Utah
Yuta — AQShning gʻarbiy qismidagi shtat. Maydon 219,9 ming km². Aholisi 2,31 mln. kishi (2002). Maʼmuriy markazi — Solt Leyk Siti (Salt Lake City) shahri. AQSh ittifogʻiga 4 yanvar 1896-yilda kirgan. Hududining katta qismini togʻ tizmalari (eng baland joyi 4123 m) va chuqur daralar bilan kesilgan choʻl landshaftli yassitogʻlik egallaydi. Sharqda Qoyali togʻlarga tutashib ketgan. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —2° dan —4° gacha, iyulniki 17—20°. Yillik yogʻin 250–400 mm. Asosiy daryosi — Kolorado. Koʻl koʻp; eng yirigi — Katta Shoʻr koʻl. Aholi, asosan, vohalarda yashaydi. Xoʻjaligida konchilik va qishloq xoʻjaligi yetakchi. Yuta mahsulotlarining 75%ni chorvachilik beradi. Sugʻoriladigan yerlarda qand lavlagi, sabzavotlar yetishtiriladi. Foydali qazilmalardan neft, tabiiy gaz, toshkoʻmir, mis, polimetallar, oltin, temir va uran rudalari qazib olinadi. Asosiy sanoat tarmoqlari: rangli va qora metallurgiya. Neftni qayta ishlash, kimyo, oziq-ovqat, radioelektronika sanoati korxonalari mavjud. Raketa, qishloq xoʻjaligi jihozlari ishlab chiqariladi.
Manbalar
uz.wikipedia.org