Vanadzor(shahar)
Vanadzor (armancha: Վանաձոր, 1935-yilgacha —
Karakalisa , 1935-yildan 1992-yilgacha —
Kirovakan deya nomlangan) — Armaniston shimolidagi Lori viloyatining markazi, mamlakatda kattaligi boʻyicha uchinchi o‘rinda turuvchi shahar. Poytaxt Yerevandan 128 km shimolda joylashgan. 2023-yilgi maʼlumotlarga koʻra, shaharda 76 000 kishi istiqomat qiladi. Vanadzorda Arman apostol cherkovining Gugark yeparxiyasi qarorgohi joylashgan.
Nomlanishi
Shahar Rossiya imperiyasining rasmiy hujjatlarida
Karaklis (turkcha: Kara kilise — „Qora cherkov“) shaklida qayd etilgan. Armaniston SSSRga qoʻshilgach, 1926-yilda shaharga arman bolshevik inqilobchisi Aleksandr Miasnikyan sharafiga Martunashen deb nom berilgan. Shaharga 1935-yil 3-yanvarda bolsheviklar yetakchisi Sergey Kirov sharafiga Kirovakan nomi berildi. Armaniston mustaqillikka erishgach, 1992-yil 25-iyunda shahardan oqib oʻtuvchi Vanadzor daryosi nomidan kelib chiqib, shahar Vanadzor deya nomlangan. Vanadzor soʻzi armanchada „monastirlar vodiysi“ degan maʼnoni anglatadi.
Tarixi
Hozirgi Vanadzor hududida Jez davridan beri odamlar yashab keladi. VII—IX asrlarda hududni Arsaklar va Bagratuniylar sulolalari boshqargan. X asrdan XII asrgacha esa bu hudud Lori qirolligi tarkibiga kirgan. Saljuqiylarning Lori qirolligiga qilgan istilosi sabab hudud Saljuqiylar imperiyasiga qoʻshib olingan. 1801-yilda Lori viloyatining barcha hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi. Lori viloyati Rossiya mudofaa kuchlari uchun forslarga qarshi jang qilish uchun qulay joy edi. 1826-yili Lori viloyati rus-fors urushi paytida Hasanxon tomonidan vayron qilingan. 1828-yilda rus-turk urushi paytida ruslar oʻz qoʻshinlarini joylashtirish uchun eng qulay joy sifatida Vanadzorni tanlab, oʻz qoʻshinlarini ushbu hududda joylashtirishgan.
Arman olimi Xachatur Abovyanning soʻzlariga koʻra, Karakilisa aholisi 1820-yilning oxirlariga kelib, 600 kishiga yaqin boʻlgan. Aholining asosiy qismi Yerevandan kelgan muhojirlar edi. 1849-yilda Vanadzor Rossiya imperiyasi tarkibidagi Yerevan gubernatorligiga qaragan. 1899-yili Vanadzordan Tbilisiga temiryoʻlning ochilishi shaharni sezilarli darajada rivojlantirdi. 1939-yilda arxitektorlar Zagaryan va Minasyanlar tomonidan Vanadzor shahrini qayta qurish rejasi ishlab chiqildi. 1950-yilda Vanadzor shahri qayta qurildi. Shu paytda, Sergey Kirov nomidagi markaziy maydon hamda koʻplab maʼmuriy binolar qurilgan. 1988-yilda Vanadzor, Gyumri va Spitak shaharlarida kuchli zilzila sodir boʻlgan. Zilzila paytida Kirovakanda yashovchi 564 kishi halok boʻlgan, biroq shahardagi aksariyat binolarga zilzila taʼsir qilmagan.
Geografiyasi va iqlimi
Lori viloyatining markazi boʻlgan Vanadzor shahri Yerevandan 128 km shimolda, Pampak daryosining yoqasida joylashgan. Shahar dengiz sathidan 1350 metr balandlikda joylashgan boʻlib, balandligi 2500 metrdan ortiq boʻlgan Bazum va Pampak togʻlari bilan oʻralgan. Shaharning janubi-sharqiy hududi oʻrmonlar bilan qoplangan.
Vanadzorning qishdagi oʻrtacha harorati −4.2 °C (24.4 °F), yozda esa 20 °C (68 °F)ni tashkil etadi. Shaharning iqlimi kontinental iqlimiga xos boʻlib, yillik yogʻin miqdori 650 mmni tashkil qiladi. Shaharning janubi-gʻarbida joylashgan Vanadzor botanika bogʻi Armanistondagi 5 ta yirik bogʻdan biridir.
Demografiyasi
Populyatsiya
1930-yillarda Armanistonga kirib-chiqishga oid cheklovlar olib tashlangandan soʻng, Vanadzorning aholisi sezilarli darajada oshib bordi. Shaharga Yaqin Sharq va Yevropada arman genotsididan omon qolgan armanlar koʻchib kela boshlagan. Koʻchib kelgan armanlarning katta qismi gʻarbiy arman tilida soʻzlashgan. Hozirgi kunda Vanadzorda 2000ga yaqin gʻarbiy arman koʻchmanchilari yashashadi. Ular hali ham gʻarbiy arman lahjasida soʻzlashishadi. 1831-yildan hozirgacha Vanadzorning aholisining oʻzgarishi quyidagi jadvalda:
Dini
Vanadzor aholisining asosiy qismi xristianlik diniga eʼtiqod qiladi. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra shaharda 6 ta cherkov mavjud.
Protestant boʻlgan gʻarbiy armanlar 1946-yilda Arman Evangelist cherkovini tashkil etishdi. Oʻsha paytda diniy faoliyat bilan shugʻullanish taqiqlangan boʻlsada, gʻarbiy armanlar oʻz eʼtiqodlarida sodiq qolishgan.
Madaniyati
Vanadzorda bir qancha arxeologik yodgorliklar bor. 1938-yil ochilgan Lori-Pampak arxeologik muzeyi Vanadzor shahridan topilgan eksponatlar bilan boyitilgan. Hozirgi kunda ushbu muzeyda 34 000 ga yaqin eksponatlar mavjud.
Vanadzor – Lori viloyati hamda Armaniston shimoli-sharqining madaniy markazi hisoblanadi. Shahardagi Charlz Aznavur nomidagi Vanadzor madaniyat markazi Armanistondagi eng yirik madaniy markazlardan biridir. Bundan tashqari shaharda Eduard Kzartmyan nomidagi musiqa maktabi, Vanadzor tasviriy sanʼat muzeyi hamda Stepan Zoryanning uy-muzeyi oʻz faoliyatini olib bormoqda. Shaharda Vanadzor musiqali drama teatri hamda qoʻgʻirchoq teatrlari ham mavjud. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Vanadzorda 8 ta kutubxona mavjud boʻlib, shulardan 4 tasi bolalar kutubxonasidir.
Transporti
Vanadzorni M-3 temiryoʻli Yerevan shahri bilan, M-6 temiryoʻli Gruziya chegarasi bilan hamda M-8 temiryoʻli Tavush viloyati bilan bogʻlaydi.
Shaharning markazida Janubiy Kavkaz temiryoʻl stansiyasi mavjud boʻlib, u Vanadzorni Gyumri shahri orqali Yerevan bilan bogʻlaydi. Vanadzordan 44 km shimolda joylashgan Stepenavan aeroporti shaharga eng yaqin boʻlgan aeroportdir.
Iqtisodiyoti
Vanadzor shahri Lori viloyatining sanoat markazlaridan biri hisoblanib, shaharda kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari hamda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar mavjud. Vanadzorda bir qancha tikuvchilik fabrikalari ham mavjud, ular jumlasiga, 1962-yilda tashkil qilingan „Dav-Gar“ tikuvchilik fabrikasi, 1977-yilda tashkil qilingan „Darbbag“ tikuvchilik fabrikalarini misol keltirish mumkin. Shahar iqtisodiyotida kimyo mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalarning ham ulushi baland boʻlib, shunday korxonalar jumlasiga, 1929-yil tashkil etilgan „Vanadzor ChimProm“ kimyo mahsulotlari zavodi hamda 1969-yilda qurilgan „Gipk“ kimyo zavodlarini kiritish mumkin. Vanadzorda ishlab chiqariladigan qurilish materiallari asosan, tuflar, bazalt va gillarni tashkil qiladi. Vanadzorda 1961-yil tashkil etilgan Vanadzor IES oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Taʼlim tizimi
Vanadzorda koʻplab taʼlim muassasalari mavjud. Shaharda 4 ta oliy taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, hozirda ular oʻz faoliyatini olib bormoqda.
2009-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Vanadzorda 6 ta texnikum, 30 ta oʻrta taʼlim maktabi hamda 20 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini olib boryapti.
Sporti
Vanadzor shahrida futbol oʻyini mashhur boʻlib, shaharda 1936-yili „Lori-Vanadzor“ futbol klubi tashkil etildi. Armaniston mustaqilikka erishganidan soʻng, 2006-yilda moliyaviy inqiroz sabab jamoa tarqab ketdi.
Vanadzordagi eng katta stadion Lori stadioni boʻlib, uning sigʻimi 5000 kishiga moʻljallangan. Shaharda 2016-yil 29-oktyabrda Vanadzor markaziy futbol akademiyasi ochildi. 2017-yil vanadzorlik tadbirkor Tovmas Grigoryan tomonidan „Lori“ nomli futbol klubi tashkil qilindi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org