Vajd




Vajd (arab.الوجد - topmoq, his qilmoq) - sufiylarning holdagi tarzini ifodalovchi atama. U keng ma’noda «to‘lqinlanish, mavjlanish, qizish», «kuchli sevgi, intilish», «shodlik, xushchaqchaqlik, jazava» kabi tushunchalarni anglatadi.

Vajd bezovta qiluvchi narsaning zikri, xavotirli xavf, xatoga tanbeh, latif so‘zlashuv, foydali ishorat, g‘aybga shavq, boy berilgan narsaga afsus, o‘tgan narsaga nadomat, biror holga jalb qilinish, vojib ishga chaqiriq yoki sirriy munojot, oxirat hollaridan birining ma’nosini ko‘rish kashfi vaqtlarida yuzaga keladigan kayfiyat o‘zgarishi. Unga yaqiynning ruhi va zikrning safosi (sofligi) bilan shohid bo‘linadi, chunki u hushyorlik va ogohlikdir.

Vajd qalbning qulog‘i va ko‘zi ham deyiladi. U sukrga ham o‘xshatiladi. Vositiyga ko‘ra vajdning maqomlari to‘rtta: unutish (zuhul), so‘ng hayrat, so‘ng sukr, so‘ng sahv. Nuriyga ko‘ra, vajd sirlarda paydo bo‘lgan alanga, shavq payti keluvchi va undan a’zolar yo shodlik yoki mahzunlik tufayli iztirobga tushadigan voridotdir. Vajd zavolga, ma’rifat esa sabotga yaqin bo‘lib, zavol bo‘lmaydi.
Vajd sufiylarda to‘satdan keladi. U kelgunicha nimaligi bilinmaydi. Oriflar nazdida vajd Allohni tanishda topiladigan aziz bir zavqdir. Vajdning haqiqati murodning hosil bo‘lishidir.
Abu Najib Suhravardiy va Abu Hafs Suhravardiylarga ko‘ra, vajd botin sifatlari siridir, xuddi toat zohir sifatlari siri bo‘lganidek. Zohir sifatlari harakat va sukun, botin sifatlari esa ahvol (hollar) va axloqdir.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz