Vabo




Vabo (cholera) — ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning ogʻirlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan oʻtkir infeksion kasallik; oʻta xavfli ichak kasalliklaridan biri hisoblanadi.

Tarixi



Vabo dastlab (1816) Hindistonda — Gang daryosi vodiysida paydo boʻlgan; u yerda turmush sharoiti ogʻir boʻlganligi uchun aholining bir qismi boshqa davlatlarga keta boshlaydi. Natijada V. Yevropaga, keyinchalik butun dunyoga, chunonchi Birma (1819), Yava va Borneo orollari, Xitoy (1820), Eron (1821), Yaponiya hamda Rossiyaga (1822) tarqaladi. 1823— 1925 yil larda Rossiyada Vabo epidemiyasi 55 marta qayd qilingan. Turkiston oʻlkasiga V., asosan, Afgʻoniston va Erondan oʻtgan.V. ning klassik V. va El-Tor V. si degan 2 turi bor. Shunga koʻra, Vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik V. vibrioni va ElTor vibrioni deb ataladigan ikki xilga ajratiladi. Klassik V. vibrionini 1883 yil R Kox, El-Tor V. vibrionini esa 1906 yil Sinay ya. o. da Gotshlix topgan.

Vabo mikrobi



V. vibrioni salgina bukilgan va ikki uchi yumaloqlangan tayoqcha boʻlib, boʻyi 1,5—4 mk va eni 0,2—0,4 mk. V. vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15—30 kun, sut va yogʻda bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, hoʻl mevada bir necha kungacha, pivoda 3 soatdan 5 kungacha tirik turadi. Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez oʻldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez oʻladi. 1960 yil gacha boʻlib oʻtgan vabo epidemiyalarining deyarli hammasi (aniqroq aytganda 6 pandemiyasi) ga klassik vabo vibrioni sabab boʻlgan.

Klinikasi



Klassik vabo ogʻir utib, bemor yotib qoladi, kasallik belgilari (tez-tez ich ketishi, qusish, shuning natijasida organizmning suvsizlanishi, shuningdek temperatura pasayishi, muskullarning tirishishi va intoksikatsiyaning boshqa belgilari, yurak urishining susayishi va sh. k.) aksari roʻyirost koʻrinadi, shunga koʻra kasallik vabo boshlanishi bilanoq tez aniqlanganida, vaboning tarqalishi cheklanadi. El-Tor vabo si esa aksari yengil oʻtadi. Vabo belgilari boʻlmagani holda vibrionlarni tashib yuradigan kishilar koʻproq uchraydi, shu bois El-Tor V. sini aniqlash klassik V. ni aniqlashga nisbatan qiyinroq, shuning uchun ElTor V. sining bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga oʻtish va keng tarqalish imkoniyatlari katta.

V. vibrioni bemorning axlati, qusugʻi, baʼzan siydigi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziqovqatni isteʼmol qilish natijasida V. yuqadi. Meʼda shirasi vibrionlarni oʻldiradi, ammo suv koʻp ichilganda yoki meʼda shirasi kamroq boʻlganda vibrionlar meʼdadan ingichka ichakka oʻtib, kupayadi. Vibrionlarni pashsha ham tarqatadi. Pashsha axlatga qoʻnganda vibrionlarni qorniga va oyoklariga ilashtirib olib, oziq-ovqatga va ichimlik suvga yuqtirishi mumkin. Bemorni parvarish qiluvchilar va vibrion tashuvchilar (organizmida V. vibrionlari boʻlsa-da, ogʻrimayotgan kishilar) ham kasallik tarqalishiga sabab boʻla oladi. V. yuvuqsiz qoʻl, kir kiyimbosh va parvarish buyumlari orqali ham yuqadi. V. vibrionlari tushgan suvni isteʼmol qilish natijasida kelib chiqqan V. epidemiyalari qisqa vaqtda koʻp aholini kasallantiradi. El-Tor V. si asosan shu yul bilan tarqaladi (ayniqsa qishloq joylarda). Tabiiy sharoit (yozning juda issiq kelishi) va aholi migratsiyasi (dengiz boʻyidagi shaharlarga yezda koʻplab aholining dam olishga kelishi) sanitariya ahvoliga putur yetkazib, V. ning tarqalishiga imkon beradi. V. ning tipik (algid) formasi 2—3, baʼzan 5 kunlik inkubatsion davrdan keyin oʻziga xos belgilar bilan boshlanadi: ich tez-tez va koʻp keladi, bemor qusadi, temperaturasi pasayadi (35—34° gacha), muskullari tirishadi, yurak urishi susayadi va h. k. Organizm suvsizlangani uchun bemorning koʻzlari kirtayadi, badani koʻkaradi, terisi burishib qoladi, yopishqoq ter bosadi. Bemor shu ahvolda bir necha kun yotgach ich ketishi va qusish bosilib, sogʻaya boshlaydi. V. ning ich surmaydigan va qustirmaydigan ogʻir ("quruq") formasida bemor talvasaga tushib, oʻziga kelmay, bir necha soatda Ulib qoladi. Zamburugʻ, mishyakdan zaharlanish, shuningdek ovqatdan buladigan toksikoinfeksiyalar ham baʼzan V. ga oʻxshab kechishini nazarda tutish lozim. Bemor, albatta, kasalxonada davolanadi.

Oldini olish



Chet ellardan V. oʻtib qolmasligi uchun davlat chegaralarida sanitariya muhofazasi choralari koʻriladi, aholi yashaydigan joylarni, shuningdek oqova suvlarni tozalash, suv havzalarini sanitariya ahvolini himoya qilish, suv taʼminoti, oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish korxonalari muntazam nazorat qilinadi, pashsha yoʻqotiladi, sanitariya-gigiyena chora-tadbirlari kuchaytiriladi va h. k. Yuqorida koʻrsatilgan tadbirlardan tashqari, suv va oziqovqatni yuqumsizlantirish va shaxsiy gigiyenaning ahamiyati katta. V. vibrioni chidamsiz boʻlgani uchun suvni qaynatib, masalliqlarni obdon pishirib, ularni V. vibrionlaridan xalos qilish lozim. V. aniqlangan taqdirda Sogʻliqni saqlash vazirligiga darhol xabar beriladi, bemor albatta kasalxonaga yotqiziladi, kasallik topilgan joyda dezinfeksiya, dezinseksiya va karantin chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Bemorga yaqin yurgan kishilar 5 kunlik karantinga olinadi va tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga koʻra hozir vabo kasalligi oʻchogʻida karantin qoʻllanilmaydi.

Davolash



Davo organizmning suv-tuz maromini rostlash, qon, plazma, fiziologik eritma, Ringer eritmasi, trisol, disol, atsesol, xlosol, reomakrodeks va boshqa eritmalarni toʻxtovsiz quyish, antibiotiklar berish, organizmning umumiy ahvolini yaxshilash choralarini koʻrishdan iborat.

Adabiyotlar




Shonosir Shovahobov.



uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz