Uyat bo’ladi…



Bugun o‘qib, o‘rganib hayotning oq-qorasini birmuncha taniganimda uyat tushunchasining qadr-qimmati nechog‘lik baland ekanligini, aynan mana shu xislatni unutib qo‘yayotganimiz tengdoshlarimning (ayrim kattalarning ham) xatti-harakatlariga qarab teranroq ang­lagandekman go‘yo. Magistrlik ilmiy ishim yozuvchilar ijodidagi fiqra janriga oid asarlarni tahlil qilish bo‘lgani uchun juda ko‘p adabiyotlarga murojaat etishga to‘g‘ri keldi.

Ana shu jarayonda duch kelgan ushbu mavzu yuzasidan ayrim fikrlarimni keltirib o‘tmoqchiman.

Xususan, bu haqda yozuvchi Abdulla Qahhorning "Uyat" nomli fiqrasida shunday fikrlarni o‘qish mumkin.

"Uyat faqat insonga xos tuyg‘udir. Hayvon uyat paydo qilolmagani uchun insonga yaqinlasholmaydi, lekin inson uyatini yo‘qotib hayvonga yaqinlashib qolishi mumkin.

Oyog‘i yoki tili bilan gandiraklab yurgan mastga, qo‘lga tushib yoki qo‘lga tushishdan qo‘rqib es-hushini yo‘qotgan o‘g‘riga, hiyla-nayrangi fosh bo‘lib bezrayib turgan tovlamachiga, duch kelgan ayolga  "muhabbat" izhor qilgan maxluqqa razm soling, bularning qaysi biri va nimasi hayvondan ortiq? Til-jag‘i deysizmi? Shoirdan eshiting:

Bularning til-jag‘i echkining soqoliday gap - odamlik nishonasi emas.

Bir donishmand uyatni "vijdonning sirtqi ko‘rinishi" debdi. Demak, uyatsizlik bilan beadablik, beadablik bilan axloqsizlik, axloqsizlik bilan jinoyatkorlik orasida qalin devor yo‘q, bularning har biri vijdonsizlikning turli bosqichidir. Modomiki, shundoq ekan, uyat jamiyatimizni balo-qazodan saqlaydigan buyuk posbon deyish mumkin.

Yov qal'ani olmoqchi bo‘lsa, hujumni posbonni bosishdan boshlaydi. Posbonni qo‘lga olish qal'aga rahna solish demakdir...

...Uyat eng shafqatsiz qonundan ham kuchliroq, qudratliroqdir. Qonun faqat ko‘zi tushganda, shub­ha paydo qilgandagina janoyatchining qo‘lini ushlaydi, yo‘lini to‘sadi. Uyat esa hamisha odobsiz, axloqsiz jinoyatchining tepasida turib, nojo‘ya ish qilish uchun qo‘l ko‘targani qo‘ymaydi. Har qanday qonunga ham chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘lmaydi, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi".

Xuddi shu mavzuga oid fikrlarni Erkin A'zamning "Uyat bo‘ladi" nomli fiqrasida ham o‘qish mumkin. Unda ham bugungi jamiyatimizda paydo bo‘lgan turli illatlar, yomon xislatlar haqida gap ketgan bo‘lib, yozuvchi hayotiy misollar yordamida o‘z mulohazalarini bayon etgan. Ushbu fiqra "Uyat bo‘ladi" sarlavhasi ostida berilgan bo‘lib, undagi ayrim fikrlarni keltirib o‘taman. "...Xususan, so‘nggi yillarda uyat hissi faqatgina axloqiy tushuncha emasligiga bot-bot amin bo‘lmoqdaman. Nazarimda, bu so‘zning mohiyati xiralashib, umuman, shu tuyg‘uning o‘zi susayib, gohida ahamiyati tamoman yo‘qolib ham ketayotgandek tuyuladi. Bo‘lmasa, kechagina ayb sanalgan uncha-muncha qilmishlarga bugun fazilat deb qaralmasa-da, harqalay, odatdagi bir hol sifatida beparvo munosabat qilinayotganiga nima deysiz!

Va'da beramiz-u, ustidan chiqmaymiz. Xijolat chekish yo‘q.

Bandasining ko‘ziga tik qarab yolg‘on gapiramiz. Tap tortish qayoqda!

Birovning haqini paqqos uramiz-u, ko‘zimizni lo‘q qilib turaveramiz. Bor, qo‘lingdan kelganini qil!

Har tadbirni qo‘llab, o‘zganing tagiga suv quyamizu o‘rnini egallaymiz. Insof-andisha - "eskilik sarqiti"!

Farzandlarimizning onasini har turli bozorlarga yo‘llab, mushtiparning topib kelganiga "inomarka" olib minamiz. Nomuslarga o‘lmoq qani?

Mol-dunyomiz o‘g‘irlik, haromxo‘rlik orqasida orttirilganini hamma biladi, o‘zimiz ham bilamiz. Loaqal, yerga qaramoq, qizarmoq xayolimizga kelsa-chi!

Kirdikorlarimiz olamga ovoza, biz esa adlu insofdan lof uramiz. Oxiratda ham bir iloji topilar...

Uyalmaymiz, uyalmaymiz...".

Bugun turli tartib-qoidalarga bo‘ysunishni istamasak-da, axloq, din, shariat, or-nomus deganda biroz bo‘lsa-da, sergak tort­maydigan inson yo‘q hisobi. Uyat ham sharqona insoniy fazilatlardan biri sanaladi.  Bu ishni qilma, u yomon degan gapdan ko‘ra, uyat bo‘ladi degan jumlaning salmog‘i kattaligi ham sir emas. Lekin yozuvchi ta'kidlaganidek, bugunga kelib uning ta'sir kuchi susaygandek, nazarimda. Chunki avvallari uyat sanalgan ishlar bugunga kelib odatiy holga aylanib ulgurdi. Balki bu rivojlanishning bir pog‘ona ko‘tarilgan shaklidir. Ayrimlar bu holatni glo­ballashuv ta'siri o‘laroq paydo bo‘layotgan "ommaviy madaniyat"ning oqibati deb atashmoqda. Chunki, zamonaviy texnologiya insoniyat uchun bir tomondan tamaddun belgisi bo‘lib ko‘ringani bilan, aslida uning tanazzulga boshlaydigan tomonlari ham mavjud. Buni esa hammamiz yaxshi bilamiz. Katta yoshli bobo-buvilarimiz, ota-onalarimiz ajdodlarimizdan milliy qadriyat darajasida saqlanib kelinayotgan or-nomus, sha'n va oriyat kabi tushunchalarni hali-hanuz qadrlab kelishmoqda. Lekin bugun men va mening tengdoshlarim, uka-singillarimga bu kabi odatlar eskilik sar­qitidek tuyulayotganiga nima deysiz? Ular aslida, nima uyatu  nima uyat emasligini yaxshi tushunishmaydi, bilishmaydi ham. Bunga o‘zim ham ko‘p marotaba guvoh bo‘lganman. Ular moda bilan uyat tushunchalarini bir-biriga aralashtirib yuborishmoqdaki, buning oqibatida maktab, litsey, kollej va institutlarda ta'lim-tarbiya olayotgan o‘quvchi va talabalar katta sumkaga kitob-daftar solib yurishni uyat sanashadi. Aksariyat o‘g‘il bolalar uy-ro‘zg‘or ishlarini bajarishdan, onasi va opa-singillariga yordam berishdan or qilishadi. Qizlar esa sochlarini o‘stirib, mayda o‘rishni zamondan ortda qolganlik, qoloqlik deb tushunishadi va uzun kiyim kiyib yurishdan uyalishadi. Aslida bularning barchasi haqiqiy o‘zbek farzandining sharafli burchi, vazifasi emasmi?

Agar vijdonan qaraydigan bo‘lsak, ko‘cha-ko‘y, transport, ish, o‘qish va jamoat joylarida qorni ochiq, haddan ziyod kalta yoki tor yubka, kindigi ko‘rinadigan shimlarda yurgan qizlar uyalsin. Ularni ko‘rib, oriyati uyg‘onmagan, yuzi qizarmagan o‘sha zamonaviy yigitcha uyalsin. Sumka o‘rniga bitta daftar ko‘tarib keladigan, o‘qish o‘rniga sotkasida gap sotadigan o‘quvchi-yoshlar uyalsin. Onasini ro‘zg‘or ishiga ko‘mib, o‘zi dugonasi bilan bog‘ aylanib yurgan qiz uyalsin...

Mana, aslida nimadan uyalish keragu, nimadan qochish kerak. Bugun biz uchun odatga aylangan bu kabi mayda narsalar aslida kelajakka otilgan mudhish o‘qdek nazarimda. Tengdoshlarimiz va uka-singillarimizni bunday odatlardan voz kechishga undash bizning ham vazifamiz sanaladi. Uyatni yemiradigan narsalardan asosiysi befarqlik hisoblanadi. Bu haqda Asqad Muxtorning "O‘zingizga qarang..." degan maqolasida ham yaxshi fikrlar bildirilgan. Unda yozilishicha, "...Bir oqshom men ko‘chadagi qator chiroyli chiroqlarni tosh bilan urib bitta-bitta sindirayotgan yigitchani ko‘rdim. U obod ko‘chani bezab, yoritib turgan katta lampalarni, astoydil mehnat qilayotgandek, jiddiy turib, chil-chil sindirar, toshi tekkanda lampaning "paq" etib otilishidan zavqlanar edi... Men bu yigitni bilaman. U asabiy yo tentak emas. Lekin to‘rt yildan beri na o‘qiydi, na ishlaydi, kino afishalariga loy bilan yozgan iflos so‘zlaridan bilamanki, savodi ham chala. O‘ziga qaramay qo‘ygan bunday odamlarning "yirikrog‘i" ham bo‘ladi. Ular hayotga, go‘zallikka, inson mehnatiga befarq holda biror mansabni egallab o‘tirgan bo‘lsalar, bundan ham yomon...". Ushbu maqolada "o‘zingizga qarang" degan jumla bekorga ishlatilmagan. Mana shunday noma'qul ishlardan nariroq yuring, turli buzg‘unchilik va odobsizlikdan o‘zingizni tiying deganidir.

Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor va Erkin A'zamning ham aynan shu mavzuga murojaat etganligining boisi nimada deb o‘ylaysiz. Bu birinchi navbatda - mana shu mavzuning yoki tuyg‘uning insonlar orasida kamayib ketayotganligidan emasmikan? Chunki hamma ham kamayib borayotgan narsa haqida tashvishga tushadi-da. Bundan chiqdi, Abdulla Qahhor yashagan vaqtda kamayib borayotgan uyat tushunchasi Erkin A'zam zamoniga qadar juda oz qolgan ko‘rinadi. Bilmadim, bu ketishda bizdan keyingi avlodlarga nima qoladi?

Men hozirdan xavotirlanishni boshladim.

Siz-chi? Siz, ayni shu tobda nima haqida o‘ylab qoldingiz? Agar hech nimani o‘ylamasangiz, uyat bo‘lmaydimi?..

Rayhona Xo‘jayeva“Ma’rifat” gazetasidan olindi.



Uzpedia.uz