Ulugʻbek madrasasi (Gʻijduvon)




Ulugʻbek madrasasi — Oʻzbekistonning Buxoro viloyati Gʻijduvon shahridagi Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasi tarkibiga kiruvchi meʼmoriy yodgorlik. Qadimiy va mashhur Buxoro madrasalaridan biri. Ikkinchi nomi Fayziya madrasasi boʻlgan. Hozirda Mirzo Ulugʻbek madrasasi deb ham ataladi.

Bu oliy oʻquv dargohini Mirzo Ulugʻbek hijriy 836-yili (milodiy 1432/33-yili) shayx Abduxoliq Gʻijduvoniy qabri yoniga pishiq gʻishtdan ikki qavatli qilib qurdirgan. Mirzo Ulugʻbek bunyod etgan ushbu uchinchi va oxirgi madrasa, Buxoro va Samarqanddagi Ulugʻbek madrasalariga nisbatan kichik va soddaroqdir.

Tarixi




Gʻijduvondagi Ulugʻbek madrasasi Temuriylar davrida katta karvon yoʻli yaʼni Buxorodan Samarqandga oʻtadigan yoʻl yoqasida joylashgan va Temuriylar davlati poytaxtini shimolda Xorazm, janubda Rum va Fors viloyatlari bilan bogʻlovchi tugun vazifasini oʻtagan joyda qurilgan.

Aytilishicha, Sohibqiron Amir Temur Xitoyga yurishidan qaytgach, Abduxoliq Gʻijduvoniy sharafiga madrasa va maqbara qurdirishni koʻngliga tugadi, ammo vafoti sabab niyatiga erisha olmaydi. Bobosining niyatidan xabar topgan Mirzo Ulugʻbek keyinchalik Abduxoliq Gʻijduvoniy qabri yoniga madrasa soldirgan ekan. Buxoro viloyati Abduxoliq Gʻijduvoniy masjidi imom-xatibi Orifxon Omonovga koʻra bu gaplar manoqiblarda kelgan ekan.

Buxorolik ilm ahlining fikriga koʻra, Mirzo Ulugʻbek tomonidan Gʻijduvonda madrasaning qurilishi bejizga boʻlmagan. Ushbu madrasa Mirzo Ulugʻbekning bobosi eʼtiqodiga sodiqlik belgisidir. Amir Temur Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband taʼlimotiga ehtirom bilan qaragan. Turkistondagi Ahmad Yassaviy qabri ustiga katta gumbazli maqbara qurdirgan.

Sharqshunos va manbashunos olim Abdusattor Jumanazarning tadqiqotlari naijasiga koʻra, Mirzo Ulugʻbek madrasani hijriy 836-yili (milodiy 1432/33-yili) pishiq gʻishtdan 2 qavatli, 20 hujrali, darsxona va masjidli qilib qurdirgan. Madrasa mudarrisi 40 nafar talabaga taʼlim bergan. Keyinchalik u vayron boʻlgan va hozirgi taʼmirlangan holatidagi koʻrinishi bir qavatdir.

Madrasa hujjati nizomida oʻquv binosi har yili taʼmirlanib borilishi qatʼiy shart qilib qoʻyilgan. Undan ortganigina qolganlarga taqsimlangan. 1583-yili Abdullaxon II tomonidan maxsus taʼmir qilingan.

Madrasa joylashgan va unchalik katta boʻlmagan hududda („Xojai Jahon sarmozori“da) Buxoro inqilobiga qadar 7 nafar oʻquv dargohi faoliyat yuritgan.

Madrasada shoʻrolar inqilobiga qadar taʼlim berilgan. U shoʻrolar davrida qarovsiz ahvolga tushib qolgan. 1933-yilda V. Shishkin, V. Nilsen va I. Notkinlar ilmiy tekshiruv ishlarini olib borishgan va madrasa oʻlchamlarini aniqlashgan. 1950-yillarda madrasa selitra va ammafos kabi kimyoviy oʻgʻitlar saqlanadigan omborxonaga aylantirilgan.

Abduxoliq Gʻijduvoniyning 890 yilligi munosabati bilan Ulugʻbek madrasasi 1993-yil taʼmirlandi. 2003-yil Gʻijduvoniy daxmasi ustiga, tomi ustunli yogʻoch oʻymakori gumbaz bilan yopilgan, ayvon qurildi. Daxma bezaklari qaytadan tiklandi. Madrasa oldi, daxma va yangi qurilgan masjid joylashgan hudud zamonaviy talablarga mos qilib obodonlashtirildi.

Hozirda madrasaning darsxonasida Buxoro muzeyining filliali, masjidida — kutubxona oʻz faoliyatini yuritib kelmoqda.

Meʼmorchiligi



Hozirgi taʼmirlangan holatidagi koʻrinishi bir qavatdir. Madrasa bir qavatli, murabba tarxli (33×30 metr), masjid, darsxona va hujralardan iborat. Peshtogʻi chuqur ravoqli. Oʻrtada miyonsaroy, 2 yonida masjid va darsxona (8×4,6 metr), burchaklarida guldasta joylashgan. Miyonsaroy toʻridagi eshikdan hovliga chiqiladi. Hovlining (15x13 metr) 2 yonida 8 ta hujra boʻlib, uning 4 tasi murabba tarhli, tomi qubbali. Bizgacha Ulugʻbek madrasasining bosh tarzi (XV asr), unga tutashgan ayvon va minora saqlangan. Bosh tarzida Ulugʻbek nomi va qurilgan sanasi yozilgan. Madrasaning gʻarbida shayx Abduxoliq Gʻijduvoniy qabri joylashgan. Bosh tarzi peshtogʻi yoniga ustunli, tekis tomli ayvon (bostirma) qurilib, ichi koshin bilan bezatilgan, peshtoq yonlaridagi xujralarga bosh tarzidan kiriladigan eshik, tobadonlarga ganchkori panjaralar oʻrnatilgan. Serhasham naqshinkori bezaklari tiklangan.

Madrasa hovlisida kirish qismiga qarab turgan ayvon peshtoqining kitobasida „Kimki ilm talabida boʻlsa, Jannat u kishining talabida boʻladi“ deyilgan hadis yozilgan.

Manbalar




Adabiyotlar





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz