Vali muhammad
Valimuhammad ibn Jonibek sulton (XVI asr, Buxoro xonligi – 1611-yil 27-avgust, Buxoro xonligi) – Buxoro xonligi hukmdori va Ashtarxoniylar sulolasining vakili (1605–1611). Davlat arbobi va sarkarda. Oʻzbek hukmdori Abdullaxon II ning jiyani. 1601-yilda Samarqand yaqinidagi Suyohjird va 1601–1605-yillarda Balx noibi.
Vali Muhammadxon Balx noibi boʻlgan davrda koʻplab obodonchilik ishlarini amalga oshirgan. Jumladan: Xoja Ukkashoh maqbarasi, Shayx Xoja Porso maqbarasi va Xoja Hayron qadamjosi uchun vaqf yerlarini ajratgan; Xoja Hayron qadamjosiga boradigan yoʻlda Xiyobon nomli koʻcha va chorbogʻlar qurdirgan. Vali Muhammadxon Safaviylar davlati hukmdori Abbos I bilan diplomatik aloqalarni yoʻlga qoʻygan.
Vali Muhammadxon 1608-yilda Toshkentni Buxoro xonligi hududiga qoʻshib olishi va u yerda hukmronligini mustahkamlash maqsadida soliq tizimini tartibga solishi uning erishgan muvaffaqiyatlaridan biri boʻlgan.
Mirzo Salimbek oʻz asarida Vali Muhammadxonni „may va ayollarga hirs qoʻygan“ deb taʼriflagan. Vali Muhammadxonning xotirjamligi, shikor va bazmlarga koʻp vaqt sarflashi xonlik hokimiyati zaiflashuviga olib kelgan.
Kelib chiqishi
Buxoro xonligida humronlik oʻzbek sulolasi ashtarxoniylar vakili Vali Muhammadning tugʻilgan sanasi olimlar tomonidan aniqlanmagan.
Otasi Joni Muhammad, onasi shayboniy Abdullaxon II ning singlisi Zuhrabegim.
Vali Muhammadning Din Muhammad, Boqi Muhammad ismli akalari va Alim Muhammad ismli ukasi boʻlgan. Tarixiy manbalarda Vali Muhammadxonning shajarasi quyidagi tarzda keltiriladi: Vali Muhammadxon – Joni Sulton – Yormuhammad – Mangʻishloq Chavaq Sulton – Muhammadxon – Temur Sulton – Qutlugʻxon – Abay – Oʻz Temur – Toʻqay Temur – Joʻjixon – Chingizxon. Ashtarxoniylarning kelib chiqishi Chingiziylardan Joʻjixonning oʻn uchinchi oʻgʻli Toʻqay Temurga borib taqaladi.
Taxtga kelishigacha boʻlgan davr
Vali Muhammad haqida manbalarda kam maʼlumotlar saqlanib qolgan.
Vali Muhammad akasi Din Muhammadga Nishopurni idora qilishda yordamlashgan. 1598-yilda Abdulmoʻminxon oʻldirilgandan keyin kuchaygan siyosiy kurashlarda akasi Din Muhammad Marv viloyatini boshqarishni Vali Muhammadga topshirgan ammo Marvga safaviylar qoʻshini hujum qilgach, Vali Muhammad Movarounnahrga chekinishga majbur boʻlgan. Akbar Zamonov tadqiqotlariga koʻra, Vali Muhammad Balxga, otasi oldiga borgan. 1599-yilda akasi Boqi Muhammad bilan qozoqlarga qarshi kurashib, ularni mamlakat hududidan quvib chiqargan.
Boqi Muhammadxon 1601-yilda Vali Muhammadxonni Samarqand yaqinidagi Suyohjirdga noib qilib tayinlagan. Keyinchalik Vali Muhammad Balx viloyatini akasining valiahdi sifatida boshqargan. 1605-yili Boqi Muhammadxon vafot etgach, Vali Muhammad Buxoro xonligi hukmdori etib koʻtarilgan.
Buxoro xonligi hukmdori
Vali Muhammadxon hukmronligi yillarining boshlanishi jang-u jadallarda kechib, u 1605-yilda Termiz yaqinida marhum akasi Boqi Muhammadxonning ikki oʻgʻliga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib borgan. Uning hukmronligini tan olmagan jiyanlari Imomquli va Nadr Muhammad bilan kelishuvga erishib, Imomqulini Samarqandga, Nadr Muhammadni Shahrisabzga noib etib tayinlagan. 1606-yilda esa ularning ikkalasini ham Balxga yuborgan.
Vali Muhammadxon hukmronligi yillarida uning zodagonlar bilan munosabatlari yomonlashgan. Amaldorlar oʻzlaricha siyosat yuritib, jinoyatchilar uchun shariatdan tashqari turli xil jazolar qoʻllashgan. Vali Muhammadxon shu vaziyatda Boqi Muhammadxon davrida vazirlik qilgan Doʻstum Argʻun, Shoh Kichik va Hoji Naymanlarni qatl ettirgan.
Asta-sekin mamlakatda Imomqulining nufuzi oshib borgan. Vali Muhammadxon jiyani Imomquliga qarshi fitna uyushtira boshlaydi. Bu fitnaga Doʻstimbiy argʻun otaliq va qatagʻon qabilasining boshliqlari boshchilik qilgan. Ammo Imomquli bundan xabar topib, ishonchsiz amirlarga qarshi choralar koʻrgan. Aynan shu hodisalardan soʻng, Vali Muhammadxon va jiyani Imomquli oʻrtasida munosabatlar yomonlashgan.
Bu davrda qozoq xonlari ham Buxoro xonligiga hududiga bostirib kirgan va Vali Muhammad ularga qarshi kurashlar olib boradi.
1607-yilda Eron bilan sulh tuzgan. Shartnomaga koʻra Xuroson Safaviylar hududiga aylangan.
Vali Muhammadxon 1608-yilda Toshkentni xonlik hududga qoʻshib oldi. U Toshkentni qoʻldan boy bermaslik maqsadida ulamolarni oʻz tomoniga ogʻdirib, sovgʻa-salomlar bergan. Ammo Toshkent goh Buxoro xonligi tomonidan goh qozoqlar tomonidan egallab olingan. Vali Muhammadxon Toshkent masalasi toʻliq hal boʻlmagach, beklar bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatishga intildi. Vali Muhammadxon xonlikning muhim shaharlariga bir qancha beklarni noib qilib tayinladi.
1608-yilda Imomquli Baxlni tark etib, Buxoroga yoʻl olgan. Buxorodagi amirlar Imomqulini qoʻllab quvvatlaydi. Vali Muhammadxonga fitna uyushtirilib, u shikorga ketgan paytda Imomqulixon taxtga koʻtarilgan.
Vali Muhammadxon chorasiz qolgach, 1608-yilda 2 ta oʻgʻli bilan Eronga Abbos I huzuriga panoh istab boradi. Abbos I uni kutib olish uchun, Isfahondan Davlatobodgacha 3 soatlik yoʻlga mehmonni katta ehtirom bilan kutib olgan va ikki hukmdor yoʻlida 20 ming askar safda turgan.
Muhammad Yusuf Munshiy oʻzining „Tarixi Muqimxoniy“ asarida 1611-yil Vali Muhammadxon Erondan 80 ming qoʻshin bilan Movarounnahrga yurish qilgan deb koʻrsatilgan.
1611-yil avgustda boʻlib oʻtgan jangda Vali Muhammadxonni Imomquli yengadi va u asirga olinib, qatl etiladi.
Obodonchiligi
Vali Muhammadxon Balxda noib boʻlgan davrda obodonchilik ishlariga oʻz hissasini qoʻshgan. Koʻplab maqbara va obidalar uchun vaqf mulklarini ajratgan. Xoja Ukkashoh maqbarasi, Shayx Xoja Porso maqbarasi va Xoja Hayron qadamjosi uchun vaqf yerlarini ajratgan. Xoja Hayron qadamjosiga boradigan yoʻlda Xiyobon nomli koʻcha va chorbogʻlar qurdirgan. Akbar Zamonov oʻzining „Buxoro xonligining Ashtarxoniy hukmdorlari“ nomli monografiyasida Vali Muhammadxonni Xoja Hayron maqbarasining bosh ustasi va meʼmori sifatida tilga olgan. Vali Muhammadxon davrida Buxoroda Kalobod madrasasining qurilishi yakunlangan.
Oilasi
Vali Muhammadning xotini yoki kanizagi boʻlgan Oyxonim qozoq sultoni Eshim sultonning qizi boʻlgan. Imomqulixon Buxoro xonligi taxtini egallaganidan soʻng, Oyxonimni xotiniga aylantirgan va buning uchun maxsus fatvo chiqargan.
Vali Muhammadxonning Rustam sulton va Muhammad Rahim sulton nomli ikkita oʻgli boʻlgan. Shoh Abbos I ularga Oba va Shoh Fulan viloyatlarini boshqarish uchun inom qilgan.
Vafoti
Vali Muhammadxon Imomqulixon bilan boʻlib oʻtgan jangda yengilib asirga olingan va Imomqulixon farmoniga koʻra 1611-yil 27-avgustda qatl etilgan.
Ashtarxoniylar sulolasi
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org