Umumiy O`rta Ta'lim Maktabi
Umumiy oʻrta taʼlim maktabi — majburiy taʼlim muassasasi. Mamlakat yoshlarida tabiat, jamiyat, dunyokarash, sanʼat va mehnat borasidagi milliy tushunchalar shakllantirishga asos buladigan bilim hamda ularning kasbiy yoki politexnik taʼlimi olish uchun yetarli darajadagi kunikma va malaka beradi.
Hozirgi Oʻzbekiston hududida U.oʻ.t.m. oʻquv yurtining mustaqil tipi sifatvda maktabxona, qorixona, rustuzem maktablari, yangi usul maktablari shaklida mavjud boʻlgan. 20-asrning 20-yillar oʻrtalaridan shaharlarda 7 yillik maktablar, qishloq joylarda dehqon yoshlari maktablari tashkil qilindi. 1934-yildan U.oʻ.t.m. 10 yillik maktablarga aylantirilib, boshlangʻich (4 yillik), toʻliqsiz oʻrta (7 yillik) va oʻrta (10 yillik) maktab turlariga ajratildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida U.oʻ.t.m. ning yangi turlari — ishchi yoshlar maktablari va qishloq yoshlari maktablari vujudga keldi.
Hozir Oʻzbekistonda U.oʻ.t.m. boshlangʻich (1—4-sinf) va oʻrta (5—11-sinf) bosqichdan iborat. U.oʻ.t.m.ning boshlangʻich bosqichida oʻquvchilar atrof muhitga ongli munosabatda boʻlish, mustaqil fikrlash va oʻz fikrini asoslashga oʻrgatiladi. Ularda zarur darajadagi ilmiy hamda umummadaniy bilimlarni olish ehtiyojini shakllantirishga, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan maʼnaviy fazilatlarni qaror toptirishga eʼtibor qilinadi. Bolalarda dastlabki ongli mehnat koʻnikmalari shakllantirilishi koʻzda tutiladi. U.oʻ.t.m.ning oʻrta bosqichida ijtimoiygumanitar va tabiiy fanlar asoslari, milliy istiqlol gʻoyasining asosiy tushunchalari, ijtimoiy foydali mehnatning eng zarur koʻnikmalari, yoshlarning estetik dvdi va badiiy tafakkurini shakllantirishga xizmat qiladigan oʻquv fanlari oʻrgatilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, bu bosqich oʻquvchilarda tashkilotchilik va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini, nazariy bilimlarni amalga tatbiq etish koʻnikmalarini shakllantirishni ham koʻzda tutadi. U.oʻ.t.m.larida dastlabki tarzda kasbga yoʻnaltirishga eʼtibor berilib, yoshlar taʼlimning navbatdagi oʻrta maxsus bosqichiga qiynalmay oʻtishga tayyorlanadi.
Oʻzbekistonda U.oʻ.t.m. yagona maktab tamoyiliga amal qilgan holda davlat tomonidan tashkil etiladi, faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va moliyaviy taʼminlanadi. Bu hol ixtisoslashgan va yoʻnaltirilgan U.oʻ.t.m.lari boʻlishi mumkinligini istisno qilmaydi. U.oʻ.t.m.lari faoliyati tegishli idoralar tomonidan tasdiklangan oʻquv rejasi, davlat taʼlim standartlari asosida yuritiladi. Oʻzbekistonda 2002/03 oʻquv yili 9799 U.oʻ.t.m., jumladan, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishda nuqsoni boʻlgan bolalar va oʻsmirlar uchun 85 maktab ishladi.
uz.wikipedia.org