Ulugʻbek madrasasi (Samarqand)
Ulugʻbek madrasasi – Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik. Registon ansamblining gʻarbida joylashgan. Registon maydonida bunyod etilgan ilk meʼmoriy obida. XV asrning oʻziga xos akademiyasi
Tarixi
Amir Temur davridan boshlab Registon Samarqandning asosiy bozor maydoni va ijtimoiy markazi boʻlgan. Koʻplab savdo doʻkonlari, karvonsaroylar va yopiq savdo timlari boʻlib, ulardan eng kattasi Telpak-furushon timi boʻlgan. Temurning nabirasi Ulugʻbek davrida maydon koʻrinishi asta-sekin oʻzgara boshlaydi. Ulugʻbek Registonni qaytadan barpo etishni Markaziy Osiyodagi eng yirik islom universiteti qurilishidan boshlaydi.
Registon maydonidagi madrasa qurilishining boshlanish sanasi nomaʼlum. Kirish qismidagi yozuv saqlangan: „820 (1417)-yil. Maʼlum boʻlsin: bu imorat dunyodagi joylarning eng zoʻr va eng balandi, sanʼat va ishdagi binolarning eng mukammali…“. Bu 1417-yilda madrasa binosi qurilishi tugallangan degan xulosaga kelish imkonini beradi. Movarounnahrda bunday inshootlarni qurish kamida 5-6 yil davom etgan Asosiy ish 1420-yilda yakunlanganligi hisobga olinsa, qurilish 1415-yildan boshlangan deb taxmin qilish mumkin. Madrasa loyihasi muallifi amir Shohruh Kavom-ad-din Sheroziy hisoblanadi, biroq oʻrta asr tarixchisi, Ulugʻbekning zamondoshi Vosifiy meʼmorni Qozizoda ar-Rumiyning shogirdi Kamoliddin Muhandis deb maʼlumot beradi.
Ulugʻbek madrasasi qurilishi tugallangach, XV asr musulmon Sharqidagi eng nufuzli universitetlardan biriga aylandi. Rivoyatlarga koʻra, bu yerda mashhur shoir, olim va faylasuf Abdurahmon Jomiy tahsil olgan. Madrasa tinglovchilari orasida naqshbandiya tariqatining shayxi Xoja Ahror va shoir Alisher Navoiy ham boʻlgan. Taʼlim muassasasida matematika, geometriya, mantiq, tabiiy fanlar, ilohiyot, falsafa boʻyicha maʼruzalar oʻqilgan. Ularni Qozizoda Rumiy, Jamshid Gʻiyosiddin Al-Koshiy, Al-Qushchi kabi mashhur olimlar, shuningdek, Ulugʻbekning oʻzi oʻqigan. Universitetning birinchi mudarrisi (rektori) etib chuqur ilmiy bilimlarga ega Mavlono Muhammad Havofiy tayinlanadi.
1533-yilda Movarounnahrda shayboniy Ubaydullaxon hokimiyatga keldi va u tez orada oʻz davlatining poytaxtini Buxoroga koʻchirdi. Samarqand asta-sekin siyosiy markaz sifatida maqomini yoʻqotdi. Shunga qaramay, Ulugʻbek madrasasi Markaziy Osiyodagi eng yaxshi taʼlim muassasalaridan biri maqomini saqlab qolgan. Registon maydonida tubdan qayta qurishni amalga oshirgan Yalangtoʻsh Bahodir davrida madrasa binosi toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Aynan uning nafis bezaklari Samarqand hokimi tomonidan qurilgan, keyinchalik Sherdor nomini olgan yangi madrasaga asos boʻlgan. Ashtarxoniylar sulolasidan boʻlgan soʻnggi Buxoro xoni Abulfayz hukmronligi davrida kechgan feodal urushlar va xalq gʻalayonlari davrida Ulugʻbek madrasasi koʻrinishiga katta zarar yetkazilgan. XVIII asrdagi samarqandlik tarixchi Abu Tohir Xoʻjaning yozishicha, shahar hokimi isyonchilar madrasaning baland devorlaridan uning qarorgohiga oʻt ochishi mumkinligidan qoʻrqib, binoning ikkinchi qavatini buzishni buyurgan.
XIX asrning birinchi yarmida Ulugʻbek madrasasi kuchli zilzila (1817—1818) natijasida vayron boʻlgan.
1897-yildagi zilzila „yaxshi saqlanib qolgan qismlar“ni vayronaga aylantirdi.
Ulugʻbek madrasasini qayta tiklash 1920-yillarda boshlanib, yetmish yildan ortiq davom etdi. Birinchi bosqichda binoning shu davrgacha yetib kelgan qismlarini saqlab qolish boʻyicha shoshilinch ishlar amalga oshirildi. 1932-yilda meʼmorlar V. G. Shuxov va M. F. Mauer loyihasiga koʻra, shimoli-sharqiy minorani toʻgʻrilash boʻyicha rekonstruksiya amalga oshirildi. Asosiy restavratsiya ishlari 1950—1960-yillarda amalga oshirildi. 1965-yilda muhandislar E. M. Handel va E. O. Nelle janubi-sharqiy minorani qaytadan tikladilar. 1990-yillarda ikkinchi qavatdagi hujralar qayta qurildi.
XX asrning 60-yillarida akademik Ibrohim Moʻminov Oʻzbekiston SSR rahbari Sharof Rashidov koʻmagida Samarqanddagi oliy taʼlim – madrasa tizimi tarixini keng oʻrganish gʻoyasini ishlab chiqdi. Mirzo Ulugʻbek madrasasida taʼlim tizimini tiklash va 1970-yilda madrasaning 550 yilligini nishonlash rejalashtirilgan edi. Biroq bu tashabbus yuqori idoralar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmadi. 2000-yilda, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyingina akademik B.Valixoʻjayev bu gʻoyani boshqa formatda qayta tiklashga harakat qildi.
1992-yilda Ulugʻbek yubileyiga bagʻishlangan yodgorlikda taʼmirlash va restavratsiya ishlari OʻzMIIPI restavratsiya loyihasi asosida amalga oshirildi. Loyiha doirasida ikkinchi qavatni toʻliq rekonstruksiya qilish, meʼmoriy keramika buyumlarini qayta tiklash hamda janubi-gʻarbiy xonalarda nuragan gips va stalaktitlarni almashtirish koʻzda tutilgan.
Meʼmorchiligi
Ulugʻbek madrasasi oʻz davri talablariga toʻla mos ravishda musulmon qonunlari asosida qurilgan. Bu Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi maʼnaviy-maʼrifiy muassasaning klassik namunasidir. Ulugʻbek madrasasi 2 qavatli, toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (56×81 m.). Bosh tarzi maydonga qaragan, mahobatli peshtoq mujassamotida keng toqili ravoq (balandligi 16,5 m.), uning 2 yonida guldastalar (balandligi 32 m.) bor. Ravoq tepasidagi yulduzli osmon aks etgan qanos bezaklari oʻziga xosdir. Guldasta tepasi muqarnas, sharafalar bilan yakunlangan. Peshtoq ravogʻi cheti morpech shaklida, tokchasidagi namoyonlar oʻziga xos uslubda pardozlangan. Peshtogʻi, guldastasi va tashqi devorlarida girih naqshining turli betakror namunalari aks etgan. Ganchkori panjaralar orqali xonaga yorugʻlik tushib turadi. Moviy va koʻk koshin hamda sopol gishtlar vositasida Samarqanddagi Ulugbek madrasas geometrik naqshlar bilan bezatilgan devor satqi yozuvlar bilan oʻzaro uygʻunlashib, koʻzga yaqqol tashlanib turadi. Peshtoq orqali chorsi hovli (30×30 m.)ga oʻtiladi. Hovli atrofi 2 qavatli hujralar (48 ta) bilan oʻralgan, har bir qujra qaznoq, yotoqxona, umumiy xonadan iborat. Madrasaning shimol va janub tarzlari oʻrtasida tashqi tomondan alohida peshtoqlar bor. Madrasaning 4 tomonini darsxona va ayvon egallagan. Masjid (22×8 m.) janubi sharqiy tomonga choʻzilgan. Tashqi toʻrtburchagida 4 ta baland minora bor. Xonaqoh va baʼzi hujralar ichkarisi naqshin bezaklar bilan pardozlangan. Bezaklari orasida kufiy va suls yozuvlari uchraydi. Vayron boʻlgan 2-qavati, qiyshaygan guldastasi, devorlaridagi koʻchib ketgan bezaklar qayta tiklangan (1936), Vladimir Shuxov va M. Mauerlar loyihasi asosida shimoli-sharqiy minorasi taʼmirlangan (1932). E. Gendel qiyshaygan minorani oʻz qoliga keltirgan (1965). Taʼmirlashda Umarov Akrom, Gʻafurov Shamsuddin, Quli Jalilov, I. Shermuhamedov, A. Quliyev kabi ustalar qatnashgan. Ulugʻbek madrasasi (Samarqand) meʼmoriy shakli, tuzilishi jihatidan Oʻrta Osiyo meʼmorligida shu turdagi binolar orasida eng mukammal yuksak sanʼat namunasi hisoblanadi.
Madrasaning 600 yilligi
2020-yil iyul oyida Samarqand davlat universiteti rahbariyati Qozon federal universitetining rossiyalik olimlari bilan birgalikda Ulugʻbek madrasasi ochilganining 600 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazdi.
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org