Vagner guruhi isyoni




2023-yilning 23-iyunida Vagner guruhi rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini Vagner lagerlariga hujum uyushtirganlikda aybladi hamda Mudofaa vazirligi rahbariyatidan intiqom olishga soʻz berdi. U yana rahbariyatdagi „razil“ toʻxtalishini qoʻshimcha qilib, „adolat marshini“ boshlashga vaʼda berdi. Uning soʻzlariga koʻra, mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukraina va NATO goʻyoki Rossiyaga hujum qilmoqchi boʻlgani hamda Rossiyaning Ukrainadagi bosqinining borishi haqida jamoatchilikka yolgʻon bayonotlar berib kelgan. Shuningdek, Prigojin Shoyguni Rossiyaning jang maydonidagi yoʻqotishlarida qoralab, rus elitasi manfaatlari uchun urushni olib borganlikda ayblagan. Natijada Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Prigojinga nisbatan „qurolli qoʻzgʻolon uyushtirish“ boʻyicha jinoiy ish ochdi.

Prigojin 25.000 kishidan iborat Vagner askarlarini Ukrainadan olib chiqib, Rostov viloyatining Rostov-Don shahriga kiritdi. Uning taʼkidlashicha, Vagner askarlari Roston-Don shahriga kirib borishayotganda, chegarada ularga hech kim qarshilik koʻrsatmagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin jamoatchilikka videomurojaat yoʻllab, unda Vagnerning xatti-harakatlarini xiyonat va „orqadan pichoq urish“, deb atadi. Mudofaa vazirligi Prigojinning Vagner lagerlariga hujum toʻgʻrisidagi bayonotlarini rad etdi. Rus generali Sergey Surovikin esa Vagner askarlarini qurollarini tashlashga chaqirdi.

Prigojin qoʻshinlari Rostov-Don va Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasi ustidan nazoratni qoʻlga olish hamda Moskvaga yetib borish niyatida Voronej tomon yurish boshlaganliklarini taʼkidladilar.

Otishmalar davomida Rossiya milliy armiyasining 15 nafar askari halok boʻldi. Vagner tarkibidan qancha askar vafot etganligi haqida xabar berilmagan. Prigojin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralardan so‘ng, egallab turgan lavozimidan isteʼfo berdi hamda 24-iyun kuni soat 23:00 da (UTC+3) Rostov-Donni tark eta boshladi.

Tarix



Yevgeniy Prigojin va Vagner guruhi




Koʻplab OAV xabarlariga koʻra, V. Putinning sobiq ishonchli vakili Yevgeniy Prigojin dastlab, Sankt-Peterburgdagi ommaga mashhur bir qator restoranlari ortidan taniqli biznes magnati sifatida shuhrat qozongan. Uning bu biznesi uning oʻsha davrda shaharni oʻz nazoratiga olgan Putin bilan moliyaviy munosabatlarni kuchayishiga sababchi boʻladi.

Prigojin 2014-yilda Rossiya armiyasi tarkibida jang qilgan xususiy harbiy kompaniya — Vagner guruhiga asos soldi. Rossiyada xususiy harbiy kompaniyalar qonuniy ravishda taqiqlanganiga qaramay, Vagner guruhi Rossiya hukumatining soʻzsiz roziligi ostida hech qanday toʻsiqlarsiz faoliyatini davom ettirdi. Rossiya Federatsiyasining tashqi-harbiy siyosatidagi yetakchi qurol sifatida oʻzini namoyon etgan Vagner guruhi turli mintaqalarda, jumladan Donbas mojarosida asosiy jangovar kuch rolini muvaffaqiyatli bajardi. Vagner Rossiyaning Suriyadagi fuqarolar urushiga harbiy aralashuvida Suriya prezidenti Bashar al-Assadni qoʻllab-quvvatlagan holda muhim rol oʻynagan. Vagner guruhi Mali, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasida sodir etilgan urushlarda ham faol qatnashgan. Ushbu guruh oʻzining shafqatsiz taktikasi hamda Afrika, Yaqin Sharq va Ukraina boʻylab jinoiy urushlardagi vahshiyona harakatlari ortidan shuhrat qozonganligi manbalarda taʼkidlanadi. Vagner Afrikadagi bir qancha hukumatlar bilan yaqin aloqada boʻlgan va mahalliy kuchlar bilan birgalikda isyonchilarga qarshi kurashgan.

Ukrainaga bostirib kirish fonida Vagner va Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi nizo




Prigojinning taʼsirini cheklashga urinish
Vagner guruhi Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk oylaridayoq Mudofaa vazirligi (MV) bilan keskin munosabatlarga ega boʻlgan. Bosqinning dastlabki davrida Rossiya quruqlik qoʻshinlari katta yoʻqotishlar ichida qoldi. Bunga qaramasdan, prezident Vladimir Putin tomonidan harbiy zahira kuchlari uchun safarbarlik eʼlon qilinishi kechiktiriladi. Bu holat esa rasmiylarning bosqinda qatnashish uchun yollanma askarlarni faol ravishda jalb qilishlariga, bu esa oʻz navbatida Prigojin va Vagner guruhining qurolli kuchlar orasida taʼsir kuchi oshishiga sabab boʻladi. Prigojin yirik resurslarni, jumladan harbiy aviatsiyasi boshqaruvini qoʻlga oladi hamda 2022-yilning yozidan boshlab Rossiya qamoqxonalaridagi mahbuslarni Vagner tarkibiga jalb etish huquqini qoʻlga kiritadi. Gʻarb razvedkasining hisob-kitoblariga koʻra, Vagner aʼzolari soni 2017—2018-yillarda „bir necha ming“ jangchidan 2022-yil dekabrida 50 000 ga nafargacha (ularning aksariyati qamoqxonadan jalb qilingan jinoyatchilardir) oʻsgan.

Rossiya hukumati Vagnerni har qancha resurslar bilan taʼminlasa-da, guruhning qonuniy vakolatlari mavjud boʻlmagan. Prigojin hech qanday rasmiy lavozimga tayinlanmagan ham, saylanmagan ham. Bu esa uning amaliy jihatdan hech qanday qudrati yoʻqligini anglatardiBundan tashqari, u oʻtmishdagi tanho shaxsiyatga ega hayotidan voz kechib, xalqaro siyosiy maydonda taniqli boʻlishga erishdi. Prigojin odatda rasmiy harbiy libosda frontdagi yangiliklarni eʼlon qilib turardi. Vagner guruhi Rossiya qonunchiligi va mamlakat harbiy iyerarxiyasidan tashqarida faoliyat yurita boshlaganligi sababli, ushbu guruhga uning shaxsiy armiyasi sifatida qarala boshlandi. Mudofaa vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi bu kabi vaziyatlardan norozi boʻlib, Prigojinning kuchayib borayotgan taʼsirini cheklashga urina boshladilar. U 2023-yilning fevral oyi boshlarida Vagner guruhi uchun mahbuslarni yollashni to‘xtatganini eʼlon qildi. Britaniya Mudofaa vazirligi bu vaziyatni „Rossiya hukumati mahbuslarni armiyaga yollashni taqiqlangani sababli“, deya izohladi. Bu oʻzgarish ortidan guruhning jangovar qobiliyatini pasayishi kutilgan edi.

Biroq, vaziyat buning askini koʻrsatdi. Prigojin harbiy rahbariyatni Rossiya manfaatlarini himoya qila olmayotganlikda ayblay boshladi. U 2022-yilning 1-oktyabrida Ukrainaning Rossiyani mintaqaning katta qismidan siqib chiqargan Xarkov qarshi hujumida qatnashgan rus qoʻmondonligini „Bu haromilarning hammasining qoʻliga avtomat berib, yalangoyoq holida frontga haydash kerak!“, deya tanqid qildi". The Washington Post nashriga koʻra, Prigojin oʻzining taʼsir kuchi ortganligi sababli, Rossiya harbiy qoʻmondonligini tanqid qilishga jur’at etgan kam sonli odamlardan biri boʻlgan.

Prigojin birinchi navbatda Mudofaa vazirligini nishonga oldi va uning amaldorlarini korrupsionerlikda aybladi. U, shu bilan birga, Rossiya elitasining boshqa qatlamlarini, jumladan Rossiya parlamenti va Rossiya oligarxlarini ham tanqid qildi. Ularni „xalqqa tegishli narsalar urush bahonasida oʻgʻirlash“ga urinishda aybladi.. Prigojin ushbu „jamiyatdagi boʻlinish“ bilan 1917-yilgi Rossiya inqilobi oldidagi oʻxshashliklarni keltirib, „askarlar va ularning yaqinlari“ tomonidan bunday adolatsizlikka qarshi qoʻzgʻolonlarning paydo boʻlishidan ogohlantirdi. Urushni oʻrganish instituti Prigojinning bayonotlarini oʻta millatchi rus milbloger jamiyatida oʻz taʼsirini kuchaytirganini taʼkidladi.

Baxmut jangidan keyingi keskinliklar
Ogʻir kechgan Baxmut jangi paytida Vagner guruhi va MV oʻrtasidagi ziddiyat oʻzining yuqori keskinlik darajasiga koʻtarildi. Prigojin Kremlning askarlarni oʻq-dorilar bilan yetarlicha taʼminlamaganligidan norozi ekanligini bir necha marta taʼkidladi. U, agarda talablari bajarilmasa, kuchlarini olib chiqib ketish bilan tahdid qilib, mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Rossiya Qurolli kuchlari boshlig‘i general Valeriy Gerasimovni o‘n minglab Vagner jangchilarining oʻlimida aybladi. Qoʻshma Shtatlar hisob-kitoblariga koʻra, 2022-yilning dekabridan 2023-yil iyunigacha Ukrainada halok boʻlgan 20 ming rossiyalik askarning deyarli yarmi Baxmutda halok boʻlgan Vagner jangchilaridir. 2023-yil may oyi oxirida Rossiya Baxmutda gʻalabani eʼlon qilganidan soʻng, Vagner guruhi shahardan chiqib ketishni boshladi hamda keyinchalik uning oʻrniga mahalliy rus qoʻshinlari olib kelindi. Biroq, bu koʻchishga qaramay, Vagner va rus armiyasi oʻrtasida ichki mojarolar davom etdi. Prigojinning taʼkidlashicha, Rossiya milliy armiyasi harbiylari 3- va 5-iyun kunlari uning chiqib ketayotgan kuchlariga hujum qilishga uringan.

2023-yil 5-iyun kuni Prigojin o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Rossiya mudofa kuchlari 72-brigadasining qo‘lga olingan podpolkovnigi Roman Venevitinning mast holatda, go‘yoki Vagner qo‘shinlarini olib chiqib ketayotgan paytda o‘t ochishga buyruq berganini tan olgani haqidagi videoni eʼlon qildi.

2023-yil 27-may sanasida Donetsk Xalq Respublikasi sobiq mudofaa vaziri, urush bloggeri Igor „Strelkov“ Girkin Prigojinni Rossiyada davlat toʻntarishini uyushtirish maqsadida Vagner guruhi bilan til biriktirganlikda aybladi. Girkin yana Prigojin Rossiya oliy qo‘mondonligini ochiq tanqid qilib, Rossiyaning 2022-yilgi urush senzurasi qonunlarini faol ravishda buzayotganini va uning kuchlari amalda qo‘zg‘olon holatida ekanini taʼkidladi. Biroq, Prigojin bu daʼvolarni rad etib, Vagner guruhi davlat toʻntarishini amalga oshirish uchun yetarlicha katta armiyaga ega emasligini taʼkidladi.

Yana qarang




Izohlar




Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz