Umumiy Taʼlim
Umumiy taʼlim - kasbi va turmush tarzi qandayligidan qatʼi nazar tabiat, jamiyat, tafakkur, sanʼat, maʼnaviyat boʻyicha har bir kishi egallashi zarur boʻlgan bilim asoslari, shuningdek, har bir odamda hayotda qiynalmay yashashi uchun shakllantirilishi kerak boʻlgan koʻnikma va malakalar yigʻindisi; maʼlum yoshdagi barcha bolalarning muayyan bilimlar minimumini beradigan maktablarda maʼlum vaqt mobaynida majburiy taʼlim olishi.
Umumiy taʼlimni egallash har bir kishiga ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, unda olamni bilish krbiliyatini rivojlantirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, Umumiy taʼlim kasbiy hamda politexnik taʼlimning poydevori boʻladi. Umumiy taʼlim oʻquv muassasalarida oʻqish orqali ham, mustaqil taʼlim yoʻli bilan ham olinishi mumkin.
Jahon ped. fani va amaliyotida Umumiy taʼlimning boshlangʻich, kuchaytirilgan boshlangich va oʻrta singari turlari mavjud. Boshlangʻich Umumiy taʼlim oʻqish, yozish, arifmetikaning dastlabki amallari hamda tabiatshunoslik, geogr. va Vatan tarixi yuzasidan ibtidoiy tushunchalar, rayem, musiqa, jismoniy tarbiya va mehnat singari oʻquv fanlarini oʻz ichiga oladi. Kuchaytirilgan boshlangʻich Umumiy taʼlimda esa oʻquvchilarga ona tili grammatikasi, chet tili, adabiyotning qisqa kursi, mat.ning ayrim boʻlimlari, algebra, geom., fizika, tabiatshunoslik, chizmachilik boʻyicha ibtidoiy maʼlumotlar, geogr., tarix, rayem, mehnat kurslari qoʻshiladi. Yevropa mamlakatlarining aksariyatida boshlangʻich va kuchaytirilgan boshlangich Umumiy taʼlim taʼlimning mustaqil tizimi sifatida qaraladi va oʻrta Umumiy taʼlim bilan yetarli uzviylik kasb etmaydi. Oʻrta Umumiy taʼlim, odatda ona tili va adabiyotning tizimli kursi, chet tillari, Vatan va jahon tarixi, madaniyatshunoslik, algebra, geom., trigonometriya, fizika, kimyo, biol., chizmachilik, geogr., jismoniy tarbiya, informatika va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Ayrim Umumiy taʼlim maktablari bir yoki bir necha oʻquv fanlarining chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishiga ixtisoslashgan boʻladi.
Oʻzbekistonda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinguniga qadar (1997) Umumiy taʼlim boshlangʻich (1—4sinf), tayanch (5—9sinf) va oʻrta (10—11sinf) bosqichdan iborat boʻlgan. Endilikda Oʻzbekistondagi Umumiy taʼlim boshlangich (1—4sinflar), oʻrta (5—9sinf) va oʻrta maxsus (akademik litsey va kasbhunar kollejlari) kabi bosqichlardan iborat boʻlib, mamlakatimiz yoshlarining barkamol shaxs boʻlib shakllanishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
Oʻzbekistonda qadim zamonlardayoq taʼlim tizimi keng tarmoq yoygan boʻlishiga qaramay, umummilliy miqyosda Umumiy taʼlim rasman 1930-yilning 15 sentabrdan joriy etildi. Oʻsha davrdagi hukumatning qaroriga koʻra, 1934-yildan boshlab Oʻzbekistonda umumiy boshlangʻich taʼlim olish majburiy qilib qoʻyildi. Bu tartib nafaqat maktab yoshidagi bolalarga, balki boshlangʻich maʼlumotga ega boʻlmagan katta yoshdagi kishilarga ham tatbiq qilindi. Shuning uchun ham mamlakatda savodsizlik va chalasavodlikni tugatishga yoʻnaltirilgan vaqginchalik maktablar tizdmi paydo boʻldi. 1938-yilning iyulidan Oʻzbekistonda umumiy yetti yillik majburiy taʼlim joriy etildi. Lekin Ikkinchi jahon urushi mamlakatda umumiy yetti yillik taʼlimning toʻliq amalga oshishiga imkon bermadi. 1956-yildagina yetti yillik Umumiy taʼlimga toʻliq erishildi. 1958-yildan Oʻzbekistonda Umumiy taʼlim sakkiz yilga, 1975-yildan oʻn yilga yetkazildi. 1990-yildan Oʻzbekistonda Umumiy taʼlim muddati oʻn bir yilni tashkil etdi.
Fan va texnikaning tinimsiz rivojlanib, axborotlarning haddan tashqari koʻpayib borishi va uni yetkazish texnologiyalarining tezkor taraqqiyoti Umumiy taʼlim muddatini uzaytirishni taqozo etishi tabiiydir. Shuni nazarda tutilgani uchun ham Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan 1997-yilda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi. Unga koʻra, OʻzRda Umumiy taʼlim tizimi uz ichiga akademik litsey va kasbhunar kollejlarini ham qamrab oldi. Shu tariqa, Oʻrta Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib Oʻzbekistonda Umumiy taʼlim urta maxsus taʼlim darajasiga kutarilib, muddati oʻn ikki yilga yetkazildi.
uz.wikipedia.org