Ushturkat




Shuturkat , Ushturkat - Choch (Toshkent) viloyati hududida qad koʻtargan oʻrta asrlar (6—8, 9—13-asrlar boshlari)ga mansub savdo shahri xarobalari va arxeologiya yodgorligi. Sh. xarobalari Eski Toshkentda Chirchiq daryosining oʻng sohilida "Paxta" temir yoʻl bekati yaqinida yastangan. Maydoni ilk oʻrta (6—8) asrlarda taxminan 20 ga, 9— 13-asr boshlarida esa qariyb 200 ga ga teng boʻlgan. Xarobaning bir qismini Chirchiq daryosi va Kurkulduk suvi yuvib ketgan. Sh. yodgorligi 1934-yilda G.V. Grigoryev tomonidan oʻrganilgan.

SH. toponimi "Tuyadek katta", "Tuya karvoni choʻkadigan ulkan shahar" maʼnolarini anglatgan. 10-asr arab geografi Ibn Havqalning yozishicha, Sh. Shosh viloyatida uning poytaxti Binkatdan keyin 3-oʻrinni egallagan. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda uning xarobalari Chirchiq daryosining oʻng sohilida daryo kechuvidan yuqoriroqda joylashgan. Uning hududi sohil boʻylab qariyb 8 chaqirim (1 chaqirim — 1,06 km) gʻarbga, dasht tomon 2—3 chaqirimga choʻzilgan. Muqaddasiyning taʼriflashicha, shahar istehkomli boʻlib, unda usti tim shaklida yopilgan bozori boʻlgan. Sh. bilan Binkat oraligʻi bir kunlik yoʻl boʻlib, bu oraligʻda Danfagʻon — 2 farsax, Bonukat (Xudaynkat) — 3 farsax, Bonukatdan Binkatgacha — 2 farsax, shu masofada Zaldikat kabi shaharlar oʻrin olgan. shahridan quyiroqda esa Jinojjat (Chinochkat) shahri qad koʻtargan. Sugʻd va Choch karvon yoʻli ustida barpo etilgan Sh. bu 2 mintaqalararo savdoda karvonlar toʻxtaladigan yirik savdo maskani sifatida muhim ahamiyatga ega tuyakashlar shahri hisoblangan.

Unda koʻplab sopol, shisha idishlar, pishiqgʻishtlar (aksariyati 10—12-asrlarga mansub) va boshqalar buyumlar topilgan.

Abdulahad Muhammadjonov.

uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz