Urganch tumani
Urganch tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Shovot tumaniga qoʻshib yuborilgan, 1964-yil 31-dekabrda qayta tashkil etilgan. Sharkdan Xonqa, gʻarbdan Qoʻshkoʻpir, Shovot va Yangibozor tumanlari, shimoldan Gurlan tumani va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, janubdan Xiva, Yangiariq tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,46 ming km². Aholisi 141,1 ming kishi (2004). Tumanda 1 ta shaharcha (Chalish), 10 qishloq fuqarolar yigʻini (Bekobod, Chakkasholikor, Chandirqiyot, Chatkoʻpir, Yuqoribogʻ, Yuqoridoʻrman, Qoramon, Qorovul, Gʻalaba, Gʻoybu) mavjud. Tuman markazi — Qorovul qishlogʻidir.
Tabiati
Tuman relyefi pasttekislikdan iborat, balandlik 100 metr. Tuprogʻi qumloq, boʻzallyuvial, Amudaryo oqiziqlaridan tarkib topgan. Daryo boʻyidagi toʻqay va qumliklarda jiyda, turangil, tol, saksovul, yulgʻun, yantoq, qamish, otquloq, olapoʻta, oqbosh, shoʻra, ajriq oʻsadi. Toʻqay va changalzorlarda quyon, chiyaboʻri, qumliklarda yumronqoziq, kaltakesak; qushlardan chumchuq, toʻrgʻay, qargʻa, boyoʻgʻli, kaptar, musicha va boshqa bor.
Iqlimi keskin kontinental. Yanv. oyining oʻrtacha temperaturasi —4°, —5°, eng past tra —25°. Iyul oyining oʻrtacha temperaturasi 26°, 28°. Eng yuqori tra 44°. Yillik yogʻin 80-90 mm. Vegetatsiya davri 200—210 kun. Dehqonchilik sugʻoriladigan yerlarda amalga oshiriladi. Yer osti suvlari yuza, yerlarni teztez shoʻr bosib turadi. Ekin maydonlari Amudaryo va tuman hududi orqali oʻtkazilgan Gʻozovot, Shovot, Qulobod, Qirgʻizyop, Oʻrisyop, Doʻrman va boshqa kanallaridan sugʻoriladi. Gʻozovot— Davdon, Yangibozor kollektorlari bor.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar (92%), shuningdek, qozoq, rus, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 306,8 kishi. Shahar aholisi 5,6 ming kishi, qishloq aholisi 135,5 ming kishi (2004).
Xoʻjaligi
Tumanda paxta tozalash zavodi, 12 kichik gʻisht zavodi, „Xorazm— Nurtop“ ip gazlama korxonasi, sut va uzumni qayta ishlash sexlari, 5 qurilish tashkiloti, parrandachilik fabrikasi mavjud.
Qishloq xoʻjaligi, asosan, dehqonchilikka ixtisoslashgan. Tuman yer maydoni 26,8 ming ga ni tashkil etadi. Shundan 25,8 ming ga yer sugoriladi va haydaladi. 11 ming ga yerga paxta, 5,9 ming ga yerga gʻalla, 3,3 ming ga yerga sholi, 835 ga yerga poliz va sabzavot ekinlari ekiladi. Qolgan maydonlarda makkajoʻxori, oq joʻxori va chorva uchun ozuqabop ekinlar yetishtiriladi. 1380 ga yer bogʻ va tokzorlar bilan band. Bogʻlarda oʻrik, olma, anjir, nok, nashvati, shaftoli, uzum, anor, olxoʻri va boshqa kabi mevali daraxtlar oʻstiriladi.
Urganch tumanida 14 jamoa va shirkat xujaliklari, 831 fermer va dehqon xoʻjaliklari mavjud. 3 xoʻjalik fermer uyushmasiga aylantirilgan. Tumandagi jamoa va xususiy xoʻjaliklarda 73,2 ming qoramol, 32,2 ming qoʻy va echki, 240,4 ming parranda boqiladi. Pilla ham yetishtiriladi. Tuman hududidan xalqaro avtomobil yoʻli va Toshkent— Shovot temir yoʻl utgan (uz. 40 km).
2003 — 2004 oʻquv yilidagi 44 umumiy taʼlim maktabida 30 mingga yaqin oʻquvchisi taʼlim oldi. 3 kasbhunar kolleji, musiqa, sport maktablari, 1 markaziy va 39 tarmoq kutubxonasi, 2 stadion, 40 sport maydonchasi, kasalxona (305 oʻrin), 12 qishloq vrachlik punkti, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 poliklinika, „Jayxun“ sanatoriysi ishlab turibdi.
1958-yildan „Urganch haqiqati“ tuman gazetasi chop etiladi (adadi 1000).
Manbalar
uz.wikipedia.org