Usmon Yusupov
Usmon Yusupovich Yusupov (1-mart 1900, Fargʻona tumanidagi Kaptarxona qishlogʻi — 7-may 1966, Yangiyoʻl Toshkent) — davlat va siyosat arbobi. Mehnat faoliyatini 1916-yil Qovunchi (hozirgi Yangiyoʻl shahri)dagi paxta tozalash zavodida ishchilikdan boshlagan. Toshkent binokorlar uyushmasi raisi, kasaba uyushmalari Toshkent okrugi kengashi raisi (1926—1928). Oʻzbekiston Kompartiyasi MK kotibi (1928—1931), VSSPS Oʻrta Osiyo byurosi raisi (1931—1934). Oʻzbekiston SSR Oziq-ovqat sanoati xalq komissari (1936—1937), Oʻzbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1937—1950). SSSR Paxtachilik ministri (1950—1953), Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi (1953—1954), Mirzachoʻldagi „4-Boyovut“ va „2-Boyovut“ szlari va Yangiyoʻl tumanidagi „Xalqobod“ agrarsanoat birlashmasi direktori (1955—1966).
Usmon Yusupov respublikaga rahbar boʻlgan yillarda Oʻzbekistonda xalq hashari yoʻli bilan yirik suv inshootlari (Katta Fargʻona kanali, Kattaqoʻrgʻon suv ombori va boshqalar) qurilgan. Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakat gʻarbidan koʻchirib keltirilgan korxonalarni ishga tushirish, yangilarini qurish, frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan muntazam taʼminlash, oʻzbekistonliklarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qilish, urush tufayli uyjoy va boshpanasiz qolgan aholi hamda yetim qolgan bolalarga mehribonlik va insonparvarlik qilishda Usmon Yusupov bosh-qosh boʻlgan. U oʻz siyosiy faoliyati davrida imkoniyat doirasida Oʻzbekiston xalqi manfaatlarini himoya qilishga intilgan boʻlishiga qaramay ommaviy qatagʻon siyosatida (1937——1939) Markaz farmoyishlarini bajarishga majbur boʻlgan. Toshkentdagi Chigʻatoy qabristoniga dafn etilgan. Katta Fargʻona kanali, Fargʻona tumanidagi qishloq, respublikadagi bir necha maktab, koʻcha, shirkat xoʻjaligiga Usmon Yusupov nomi berilgan. Yangiyoʻl shahrida uy muzeyi bor, haykali mavjud.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org