Uchqo`rg`on tumani





Uchqoʻrgʻon tumani (maʼnosi: Uchta qoʻrgʻon) — Namangan viloyatining shimoli-sharqiy qismida joylashgan va Norin daryosi bilan qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh tuman hisoblanadi. Uchqoʻrgʻon tumanining markazi — Uchqoʻrgʻon shahridir.

Tarixi




Uchqoʻrgʻon tumani  — 1935-yil 28-iyul oyida tashkil etiladi va Namangan viloyatiga qarashli tuman deb eʼlon qilinadi. 1988—1989-yillarda esa Norin tumani bilan birlashadi. 1940-yilgacha Fargʻona viloyati, 1941-yil 6-martdan Namangan viloyati, 1960-yildan 1967-yilgacha Andijon viloyati 1968-yildan esa yana Namangan viloyati tarkibiga qaytadi.

Joylashuvi



Uchqoʻrgʻon tumani Namangan viloyatining sharqiy qismida joylashgan boʻlib, sharqdan Qirgʻiziston Respublikasi bilan, janubdan Namangan viloyatining Norin tumani bilan, gʻarbdan Namangan viloyatining Uychi tumani bilan, janubiy-sharqdan esa Andijon viloyatining Izboskan tumani bilan chegaradosh. Tumanda 1 ta shahar (Uchqoʻrgʻon shahri), 64 ta mahalla fuqarolari yigʻini mavjud. Maydoni 290 km². Aholisi 178,5 ming kishi (2022-yil). Markazi — Uchqoʻrgʻon shahri.

Tabiati



Uchqoʻgʻon tumani viloyatning shimoliy-sharqidagi tekislikda joylashgan (balandlik 500 m). Shimoliy-gʻarbidan esa Norin daryosi oqib oʻtadi. Katta Fargʻona, Katta Andijon, Haqqulobod, Damariq, Ingichka, Chap sohil, Birlashgan kanallaridan ekinlarni sugʻorishda foydalaniladi.

Iqlimi



Iqlimi keskin kontinental. Iyul oyining oʻrtacha harorati +27—35°S (2013-yil), eng baland harorat +45 °C (2013-yil), yanvar oyida —22 °C, —24 °C gacha sovuq boʻladi. Yiliga 250 mm yogʻin yogʻadi. Tuprogʻi, asosan, boʻz tuproq.

Oʻsimliklar



Yovvoyi oʻsimliklardan tol, jiyda, shumtol, terak, shuvoq, yantoq, qoʻngʻirbosh, qiyoq, chitir, qoʻytikan oʻsadi.

Hayvonot olami



Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, kalamush, yumronqoziq, dala sichqoni uchraydi. Qushlardan qaldirgʻoch, laylak, musicha, boyoʻgʻli, chumchuq, mayna, bulbul, qorayaloq, zagʻizgʻon, oʻrdak, qizilishton, sassiq popishak, bedana va boshqalar. Sudraluvchilardan turli xil ilonlar, kaltakesaklar va echkemar bor. Suvlarida laqqa, sazan, ondatra mavjud.

Aholisi



Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qirgʻiz, tatar, tojik, rus, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi.

Xoʻjaligi



Uchqoʻrgʻon tumani viloyatning iqtisodiy jihatdan rivojlangan tumanlaridan biridir. Tuman hududida qadimdan hunarmandchilik, kulolchilik, ip yigirish, toʻqimachilik va boshqa sohalar ham mavjud boʻlgan.

Qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilikka ixtisoslashgan. Sabzavotchilik, bogʻdorchilik va chorvachilik ham rivojlangan. Tumanda 217 ta fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi.

Hozirgi kunda tumanda Oʻzbekiston — Buyuk Britaniya — Singapur qoʻshma korxonasi „UzTEX UCHKURGAN“, „Uchqoʻrgʻon don mahsulotlari AJ“, „Uchqoʻrgʻon yogʻ AJ“, „Uchqoʻrgʻon paxta tozalash AJ“ pivo va salqin ichimliklar, gʻisht, asfalt zavodlari, bir necha yirik qurilish tashkilotlari, qoʻshma va kichik xususiy korxonalar ishlab turibdi.

Taʼlim



Tumanda 47 ta maktab, 115 maktabgacha taʼlim muassasasi, 21 ta kutubxona, 44 sport va 21 ta bolalar maydonchalari mavjud. Tarixan tuman iqtidorli yoshlar bilan nafaqat viloyatda balkim respublikada ham mashhur boʻlgan. Jumladan, Nurdinjon Ismoilov, Svetlana Ortiqova, Bahodir Yusupovlarni misol keltirish mumkin. Shuningdek tumanda iqtidorli yoshlarni voyaga keltirishda 6-sonli Davlat ixtisoslashgan maktab internati va 43-sonli, 34-sonli va 38-sonli DIUMlarning salohiyati kattadir.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz