Uchquduq
Uchquduq — Oʻzbekiston Respublikasining Navoiy viloyati Uchquduq tumanilagi shahar (1978-yildan), tuman markazi. Viloyatning shimolida. Temir yoʻli stansiyasi. Uchquduqdan Navoiy shahrigacha 300 km.
Tarixi
Uchquduqning paydo boʻlish tarixi 1950-yillarda SSSRlik muhandis Aleksandr Matveyev tomonidan ushbu hududda uran konlarini topilishi bilan bogʻliq.
Oʻsha davrdagi geologlar maʼlumotlariga koʻra, uran rudalari faqat togʻlarda boʻlgan, shuning uchun konlar birinchi marta O'zbekiston SSRning Yangiobod manzilgohi va Qirgʻiziston SSR hududidan topilgan.
Geofizika asbob-uskunalari rivojlanishi bilan muhandislar aviatsiyani ham uskunalar bilan jihozlay boshladilar. Bunday jihozlar, xususan, Qizilqum ustidan ucha oladigan Li-2 samolyotida mavjud boʻlgan. Shunday samolyotlarning birida radiatsiya aniqlanadi va Moskvadan qidiruv ekspeditsiyasi yuboriladi.
Keyinchalik, bu joyda 1960-yillarning oʻrtalarigacha davom etgan 54-sonli statsionar geologik partiya joylashgan. 1961-yil 2-martda Uchquduq Buxoro viloyati tarkibida shahar tipidagi posyolkaga aylangan.
1960-yillarning oxirida uran rudasini ham ochiq, ham yer ostida qazib olish (keyinroq yer osti yuvish usulida) hajmining tez oʻsishi hisobiga turar-joylar tez rivojlana boshlagan.
SSSRning turli burchaklaridan konchilar va muhandis-texnik mutaxassislarning doimiy ishlash uchun ommaviy kelishi boshlangan. 1978-yilda Uchquduq shahar maqomini olgan.
1979-yilgacha yopiq maxfiy strategik obyekt maqomiga ham ega boʻlgan. 1982-yil 20-aprelda esa Buxoro va Samarqand viloyatlarining bir qismidan Uchquduqni oʻz ichiga olgan Navoiy viloyati tashkil etilgan.
Geografiyasi
Shahar Qizilqum choʻlining markaziy qismida, Uchquduq temir yoʻl vokzalidan 12 km uzoqlikda joylashgan. 1958 yildan buyon shaharda Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) ishlab turibdi. Aholining aksariyati ushbu zavod xodimlaridir.
1995-yildan buyon Uchquduqda yiliga 20 tonna oltin ishlab chiqarish quvvatiga ega oltin qayta qazib olish majmuasi ishlab turibdi. 2001-yildan boshlab hududda Uchquduq-2 temir yoʻl liniyasi — Miskin ishlay boshlagan. Shahar hududidan Navoiy—Uchquduq— Nukus yoʻnalishidagi katta avtotrassa oʻtadi.
Aholisi
Shaharda hozirda 34,2 ming kishi istiqomat qiladi.
Uchquduq haqidagi qoʻshiq
Uchquduq shahri SSSRda Yuriy Entin sheʼri, „Yalla“ guruhining „Uch quduq“ qoʻshigʻi tufayli keng tanilgan.
Sanoati
Uchquduqda oltin, oltingugurt, marmar ishlab chiqaruvchi kon sanoati korxonalari, jumladan, Navoiy konchilik ktiga qarashli Shimoliy kon boshkarmasi, Zarafshon kurilish boshqarmasi tasarrufidagi „Shimol“ korxonasi, Koʻkpatos geologiya razvedka ekspeditsiyasi, Qizilqum 31-geologiyarazvedka partiyasi, Oʻzbekiston—Rossiya „Promelektro“ qoʻshma korxonasi, qurilish, maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari va shoxobchalari, avtokorxona ishlab turibdi.
Ijtimoiy obyektlar
6 umumiy taʼlim maktabi, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, gimnaziya, konchilik kasbhunar kolleji ishlab turibdi. Madaniyat uyi, 3 kutubxona, klub muassasalari mavjud. Stadion, sogʻlomlashtirish punkti, suzish havzasi va boshqa sport inshootlari aholiga xizmat qiladi. Markaziy kasalxona, tibbiy sanitariya kismi, silga qarshi dispanser, poliklinika, ayollar va bolalar konsultatsiyasi, dorixona, ambulatoriya, 4 kasalxona, 2 vrachlik punkti, davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi va boshqa tibbiy muassasalar faoliyat koʻrsatadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org