Uzoqov Mullajon Karimovich
Mullajon Karimovich Uzoqov (1907-yil 1-may, Qo‘qon shahri, Qo‘qon uyezdi, Farg‘ona viloyati, Turkiston general-gubernatorligi, Rossiya imperiyasi — 1960-yil 30-dekabr, Toshkent shahri, O‘zbekiston SSR, SSSR) — sovet harbiy arbobi, gvardiyachi general-mayor (1957).
Tarjimayi holi
Mullajon Uzoqov 1907-yil 1-mayda Qo‘qon uyezdi, Qo‘qon shahrida tavallud topgan. 1923—1926-yillari cho‘ponlik bilan shug‘ullangan. Uzoqovning siyosiy-ijtimoiy hamda harbiy faoliyati 1929-yildan boshlanadi. 1927-yilda Samarqanddagi sovet xodimlari tayyorlov kursini bitiradi. 1929-yilda Kogon tumani harbiy komissarligi tomonidan harbiy xizmatga safarbar etilgan. 1931-yildan KPSS a’zosi. 1933-yili Toshkentdagi Vladimir Ilich Lenin nomidagi harbiy-siyosiy bilim yurtini tugatadi. 1934—1938-yillarda Moskvadagi Vladimir Ilich Lenin nomidagi harbiy-siyosiy akademiyaning tinglovchisi bo‘lgan. Uzoqov 1938—1939-yillari Shimoliy Kavkaz harbiy okrugi, 10-otliq diviziyasining siyosiy bo‘limida instruktor, 1939—1940-yillarda Kalinin shahridagi harbiy-siyosiy bilim yurti boshlig‘ining o‘rinbosari, 1940—1941-yillari O‘rta Osiyo harbiy okrugi 566-gaubitsali artilleriya polki, 1941—1942-yillari 38-alohida kursantlar brigadasi, 103-otliq va 99-otliq diviziyalarining harbiy komissari bo‘lib ishlagan. Ikkinchi jahon urushida Janubiy-g‘arbiy, Stalingrad, Dasht, Markaziy va 1-Belorussiya frontlari safida diviziya komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va siyosiy bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan. Stalingrad uchun jangda Samarqand va Fargʻonada tuzilgan 90-oʻqchi hamda 94-oʻqchi brigadalar singari podvolkovnik Uzoqov boshchiligidagi 21-otliq askarlar diviziyasi ham ushbu jangda alohida jasorat ko‘rsatgan. Polkovnik Uzoqov Gitler Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalaba kunini Berlinda nishonlagan. Janglarning birida kontuziya va ogʻir jarohatlar olgan. Urushdan keyin 1945—1946-yillari 23-otliq diviziya siyosiy bo‘limining boshlig‘i, 1946—1959-yillari O‘zbekiston SSR Harbiy komissari, ayni bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Kommunistik partiyasi MK Reviziya komissiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan. 1959-yilda Uzoqov iste’foga chiqadi. 1—4-chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining deputati (1938—1959-yillar). 1946-yildan to 1960-yilgacha oilasi bilan Toshkent shahrida istiqomat qilgan.
Vafoti
1960-yil 30-dekabr kuni Toshkent shahrida urushda olgan jarohatlarining asorati tufayli 53 yoshida vafot etgan va Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan.
Xotira
Toshkent shahridagi koʻchalarning biriga Mullajon Uzoqov nomi qoʻyilgan.
Mukofotlari
Uzoqov 11 ta davlat mukofotlari, shu jumaladan, 2 marta Lenin ordeni (1945-yil 6-aprel, 1954-yil 5-noyabr), 4 marotaba Qizil Bayroq ordeni (1943-yil 16-may, 1944-yil 4-iyul, 1944-yil 25-avgust, 1950-yil 15-noyabr), 2-darajali Vatan urushi ordeni (1944-yil 25-yanvar), Qizil Yulduz ordeni (1944-yil 3-noyabr) hamda jangovar, esdalik medallari, chet el ordenlari bilan taqdirlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org