohlarga bagʻishlangan. Sheʼriyat nazariyasiga oid "Hadoiq as-sehr fi daqoiq ash-sheʼr" ("Sheʼriy nozikliklardan sehr bogʻlari") asari 1156-yilgacha Xo-razmda yozilgan. Unda tajnis, sajʼ, zulqofiyatayn, maqlubi mustavi, savoljavob kabi sheʼriy sanʼatlar haqida soʻz yuritilgan. Asar keyingi davr shoir va adabiyot olimlariga qoʻllanma sifatida xizmat qilgan. Adabiyotshunos Sharafiddin Romiy (14-asr) bu asarga "Hadoiq al-haqoyiq" ("Xaqiqat bogʻlari") nomli sharh yozgan. Shams Qays Roziy, Ataulloh Xusayniy sheʼriy sanʼatlar haqidagi asarlarida unga murojaat qilganlar. Bobur ham "Muxtasar" risolasida V.ni tilga olgan.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org