Vaksina va zardoblar instituti
Vaksina va zardoblar instituti , Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tadqiqot instituti (ToshVZITI) — "Oʻzfarmsanoat" davlat aksionerlik konserniga qarashli muassasa. Dastlab 1918 yilda mikrobiologiya laboratoriya sifatida tashkil etilgan; 1920 i. Oʻlka bakteriologiya institutiga aylantirilgan, 1950 yildan boshlab hozirgi nomi bilan ataladi. Institut tarkibidan ajralib chiqqan (1929 yildan) boʻlim va laboratoriyalar negizida Oʻzbekiston epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqotlar instituti, Samarqand parazitologiya instituti. Respublika oʻlatga qarshi stansiyasi, Respublika brutsellyoz-ga qarshi stansiyasi, Toshkent davlat tibbiyot instituti va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining mikrobiologiya kafedralari tashkil topdi. Institut yangi vaksinalar topish va mavjudlarini mukammallashtirish, davolash uchun ishlatiladigan zardoblar olishning yangi zamonaviy usullarini ishlab chiqish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, davolash va diagnostikasiga tegishli preparatlarni standartlash muammolari boʻyicha ish olib boradi. Oʻzbekiston aholisini emlashning millim dasturini amalga oshiradi. Respublikaga nihoyatda zarur boʻlgan vaksina va zardoblar (sil, koʻkyoʻtal, boʻgʻma, qoqshol, ich terlama, gepatit V kasalliklariga qarshi) ishlab chiqarish qaytadan tiklanmokda, tibbiyot va veterinariyaga oid yangi biopreparatlar ustida ilmiy izlanishlar olib borilmokda. Keyingi yillarda institut olimlari immunitetni korreksiyalovchi "Immunomodulin" preparati (professor F. Yu. Gʻarib), sil kasalligiga qarshi immunitetni aniqlashda qoʻllaniladigan "Tuberkulin" (T. A. Oʻsarova) hamda oʻlkamizga xos allergenlar (S. A. Zax-vatkina) tayyorlash va amaliyotda qoʻllashga muvaffaq boʻldi. Institutda 60 ilmiy xodim (jumladan 4 fan doktori va 12 fan nomzodi) bor (2001).
Manbalar
uz.wikipedia.org