Urug’lar nima?
O’simliklarning tarqalish usullaridan biri urug’ining sochilishidir. Parrandalar o’zidan nasl qoldirish uchun tuxumlarni ochib chiqqaniday, o’simliklar ham urug’ yetishtiradi. Urug’ hosil bo’lishi uchun o’simliklarning guli (to’pguli) changlangan bo’lishi kerak. Urug’lar pishib yetilgach, dam olish davrini ham o’tashi kerak bo’ladi. Davrning davomiyligi urug’lar turiga bog’liq. Ayrim urug’lar, qish davri o’tmaguncha, ko’karmaydi. Urug’ unishi uchun kislorod va issiqlik kerak. Yorug’lik ham uning o’sishiga yordam beradi. Agar ma’lum bir vaqt ichida u ko’karib chiqmasa, chirib ketadi. Urug’ni kelgusi ekish paytigacha ma’lum bir temperaturada va quruq joyda saqlagan ma’qul. Urug’larning o’lchami, shakli va rangi turlichadir. Turli o’simliklarning urug’i turlicha tuzilmaga ega. Ayrim urug’larning ichida maydagina o’sma bor. O’rab turgan ozuqa muhiti unga unib chiqayotganida, to o’z ildizi hosil bo’lmaguncha, mustaqil ravishda oziqlanish imkonini beradi. Agar urug’ ekilgunga qadar yetarli namlik, kislorod va issiqlik olgan bo’lsa, albatta, unib chiqadi. Yetarli darajada namlik olganidan so’ng urug’ o’sa boshlaydi. U dastlab suvga bo’kadi, kimyoviy tarkibi o’zgaradi, urug’hujayralarida hayot uyg’onadi va undan kichik nihol paydo bo’ladi. Urug’ning asosiy qismi o’simlikka aylanadi. Uning po’sti ajraladi, o’simlik o’sib chiqadi, balog’at yoshiga yetadi va yangi urug’lar bera boshlaydi. Urug’larning o’lchami katta va kichik bo’ladi. Begoniya o’simligining urug’i shu darajada kichikki, xuddi chang zarrasiga o’xshaydi. Kokos palmasi urug’ining og’irligi esa 18 kg. gacha yetadi. Ayrim o’simliklarning urug’i 20 tadan oshmaydi. Shu bilan bir vaqtda o’rik, olcha, zarang kabi daraxtlari ming-minglab urug’ga ega bo’ladi. Urug’lar turli yo’llar bilan tarqaladi. Ayrim urug’lar, masalan, sariqchoyning urug’ini hayvonlar terisi yoki loy bilan birga tuyoqlariga ilashtirib, boshqa joylarga olib ketadi. Mevali daraxtlarning urug’ini inson yoki hayvonlar tarqatishi mumkin. Ayrim urug’larning qanoti bor, ularni shamol tarqatadi, boshqalarini esa suv olib ketadi. Shunday urug’lar ham borki, ularni ona o’simlik miltiqday otadi.
Manba
Mo’jiza kitobning 1-jildi
Uzpedia.uz