Uchqizil Suv Ombori
Uchqizil suv ombori — Surxondaryo viloyati Termiz shahridan shimol tomonda, 20 km uzoklikda, Uchqizil razʼyezdi yaqinidagi suv ombori. Atrofi tepaliklar bilan oʻralgan taqasimon tabiiy chuqurlikda barpo etilib, 1957-yilda foydalanishga toʻliq topshirilgan. Umumiy hajmi 160 mln. m3, foydali xajmi 80 mln. m3. Zang kanali va uning Janubiy Zang suv keltirish kanali orqali Surxondaryo suvi bilan toʻldiriladi.
Suv omborining asosiy inshootlari: mayda donador qum bilan koʻtarilgan janubiy va gʻarbiy dambalar; minora koʻrinishidagi suv chiqargich va bosh rostlagich dambalar; 1150 m uzunlikdagi janubiy dambaning balandligi 11,5 m, tepa qismining kengligi 6 m, devorlari qiyaligining yuqori qismiga armobeton plitalar yotqizilgan. 2260 m uzunlikdagi gʻarbiy dambaning balandligi 5,2 m. Suv chiqargichdan 70 m masofada ochiq suv boʻlgich — bosh rostlagich qurilgan boʻlib, u suvni sharqiy va gʻarbiy taqsimlash kanallariga boʻlib beradi.
uz.wikipedia.org