Umidiy (1835-1905)



Umidiy (Havoiy, Marg‘iloniy — taxalluslari; asl ism-sharifi Muhammadumar qori Ne’matulla oxun o‘g‘li) (1835 — Marg‘ilon shahri — 1905) — shoir, tarixchi.

Hayoti Farg‘ona va Marg‘ilonda, Sharqiy Turkiston (Qashqar)da kechgan, Furqat, Muqimiy va boshqa shoirlar bilan yaqin ijodiy hamkorlikda bo‘lgan. Ijodiy faoliyati 19-asrning 2-yarmida Farg‘onadan boshlangan; adabiy merosi kichik hajmdagi lirik va satirik she’rlar hamda epik dostonlardan iborat.

Uning «Masnaviyi Umidiy», «Devoni Umidiy» (1981), «Kachkuli Qalandariy» (1891—92; nazmiy va nasriy yo‘l bilan yozilgan hikoyalar, afsona va rivoyatlar to‘plami) asarlari, «Badavlatnoma yoki Tarixi Xo‘qand» (1880), «Maktubchai xon» (1884), «Jangnoma» (1888), «Hayrat ul-olam» va boshqa tarixiy, falsafiy-didaktik dostonlari yetib kelgan. Umidiy lirikasida vatanparvarlik, vafo va sadoqat, sof muhabbat kabi insoniy fazilatlar tarannum etilsa, dostonlarida Farg‘ona vodiysi va Sharqiy Turkistondagi turli jangu jadallarda xarob bo‘lgan yurt, xalq ahvoli haqqoniy tasvirlanadi. Macalan, 2700 misradan iborat «Badavlatnoma yoki Tarixi Xo‘qand» dostonida Umarxon vafoti (1822) dan 1875 yilgacha bo‘lgan Qo‘qon tarixi va Yoqubbek (Muhammad Yoqubbek Badavlat)ning harbiy yurishlari hikoya qilinadi.

Umidiyning astronomiya va tibbiyot ilmlari bilan shug‘ullanganini ko‘rsatuvchi masnaviylari ham bor. Asarlarining ko‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Rossiya Fanlar Akademiyasi Sankt-Peterburg bo‘limi fondlarida saqlanadi.

Omon Jalilov



Uzpedia.uz