Upton Sinclair
SINKLER (Sinclair) Epton Bil (1878.20.9, Merilend shtati Baltimor sh. — 1968.26.11, BraundBruk) — amerikalik yozuvchi. Kolumbiya universitetida oʻqigan. Ilk romani — "Shoh Midas" (1901). "Bahor va pishiqchilik" (1901) romani, "Artur Stirlingning kundaligi" va "Shahzoda Xagen" pyesasi (1903)da balandparvoz patetika mavjud boʻlishiga qaramay, ulardagi ijtimoiytanqidiy ohanglar keyinchalik S. ijodida yetakchilik qilgan. S.ning "Jungli" (1906) romani yozuvchi ijodida yetuklik davri boshlanganidan darak beradi. S. 20-asr boshlarida ijtimoiy mavzudagi "Poytaxt" va "Sarroflar" (1908) romanlaridan tashqari, "Sevgi sinovi" (1911), "Silviya" (1913), "Silviyaning turmushga chiqishi" (1914) singari oila va muxabbat mavzuida ham asarlar yozgan. Rossiyadagi 1917-yil inqilobi taʼsirida S. "Jimmi Xiggins" (1919) romanini yozib, unda intervensiya yillarida Amerika qoʻshinlari orasida Sovet davlati foydasiga targʻibot ishlarini olib borgan proletar, "Neft" (1927) romanida esa amerikalik fashistlar qoʻlida halok boʻlgan kommunist obrazlarini yaratgan. S.ning bolshevizmga xayrixoxlik ruhi bilan sugʻorilgan va amerikacha hayot tarzini fosh etuvchi ["Boston", 1928; "Matlubot", 1936; "No pasapan!" ("Ular oʻtmaydi!", 1937); "Avtomobil qiroli", 1938 va boshqa] asarlari sovet davrida Amerikadagi tanqidiy realizm adabiyotiga qoʻshilgan ulkan hissa sifatida baholanib kelingan.
uz.wikipedia.org