Ulug`vorlik




Ulugʻvorlik — estetika tushunchalaridan biri. Hajm va salmoqb-n bogʻliq boʻlgan narsahodisalarning bir qarashda ilgʻab olinmaydigan botiniy jihatlarini, ulkan qudrat va miqyosga ega voqelikning estetik koʻrinishini anglatadi. U. kundalik hayotda istisnoli voqelik sifatida namoyon boʻlib, odatiy voqea-hodisalardan oʻzining favquloddaligi bilan ajralib turadi. U. obyektiv va subyektiv asosga ega. Yulduzli osmon, vulqon, suv toshqini, ulkan dengiz toʻlqinlari kabi tabiatdagi narsa va hodisalar, fidoyilik, qahramonlik, buyuk tarixiy shaxslarning ijobiy faoliyati kabi jamiyatdagi voqeliklar U.ning obyektiv asoslari hisoblanadi. Favqulodda yoki odatiy tasavvurlardan tashqaridagi voqea-hodisalarni estetik idrok etayotgan inson qalbining moyilligi U.ning subyektiv asosi sanaladi; koʻpchilikni hayratga solgan voqelik baʼzilarni qayratga solmasligi va aksincha boʻlishi ham mumkin. U. oʻzining har tomonlama ijodiy ifodasini sanʼatda topadi, sanʼatning barcha tur, xil va koʻrinishlari uchun asosiy tasvir obʼyektlaridan biri boʻlib xizmat qiladi. U.ning sanʼatda namoyon boʻlishi axloqiylik va ijtimoiylik bilan bogʻliq. Insoniyat va jamiyat taraqqiyotida roʻy beradigan muhim voqealar, ulkan tarixiy shaxslar faoliyati, qahramonliklari, fidoyiliklari kishilarda hayrat va ularga ta(ushd qilish tuygʻularini uygʻotadi. Sanʼatdagi U. badiiy mazmun va shakl vositasida ifodalanadi, bunda gʻoya hal qiluvchi rol oʻynaydi. U. meʼmorlikda alohida ahamiyat kasb etadi. Misr ehromlari, Samarqand, Buxoro, Xiva sh.laridagi meʼmorlik obidalari oʻzining salobati, ulugʻvorligi bilan kishini hayratda qoldiradi. U. faqat miqyos bilan belgilanmaydi, undagi nafislik, atrof muhit bilan uzviy qoʻshilib ketganlik aloxida ahamiyatga ega. U. insonni olijanoblikka, yuksaklikka, buyuklikka undaydi, tabiat hodisalarini estetik anglash va baholash imkonini beradi, shaxe, jamiyat va millat estetik tarbiyasida muhim rol oʻynaydi.

uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz