Urishbay Chomanov
Chomanov Urishbay Chomanovich – oziq-ovqat ishlab chiqarish texnologiyasi sohasidagi sovet va qozoq olimi, texnika fanlari doktori (1991), professor (1992), Qozogʻiston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi akademigi (2003).
Biografiyasi
Urishbay Chomanov 1948-yil 2-yanvar sanasida Toshkent viloyati, Shoʻralisoy qishlogʻida tugʻilgan.
1971-yilda Chimkent shahrida joylashgan Qozog‘iston kimyo-texnologiya institutini muhandis-mexanik mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 1971-1975-yillar otaligʻida Jambul yengil va oziq-ovqat sanoati texnologik institutida dars bergan.
1976-yilda Moskva goʻsht va sut sanoati texnologik instituti qoshidagi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashning elektrofizik usullari muammoli tadqiqot laboratoriyasining aspiranturasiga oʻqishga kirgan. 1979-yilda „Gigroskopik xususiyatlarni tadqiq qilish va suv faolligini, goʻsht va goʻsht mahsulotlarining namligini aniqlash usullari va qurilmalarini ishlab chiqish“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan
1980-1985-yillarda Semipalatinsk goʻsht va sut sanoati institutida ishlagan. 1986-yildan Moskva davlat amaliy biotexnologiya universitetining doktoranti boʻlgan. 1990-yilda esa „Oziq-ovqat mahsulotlarida namlik munosabatlarini tahlil qilish uchun termodinamik usullar va vositalarni ishlab chiqish“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1991-1994-yillarda Semipalatinsk goʻsht va sut sanoati texnologik universitetida ilmiy ishlar boʻyicha prorektor lavozimida ishlagan. 1995-2001-yillarda Qozogʻiston oziq-ovqat sanoati ilmiy-tadqiqot instituti direktori boʻlgan. 2001-2002-yillarda Olmaota texnologik universitetida kafedra mudiri lavozimida ishlagan.
2007-yildan Qozogʻiston oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati ilmiy-tadqiqot institutida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash texnologiyasi boʻlimi mudiri boʻlib ishlay boshlagan.
Ilmiy qiziqishlar yoʻnalishi: oziq-ovqat va goʻsht-sut sanoatida yangi texnika va yangi texnologiyalarni ishlab chiqish.
Urishbay Chomanov 200 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, 50 dan ortiq patent va ixtirolarga mualliflik guvohnomalariga ega. „Goʻsht, sut, baliq mahsulotlari va muzlatgichlar ishlab chiqarish texnologiyasi“ va „Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari va apparatlari“ mutaxassisliklari boʻyicha ilmiy maktab tashkil etgan hamda uning rahbarligida 4 ta doktorlik va 8 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
1991-yilda Texnika fanlari doktori, 1992-yilda professor, 2003-yilda esa Qozog‘iston Respublikasi Milliy Fanlar Akademiyasi akademigi unvonlariga ega boʻlgan.
„Qozogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi“ koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org