Valentina Oberemko. Mixail Sholoxov: Uydirma va mish-mishlar
Uning hayotligi davridayoq u haqida g‘alati uydirmalar to‘qishgan edi: u butunlay boshqa odam, familiyasi ham mutlaqo Sholoxovmas bo‘lgan emas, Veshensk qishlog‘idagi uyi yerto‘lasida qandaydir bir iste’dodli, dalli-darvish yozuvchi qamalganmish, hamma asarlarni o‘sha yozuvchi yozib berarmish.
“Otam bu mish-mishlarning barini hasadgo‘y kasbdoshlari tarqatganligiga ishonchi komil edi”,— deydi Svetlana Sholoxova.
Komissarmi yoki sirli agentmi?
Og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan gaplarga ko‘ra, Mixail Sholoxovni yoshligida aynan Nestor Maxnoning o‘zi qo‘lga tushirgandi. Sholoxov otaxonga qizil komissar emasligini aytganligi uchun qo‘yib yuborgan.
— Otam menga bu haqda o‘zi gapirib bergandi,— deydi Svetlana Mixaylovna. — U paytlar yosh yigitcha ekan. Otda dasht bo‘ylab ketayotganda maxnochilar uni tutib olishadi. Qishloqqa olib borishadi. U yerda uni Maxnoga ro‘para qilishadi. Otam Maxnoni ushoq jussali, pakana va qotma ekanligini ko‘rib ajablanadi. U dastlab otamni otib tashlamoqchi bo‘ladi. U Sholoxovni qizilarmiyachi deb o‘ylaydi. Biroq shu payt qandaydir ayol uning yonini olib deydi: “ Otaxon, kuning shu bolakaylar bilan olishishga qoldimi?!”.Shunda Maxno otamni qo‘yib yuborib, orqasidan: “Bu yerda ikkinchi bor qorangni ko‘r-may!”– deb qoladi.
Otam hech qachon komissar bo‘lmagan. Balki komissar bo‘lganligi haqidagi gap-so‘z uning qanday “komissarlik” qilganligi haqida o‘zi gapirib berganidan keyin chiqqan, ya’ni u oziq-ovqat guruhida ishlayotganida soliqlarni kamaytirishga jonbozlik ko‘rsatgan edi. Chunki eng qashshoq oilalardan ham pul undirishardi. Uni pulni noto‘g‘ri sanaganlikda ayblashib, sudga berishadi. Baxtiga, hammasi yaxshilik bilan tugaydi.
Sholoxov va Stalin munosabatlari borasida ko‘p mish-mishlar yuradi. Ulardan birida Stalin Sholoxovni yaxshi yozuvchi deb baholaganligi va unga marhamat ko‘rsatganligi haqida aytiladi. Boshqalar Sholoxovni dohiyning adiblar muhitidagi maxfiy agenti deb ham hisoblagan.
Dohiyga nimagadir otam uni ochiqchasiga tanqid qilganligi ma’qul kelgan. Bir kuni otam unga shunday dedi: “Devorda ham — Stalin, havoda ham— Stalin, gazetalarda —Stalin, nahotki bu sizning badingizga urmagan bo‘lsa?”. Stalin shunday javob beradi: “Insonga bir xudocha kerak, toki u unga ishonsin, sajda qilsin. Mayli, u xudocha Stalin bo‘la qolsin”. Agar otam o‘zini haq bilsa, oxiriga qadar kurashardi. Qachondir u Stalin va Gorkiy bilan uchrashadi. Suhbat Kornilov haqida borardi. Stalin so‘zini ta’na-dashnomdan boshlaydi: “ Nega siz uni qahramon qilib tasvirlagansiz?”. Otam bu savolga xotirjam javob qaytaradi: “U haqiqatdan ham qahramon edi. Sofdil, jasur va iste’dodli sarkarda”.
Otam hech kimdan qo‘rqmagan. Bir kuni Stalin huzuriga kelib, u 1938 yilda hibsga olingan do‘stlari uchun boshini berajagini aytadi. Stalin Sholoxovga jiddiy tikilib so‘z qotadi: “ Boshinigizni arzon baholab yubormayapsizmikin?”.
Hukumatni “senlab”
Xrushchev bilan Sholoxov o‘rtasida Stalin kabi yaqin munosabat bo‘lmagan. Brejnevga esa Sholoxov hamisha “sen”lab murojaat qilgan. Ko‘plar Brejnev Sholoxov oldida qaysidir ma’noda qarzdor deb o‘ylashgan, shuning uchun jo‘ralarcha munosabatga toqat qiladi, deyishgan.
– Otam Brejnev bilan haqiqatdan ham “sen”lab gaplashardi. Ular Ukraina frontida uchrashishgan. Ikkalasi ham polkovnik bo‘lib, vayron etilgan shaharchada bir-biriga duch kelib qolishadi. Brejnev ro‘parasidagi adib Sholoxov ekanligini bilmaydi, Sholoxov esa qarshisida bo‘lajak Bosh kotib turganligidan voqif emasdi. Ular tunash uchun tevarak-atrofdan omon qolgan birgina binoni izlab topishadi. U yog‘iga yurib bo‘lmasdi — minalarga duch kelish mumkin edi. Shunday qilib otam va Leonid Ilich keng stol ustida taglariga bir shinelni to‘shab, ustlariga ikkinchi shinelni yopib yotishadi. Shu tarzda kechani o‘tkazishadi. Bu holatni otam Leonid Ilichning yodiga tushiradi. Shundan keyin ular “sen”lashishga o‘tishadi. Biroq otam Brejnevga boshqacha nazar bilan qarardi. Unga dohiyning turli nishonlarga va ochiq maqtovlarga oshkora muhabbati yoqmasdi.
Sholoxov haqidagi eng katta uydirma uning “Tinch Don”ni o‘ziga o‘zlashtirib olgani haqida to‘qilgan edi. Bu mish-mishlar roman dastlab e’lon qilingan kundan boshlab to hanuz davom etib kelmoqda.
– Otamning “Tinch Don”ning muallifi emasligi haqida 1929 yildanoq gapira boshlashgandi. Yosh va qiziqqon otam bundan qattiq asabiylashib, buni tekshirishlarini va bu mashmashalarning tag-tugi bilan bartaraf etilishini jiddiy talab qiladi. Mariya Ulyanova, Leninning singlisi boshchiligida komissiya tuziladi, o‘sha paytda u “Pravda”da mas’ul kotib bo‘lib ishlardi. Otam bu komissiyaga “Tinch Don” yaratilishida foydalanilgan jamiki qoralamalar va qaydlarni guvohlar ishtirokida keltirib topshiradi. Xullas, pirovardida, uning muallifligini tan olishadi, “ Pravda”da Sholoxov “Tinch Don” muallifi ekanligi va tuhmatli gaplar uchun sud oldida javob berilajakligi haqida maqola e’lon qilinadi. Xunuk gap-so‘zlar bir muddat barham topadi, ammo u otamning umri oxirida yana urchiy boshlaydi.
Balki bu gaplarning uzil-kesil barham topmaganligi otamning asar qo‘lyozmasi asl nusxasini topib berolmaganligidan bo‘lsa kerak. Urushda otamning Vyoshenskda saqlanayotgan arxivi butunlay yo‘qoladi. Qishloqqa tinimsiz bomba yog‘dirishadi, hamma hayot uchun eng zaruriy ashyoni, qo‘liga ilingan narsani olib, qishloqni shoshilinch ravishda tashlab chiqib ketishadi. Arxiv haqida o‘ylash bu vaqtda hech kimning xayoliga ham kelmagan. Ko‘rganlarning aytishicha, bizning uyimizga snaryad tushgandan keyin qo‘lyozmalar havoga uchgan va shamolda butun Veshensk bo‘ylab sochilgan. Bir soldat qiziqib bitta sahifani qo‘liga olib qaraydi va qog‘ozlar Sholoxov qoralamalari ekanligini bilib, ularni yig‘ishga harakat qiladi. U ushbu sahifalarni butun umri davomida o‘zi bilan olib yuradi, hatto Berlingacha olib boradi. Keyin ularni Vselovod Vishnevskiy qo‘liga topshiradi. Yozuvchi ularni otamga yo‘llaydi.”Tinch Don”ning bu 178 sahifasi endilikda Pushkin uyida saqlanadi.
“Qo‘lyozmaning yana bir varianti bo‘lib, otam uni 1929 yili komissiyaga havola etgan edi. Otam o‘zi bilan ortiqcha yuk olib yurishni xush ko‘rmasdi, shu boisdan “ Tinch Don” matnini yakka-yolg‘iz do‘sti Vasiliy Kudashevga qoldiradi. Otam, muallifligim tan olinibdi, qoralamalarning endi keragi bo‘lmaydi, deb o‘ylagan. Bu qo‘lyozmalarni u urushdan keyin esga oladi va u haqda Kudashevning xotini Matildadan so‘raydi, bu paytda Kudashev nemis kontslagerlarida o‘lib ketgan edi. U otamning ko‘zlariga boqib: “ Yo‘q, urush paytida xonadon yonib, hamma narsa yo‘qolgan”, deydi. Matilda hayotdan ko‘z yumgandan keyin, uning uyi uzoq qarindoshiga qoladi. Va u bizga Matilda asragan qo‘lyozmalarni topshiradi.
“Tinch Don” muallifligi haqidagi bahslar hali ham davom etib kelmoqda, garchi yo‘qolgan qo‘lyozmalar topilib, e’lon ham qilingan esa-da. Men otamdan: “Odamlar nega tinib-tinchimaydilar”, deb so‘raganimda, u ularga hasad tinchlik bermaydi, degan edi.
“AiF”ning 2010 yil 21-sonidan olindi.
Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 6-son.
Uzpedia.uz