Umurtqa Pog‘onasi




Umurtqa pogʻonasi - odam va umurtqali hayvonlar skeletinint asosiy qismi. Ontogenezda togʻayli yoki suyakli umurtqa tanasi rivojlanib, embriondagi xordaning dastlab bir oz qismi, keyinchalik hammasini egallagan. Toʻgarak ogʻizlilar, ikki xil nafas oluvchilar, yaxlit boshlilar, osyotrsimonlarning voyaga yetgan individlarida Umurtqa pogʻonasi yoʻq, juft yoylar esa yaxshi rivojlangan xordaga joylashgan. Suvdagi umurtqali hayvonlarning quruqlikda yashashga oʻtishi Umurtqa pogʻonasining tayanch rolini oshirdi. Umurtqa pogʻonasi orqa miya ham taʼsirlardan himoya qiladi.

Umurtqa pogʻonasi ahamiyatiga koʻra qator qismlarga boʻlinadi. Baliklar Umurtqa pogʻonasi qovurgʻali tana va dum, qurukliqdagi umurtqali hayvonlarniki boʻyin, koʻkrak, bel (baʼzi guruh vakillarida yoʻq), dumgʻaza va dum qismlaridan iborat. Boshni atrofga harakatlantirish zarurati boʻyin qismining paydo boʻlishiga olib kelgan. Amfibiyalarda bitta, sudralib yuruvchilarda 4—9 (baʼzilarida koʻp), qushlarda 11—25, sut emizuvchilarda 7—10 ta boʻyin umurtqasi bor. Umurtqa pogʻonasining koʻkrak qismida qovurgʻalar boʻlib, koʻpchiligi toʻsh suyagi bilan birikib koʻkrak qafasinn (amfibiyalarda yoʻq) hosil qiladi. Bel qismda (amfibiyalar va sudralib yuruvchilarda yoʻq) rudimentar qovurgʻalar mavjud. Dumgʻaza umurtqalari (amfibiyalarda bitta, sudralib yuruvchilarda 2, sut emizuvchilarda 1 —10 ta va h.k.) chanoq suyagi bilan koʻrinishi oʻzgargan qovurgʻalar yordamida tutashgan.

Odamda Umurtqa pogʻonasi boʻyin, koʻkrak, bel, dumg'aza va dum suyaklari — umurtqalarning ustma-ust qoʻshiluvidan tashkil topadi. Umurtqa pogʻonasi shu umurtqa tanalarining orasida joylashgan togʻay disklar hisobiga uzayadi. Umurtqalar bir-biriga ulanib borishi natijasida umurtqa kanali hosil boʻlib, unda orqa miya yotadi. Odam Umurtqa pogʻonasi kishining tik yurishiga moslashgan boʻlib, pastga qarab kengayib boradi. Umurtqa pogʻonasining boʻyin, bel, koʻkrak va dumgaza qismlarida fiziologik bukilmalar bor. Boʻyin va bel qismidagi bukilmalar lordoz (fiziologik lordoz), koʻkrak va dumgʻaza qismidagi bukilmalar kifoz (fiziologik kifoz) deb ataladi. Boʻyin va bel qismlari oldinga, koʻkrak va dumgaza qismlari orqaga qarab bukilgan boʻladi. Bu bukilmalar bola boshini mustaqil koʻtarib turishi, oʻtira boshlashi va tik yurishidan boshlab shakllanadi.

Umurtqa pogʻonasining boʻyin va bel qismi koʻp, koʻkrak qismi kam harakatlanadi. Kishining qaddiqomati Umurtqa pogʻonasi boylamlari, muskullarining holatiga bogʻliq.

Umurtqa pogʻonasi umurtqa kanalida yotgan orqa miyani ezilishdan, choʻzilishdan saqlaydi, gavdani tik tutadi, koʻkrak, qorin va chanoq boʻshliqlarini hosil qilish va boshqalarda ishtirok etadi.

Umurtqa pogʻonasi kasalliklaridan koʻpincha umurtqa pogʻonasining tugʻma anomaliyasi, orttirilgan kasalliklari, shikastlanishi va boshqa uchraydi. Tugʻma nuqsonlardan koʻproq 2 yoki 3 umurtqaning oʻzaro birikib ketishi, ortiqcha umurtqalar borligi va h.k. kuzatiladi. Bu xil nuqsonli Umurtqa pogʻonasida koʻpincha ogʻriq sezilmaydi. Orttirilgan kasalliklariga, asosan, ostexondroz, Umurtqa pogʻonasi deformatsiyalari (qarang Umurtqa pogʻonasining qiyishyishi, Skolioz), yalligʻlanish kasalliklari (qarang Spondilit), Umurtqa pogʻonasi boylamlarining uzilishi yoki choʻzilishi, umurtqalarning chiqib ketishi va boshqa kiradi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz