Vals




Vals (nem. walzen — aylanmoq) — juft boʻlib, tekis harakat bilan aylanib, jadal yoki oʻrtacha tezlikda ijro etiladigan raqs.

Musiqiy oʻlchovi 3/4 yoki 3/8. Usuli birinchi hissadagi urgʻusi bilan ajralib turadi. 18-asrning oxirgi choragida avstriya, nemis xalq (lendler kabi) raqslari zaminida shahar sharoitida vujudga kelgan. 19-asrning boshida yangi, lirik bal raqsi sifatida butun Yevropaga tarqalgan. Ayniqsa, Y. Lanner yaratgan va ota-bola I. Shtrauslar takomillashtirgan turkum shaklidagi Vena Valslari ommalashgan. Vals romans, ariyalar uchun asos boʻlib opera (Sh. Guno, J. Verdi, P. Chaykovskiy, S. Prokofev va b.), operetta (I. Shtraus, F. Legar va b.), balet (L. Delib, P. Chaykovskiy), teatr musiqasida keng qoʻllanilgan. Shuningdek, kamer musiqa asari (ayniqsa musiqiy romantizm namoyandalari F. Shubert, F. Shopen, I. Brams, E. Grig va b. ijodida), simfonik musiqa janri (M. Glinka, Ya. Sibelius, M. Ravel) sifatida rivoj topgan.

Oʻzbek musiqasida Vals uslubidagi kuylar 1920-yillarda paydo boʻlgan (mas., Hamzaning „Hoy ishchilar“ qoʻshigʻi). Keyinchalik V. janri oʻzbek bastakorlari (T. Jalilov, „Vals“; K. Jabborov, „Diyorimsan“; M. Mirzayev, „Bahor valsi“ va b.) va kompozitorlari (S. Yudakov, „Karnaval valsi“; M. Burhonov, „Oq oltin“ vals-syuitasi; X. Izomov, „Toshkent osmoni“; M.Leviyev, „Mahallada duv-duv ran“ filmidagi V. va b.) ijodidan keng oʻrin olgan.

Adabiyotlar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz