Urganjiyon guzari




Urganjiyon guzari  – Buxoroda joylashgan guzar. Guzar XVI asrda Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Shayboniylar sulolasi davrida tashkil topgan. Guzar Sultonlar koʻchasi deb ham nomlanadi.
Tarixchi olim Halim Toʻrayev tadqiqotlariga koʻra, Urganch tomonidan koʻchib kelgan aholi yashaganligi sababli Urganjiyon deb nomlangan. 1206-yil Muhammad Xorazmshoh Malik Sanjar qoʻzgʻolonini bostirish maqsadida Buxoroga yurish qilgan va natijada Buxoroga urganchlik aholi kelib qoladi. XVII asrda Xiva xoni Abulgʻozi Bahodirxon va Anushaxon bosqini natijasida Buxoga ikkinchi marta yana urganchliklar oʻrnashgan.
Guzarda yashovchi aholining asosiy kasbi toʻquvchilik boʻlgan. Ular asosan adras va beqasam toʻqishgan va koʻpchilikning guzarda ustaxonalari boʻlgan. Urganjiyon guzarida maktab va masjid ham boʻlgan. Guzarda Said Tojiddin mozori va ziyoratgohi ham boʻlgan. Chaqari Sultonon nomli avliyo qabri ham mavjud boʻlib, 1913-yilgi vaqf hujjatlarida maʼlumotlar uchratish mumkin. Guzarlarda odatda masjid, madrasa, bozorlar, doʻkonlar boʻlgan.
1927-yilda olib borilgan tadqiqotlarga koʻra guzarda 52 ta oila boʻlib, 260 kishi istiqomat qilgan. 1929-yilda guzarlarni roʻyxatga olib borish paytida guzar nomi oʻzgartirilib, Xonaqoi Joʻybor deb qayta nomlangan. Mazkur davrda Chaqari Joʻybor, Mirzo Mahdi, Xonaqoi Joʻybor guzarlari birlashtirilib, Mirzo Mahdi va boshqa nomlar bilan atalgan. Sovet yillarida guzarda „Oktyabr 40 yilligi“ koʻchasi boʻlgan.
Urganjiyon guzarida hozirgi kunda Ibrohim Moʻminov koʻchasi joylashgan. Guzar masjidi saqlanib qolmagan. Koʻcha boʻylab jamoat binolari bunyod etilgan boʻlib, qal’a qoldiqlari ham saqlanib qolgan.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz