Uels loʻlilari
Uels loʻlilari ( inglizcha: Welsh Romanies yoki
Uels kalesi) ― Uels hududida yashovchi, kelib chiqishi loʻlilarga borib taqaladigan etnik guruh.
Birinchi loʻlilar bu yerga 15-asrda koʻchib kelganlar. Ularning koʻpchiligi oʻzlarining kelib chiqishini 18-asr boshlarida Uelsda muqim yashagan birinchi loʻli baroni Abram Vud bilan bogʻlashadi. Ular avvallari bir necha oilalar guruhi bitta erkak kishiga boʻysunadigan qabila tuzilishi asosida hayot kechirganlar. Ammo, Uels kale oilalarining ayrimlari matriarxal boʻlib, ulardagi katta ayol oilaning boshqa ayollari oʻrtasida konsensus usuli orqali tanlab olinadi.
Uels loʻlilari eʼtiqodiga koʻra xristianlardir. Ular ingliz va valliy-loʻli tillarida soʻzlashadilar. Uels loʻlilarining umumiy soni maʼlum emas.
Dastlabda valliy-loʻli va ingliz-loʻli shevalari Britaniya loʻlilarining umumiy tilini tashkil qilgan. Valliy va anglo-loʻli tillari Fransiya, Germaniya, Skandinaviya, Ispaniya, Polsha, Rossiya shimoli va Boltiqboʻyida keng tarqalgan roman shevalari bilan yaqin boʻlgan. Ushbu shevalarning kelib chiqishi oʻrta asrlarning oxirlarida loʻli muhojirlarning gʻarbiy, shimoliy va janubiy Yevropaga yoʻl olgan birinchi toʻlqini bilan bogʻlanadi.
Valliy-loʻli tili ayni vaqtda oʻlik til hisoblanadi. Undan foydalanish holati 1950-yilgacha Uels shimolidagi loʻlilar orasida kuzatilgan. 19-asrning oxirida Uels janubida arab, eron, yunon, rumin, nemis, fransuz va valliy tillari taʼsiridagi rum hamda ingliz tillariga asoslangan sinkretik sheva paydo boʻlgan. Bunday xilma-xillik Uels kalesining bu yerga kelishidan oldin uzoq yoʻlni bosib oʻtganini koʻrsatadi.
Koʻchmanchi turmush tarzini saqlab qolgan Uels loʻlilari hudud madaniyatining bir qator jihatlarini, jumladan nasroniylikni qabul qilish, Uelsga xos familiyalari olish, mintaqaviy va milliy eystetvodlarda ishtirok etishni oʻzlashtirganlar. Uelslik kale, Abram Vud nabirasining eri Jon Robert Lyuis 1842, 1848 va 1850-yillarda oʻtkazilgan milliy festivallarda valliy arfasini chalish boʻyicha tanlovda uch marta gʻolib boʻlgan.
Abram Vudning yana bir avlodi Jon Roberts „Uelsning birinchi arfachisi“ nomiga sazovor boʻlgan va butun oila aʼzolarini Uelsning turli xil asboblarini chalishga oʻrgatgan. Uning mashhurlikka erishgan ijodiy faoliyati 1889-yil 24-avgustda Uelsga qirollik tashrifi bilan kelgan qirolicha Viktoriya oldida, Pale zalida chiqish qilgandan keyin yakunlangan. J on Roberts va uning toʻqqiz nafar oʻgʻli qirolicha uchun Uels arfalarini chalishgan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org