Vasiliy Sovpel




Vasiliy Dmitriyevich Sovpel (belaruscha: Васіль Дзмітрыевіч Соўпель; 1999-yil 23-mart) — belaruslik futbolchi, Qozogʻistonning „Kaysar“ klubi yarim himoyachisi.

Karyerasi



Yoshlik yillari



Vasiliy Sovpel oʻzining futbolchilik faoliyatini „MTZ-RIPO“ klubida boshlagan. Klub tarqatib yuborilgach, futbolchi oʻyinlarini davom ettirish uchun Polshaning „Legiya“ jamoasiga yoʻl oladi. Shuningdek, u „Lugano“, „Monza“, „Frankavilli“ kabi klublar akademiyalari sinov-mashgʻulot oʻyinlarida ham ishtirok etgan boʻlib, 2018-yilga kelib Minskning „Dinamo“ klubi jamoasi eʼtiboriga tushadi.

„Chist“



2018-yilning avgust oyida Vasiliy Sovpel „Chist“ klubiga ijaraga olinadi. Futbolchi klubdagi debyut oʻyinini 2018-yilning 25-avgustida „Slonim“ jamoasiga qarshi oʻtkazadi va oʻyinning 75-daqiqasida zaxiradan maydonga tushadi. Sovpel oʻyinlardagi ilk golini 2018-yilning 15-sentyabr kuni „Granit“ jamoasi darvozasiga kiritadi. Futbolchi jamoaning asosiy oʻyinchilaridan biri hisoblanar edi, biroq jamoa ikkinchi liga oʻyinlariga tushib ketgach, futbolchi klubni tark etishga majbur boʻladi.

„Energetik-BGU“



2019-yil yanvar oyida Sovpel „Energetik-BGU“ klubiga koʻchib oʻtadi. U klubdagi debyut oʻyinini 2019-yilning 13-aprelida „Gomel“ jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Sovpel oʻzining jamoadagi ilk golini 2019-yilning 28-iyulida Belarus kubogi doirasidagi „Arsenal“ klubiga qarshi kechgan o‘yinda kiritishga muvaffaq boʻladi. Chempionatdagi ilk golini esa 2019-yil 1-dekabrda „Dnepr“ jamoasiga qarshi bahslarda raqib darvozasiga kiritadi.

2020-yilning yanvar oyiida Sovpel klub bilan shartnomasini uzaytiradi. Futbolchi oʻyinlarda tez-tez maydonga tusha boshlaydi va asosiy oʻyinlarda ishtirok etadi, lekin shunga qaramay, asosan, zaxira oʻyinchisi boʻlib qolaveradi. 2020-yil 26-iyun kuni „Slaviya“ ga qarshi kechgan o‘yinda futbolchi dubl qayd etadi. 2021-yilning yanvar oyida esa futbolchi yana klub bilan shartnomani uzaytiradi. Yangi mavsum oʻyinlarida ham futbolchi, asosan, zahiradan maydonga tushiriladi.

„Andijon“



2021-yil iyul oyida Sovpel O‘zbekistonning „Andijon“ klubiga olti oylik ijara bilan yo‘l oladi. Futbolchi klubdagi debyut oʻyinini 2021-yilning 31-iyulida „Turon“ jamoasiga qarshi o‘tkazadi. U klubdagi ilk golini 2021-yil 25-sentyabr kuni „Qo‘qon-1912“ klubiga qarshi o‘yinda urishga muvaffaq boʻladi. Sovpel 6 oylik ijara davomida jamoaning asosiy oʻyinchisiga aylanadi, keyinchalik esa „Andijon“dan Belarus klubiga qaytadi.

Yutuqlari



„Gomel“

Belarus kubogi sohibi: 2021—2022-yillar.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz