Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi
Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi ,
Ukraina SSR (ukraincha: Украї́нська Радя́нська Соціалісти́чна Респу́бліка; ruscha: Украи́нская Советская Социалистическая Республика) — Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan respublikalarning biri. Ayrim manbalarda Sovet Ukrainasi deb yuritiladi.
Oʻzining 72 yillik tarixi davomida Ukraina SSRning chegarasi koʻp oʻzgargan. Hozirgi Gʻarbiy Ukrainaning yirik qismi 1939-yil Polshadan anneksiya qilib olingan. 1946-yil respublika hududiga Zakarpatye qoʻshib olingan. Ukraina SSR iqtisodi koʻlami va aholisi soni boʻyicha Sovet Ittifoqida Rossiya SFSRdan keyin ikkinchi oʻrinda turgan.
1919–1934-yillarda Xarkov shahri Ukraina SSR poytaxti boʻlgan. 1934-yildan poytaxti – Kiyev shahri. Respublika 480 rayonga boʻlingan, 429 shahar, 916 shahar tipidagi posyolkasi boʻlgan.
1991-yil 24-avgust kuni Ukraina SSR Sovet Ittifoqidan mustaqilligini eʼlon qildi va respublika nomi Ukrainaga oʻzgartirildi. Ukraina mustaqilligi 1991-yilning 26-dekabrida Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin tan olindi.
Tarixi
Ukraina SSRda sinfiy jamiyat miloddan avvalgi 1-ming yillikda vujudga kelgan. 9–12-asrlarda Ukraina hududining kattagina qismi yagona qadimiy rus elatining shakllanishi uchun negiz boʻlgan Kiyev Rusiga kirgan. Keyinchalik mazkur elatdan uch sharqiy slavyan xalqi: ruslar, ukrainlar, beloruslar tarkib topgan. Taxminan 988-yili xristianlik (pravoslaviye oqimi) qabul qilinib, u davlat dini boʻlib qolgan.
12-asr oxirida Galich-Volin knyazligi vujudga kelgan. 13-asrda Ukraina moʻgʻullar bosqiniga uchragan. 15-asrda Qrim xonligi vujudga kelgan. Bu davrga kelib ukrain elati shakllanib boʻlgan edi. 1596-yili pravoslav cherkovi katolik cherkovi bilan birlashib, uniyachilik cherkovini tashkil qilgan.
16-asr oxirida ukrainlar polyak-litva shlyaxtasiga va turk agressiyasiga qarshi kurash olib borganlar. Bogdan Xmelnitskiy rahbarligida ukrain xalqining 1648–1654-yillardagi ozodlik urushi Ukrainaning Rossiyaga qayta qoʻshib olinishi bilan yakun topgan. Chap sohil Ukrainasi Rossiya tarkibida avtonomiya huquqiga ega boʻlgan. Ukrain kazak qoʻshinlari 1709-yilda Poltava jangida qatnashib, Shimoliy urushning borishini Rossiya foydasiga oʻzlashtirgan.
18-asrning 2-yarmida Janubiy Ukraina yerlari turklardan ozod etilgan. Oʻng sohil Ukrainasi 18-asrning oxirida Rossiyaga qayta qoʻshib olingan.
Ukrainada Sovet hokimiyati 1917-yil noyabri – 1918-yil yanvarda oʻrnatilgan. 1917-yil 12(25)-dekabrda Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilgan, sotsializm qurila boshlagan. Ukraina SSR 1922-yil 30-dekabrdan Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan. 1939-yil noyabrda hozirgi Gʻarbiy Ukrainaning yirik qismi Polshadan anneksiya qilib olingan.
1941–1945-yillarda Ukraina SSRni nemis bosqinchilari okkupatsiya qilgan. 1943-yil kuziga kelib Sovet armiyasi Chap sohil Ukrainasini, 1944-yil oktabrda respublikaning butun hududini ozod etgan. 1945-yil iyunida Zakarpatye Ukrainasi Ukraina SSRga qoʻshib olingan. 1954-yil Qrim yarimoroli Rossiya SFSRdan Ukraina SSRga berilgan. 2014-yilga kelib Rossiya Qrimni anneksiya qilib oldi.
1991-yil 24-avgust kuni Ukraina SSR Sovet Ittifoqidan mustaqilligini eʼlon qildi va respublika nomi Ukrainaga oʻzgartirildi. Ukraina mustaqilligi 1991-yilning 26-dekabrida Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin tan olindi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org