Ustrushona
Istaravshan (tojikcha: Истаравшан; forscha:
استروشن ) — Tojikiston Respublikasi Sugʻd viloyati Oʻratepa tumanidagi shahar (2002-yilgacha Oʻratepa shahri), tuman markazi. Turkiston tizmasining shimoliy etagida, 1000 m balandlikda joylashgan. Yaqin temir yoʻl stansiyasi — Xovos (45 km). Iyul oyining oʻrtacha harorati 25°, yanvarniki — 2°. Yillik yogʻin 368 mm. Istaravshandan viloyat markazi Xoʻjand shahrigacha 73 km. Shahar markazidan Dushanba — Xoʻjand avtomagistrali (Shaxriston va Anzob dovonlari orqali) oʻtadi. Aholisi 57,4 ming kishi (2013).
Tarixi
Istaravshan Tojikistonning qadimgi shaharlaridan biridir. Arxeologik maʼlumotlardan maʼlum boʻlishicha, shaharning bunyod etilishi miloddan avvalgi 6-asrga toʻgʻri keladi. Istaravshanilk oʻrta asrlarda (5—9 asrlar) Oʻrta Osiyodagi Ustrushona tarixiy-geofafik viloyati tarkibiga kirgan. Ushbu viloyat Sirdaryoning soʻl qirgʻogʻi bilan Sangzordaryo oraligʻidagi hududni oʻz ichiga olgan (hozirgi Tojikistonning shimoli-gʻarbiy qismi va Oʻzbekistonning Jizzax, Sirdaryo viloyatlari). Istaravshanning siyosiy tarixi tarixiy manbalarda kam yoritilgan. Miloddan avvalgi 6-asrning 30-yillarida qadimgi Istaravshan hududi Kir II tomonidan bosib olingan. Kir II oʻz davlatining shimoli-sharqiy chegaralarini mustahkamlash maqsadida Sirdaryoning soʻl qirgʻogʻi boʻylab 7 ta chegara qalʼasi qurdirgan. Keyinchalik, miloddan avvalgi 4-asrda Aleksandr bu qalʼalarni qiyinchilik bilan zabt etgan, ayniqsa, Kiropol kattik, qarshilik koʻrsatgan. Milodiy 5-asr oxiri — 7-asrda Istaravshan hududi eftaliylar va Gʻarbiy Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. Bu davrda Istaravshanni mahalliy shohlar — afshinlar idora qilgan. Arablar istilosi davrida Istaravshan mustaqilligini uzoq vaqt saqlab qolgan va faqat 822-yilga kelib uzil-kesil xalifalikka qoʻshib olingan. 893-yilgacha Istaravshanni xalifalik vassallari boʻlgan afshinlar boshqarishni davom ettirganlar. 893-yildan Somoniylarga tobe boʻlgan. Istaravshan Oʻratepa nomi bilan dastlab Boburning "Boburnoma" asarida (16-asr) tilga olingan. 18-asrda mustaqil hudud sifatida maʼlum edi. Keyinchalik, Buxoro amirligi va Qoʻqon xonligi tasarrufida boʻlgan. 1886-yil shaharni podsho Rossiyasi qoʻshinlari egallagan.
Shahar qadimdan Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashganligi bois hunarmandchilik va savdo markazi sifatida shuhrat qozongan. Keyingi yillarda Istaravshanda jahon bozori tashkil etilgan.
Sanoati
Istaravshanda sanoat korxonalari, meva va sabzavot konservalash, non, sut, gʻisht zavodlari, trikotaj fabrikasi mavjud. Shuningdek, shaharda savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. Istaravshan yogʻoch, metallga oʻyib gul solish, sopolga gul solish va kashtachilikning qadimdan markazi.
Ijtimoiy soha
Umumiy taʼlim, musiqa maktablari, pedagogika va hunar-texnika bilim yurtlari, kutubxona, klub, xalq teatri, tarixiy oʻlkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. Mehmonxonalar, kasalxona, tugʻruqxona va poliklinikalar aholiga xizmat koʻrsatadi.
Meʼmoriy yodgorliklari
Shaharda meʼmoriy yodgorliklardan: Koʻkgumbaz (Abdullatif Sulton) masjidi va madrasasi (16—17-asrlar), Bobotagʻo (15-asr oxiri), Abduqodir Jeloniy (Geloniy) (15-asr oxiri), Sari Mozor (16-asr) hamda Chorgumbaz (18-asr) maqbaralari va boshqalar; 19—20-asrlarda qurilgan sinchli naqshinkor binolar saqlangan.
Hamdoʻst shaharlar
Pochta markalari
Adabiyot
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org