Umarshayx




Umarshayx, Umarshayx Mirzo (1356—1394, Xarmotu) — temuriy shahzoda. Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli.

Onasi Toʻlun ogʻo (Toʻmlun ogʻo). Yoshligidan mohir chavandoz va mard jangchi boʻlib yetishgan. Keyinchalik koʻp janglarda koʻrsatgan jasurligi va qahramonligi evaziga „Bahodir“ unvoniga erishgan. 1370-yil Amir Temurning Husayn ibn Musallab bilan boʻlgan jangida, Umarshayx Balx qalʼasini qamal qilish chogʻida mardona kurashgan, lekin jang oxirida oyogʻidan yaralangan. U moʻgʻullarga qarshi olib borilgan koʻpgina janglarda faol qatnashib, Sohibqiron qoʻshinidagi isteʼdodli sarkardalar qatoridan oʻrin olgan. 1393-yil Amir Temur Umarshayxni Fors viloyatini zabt etish ishiga masʼul etib tayinlaydi. Umarshayx Mirzo Istahr, Farak, Shahriyor va boshqa qalʼalarni egallab, navbatdagi Sarjon qalʼasini egallash uchun uni qamal qiladi. Ayni shu chogʻda Amir Temur Misr va Shom (Suriya)ni qoʻlga kiritish uchun Diyorbakir tomon qoʻshin tortadi. Shu bois, Sohibqiron Umarshayxni oʻz huzuriga yetib kelishini buyuradi. Umarshayx Mirzo Sarjon qalʼasini qamal qilish amaliyotini amir Idiku Barlosga topshirib, oʻzi Sherozga keladi. Bu yerda Umarshayx ishonchli amiri Sevinchakni Forsni zabt etish ishiga mutasaddi qilib, oʻzi otasini qoshiga yoʻl oladi. Umarshayx Mirzo safar paytida Bagʻdod (baʼzi manbalarda Shavliston) yoʻli bilan yurib Bagʻdoddan toʻrt manzil masofadagi Kurdistondan oʻtib borayotganida yoʻl chekkasidagi Xarmotu qalʼasiga duch kelgan. Umarshayx ushbu qalʼani yaxshiroq tomosha qilish maqsadida bir tepalikka chiqadi. Shu payt qalʼa ichidan otilgan nogahoniy kamon oʻqi uning qulogʻi ostidagi koʻk tomirga tegadi. Umarshayx Mirzo shu zahoti olamdan koʻz yumadi. Uning qoʻshini Xarmotuni yer bilan yakson etadi. Ushbu voqeadan xabar topgan Amir Temur qattiq iztirobga tushadi. U amir Uchqaro bahodirni oʻgʻlining jasadini Sherozga olib kelish uchun Xarmotu tomon joʻnatadi. Umarshayxning jasadi Sherozga olib kelingach, motam tutilib, Mirzoni muvaqqat dafn qiladilar. Maʼlum fursatdan soʻng, Umarshayxning xotinlari — Sevinch Qutluq ogʻo begim, Beka Mulk ogʻo begim va Mulkat ogʻo begimlar hamda hali voyaga yetmagan oʻgʻli Iskandar Mirzolar jasadni Sherozdan Kesh (Shahrisabz)ga olib keladilar va temuriylar xonadoni uchun maxsus barpo etilgan daxmaga dafn etadilar. Umarshayx vafotidan soʻng, Amir Temur Fors mamlakati yerlarini boshqarishni uning toʻngʻich oʻgʻli Pirmuhammad Mirzoga topshiradi. Umarshayx Mirzodan shuningdek, yana besh oʻgʻil — Rustam Mirzo, Iskandar Mirzo, Ahmad Mirzo, Said Ahmad Mirzo va Boyqaro Mirzolar qolgan edi.

Adabiyot





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz