Uch quduq
„
Tri kolodsa “ (ruscha: Три колодца, yaʼni „Uch quduq“) — „Yalla“ musiqiy guruhi ijro etgan qoʻshiq. „
Uchkuduk “ (ruscha: Учкуду́к) hamda „
Uchkuduk — tri kolodsa “ (ruscha: Учкудук — три колодца) nomlari bilan ham tanilgan. Qoʻshiq guruhning ayni nom bilan 1982-yil eʼlon qilingan studiyaviy albomiga kiritilgan. Qoʻshiq kuyini guruh aʼzosi Farruh Zokirov shoir Yuriy Entin yozgan sheʼrga bastalagan. Tarona guruhning „tashrif qogʻoziga“ aylangan. Qoʻshiq uchun guruh aʼzolari taronani choʻlda ijro etayotgan aks etgan klip suratga olingan.
Qoʻshiq bir kunda yozilgan. 1981-yil „Yalla“ guruhi shoir Entin bilan gastrol safarida boʻlgan. Entin Uchquduq shahrini kezib, sheʼr yozgan. Zokirov oʻsha kuni shoir qistovi bilan 40 daqiqa ichida sheʼrni kuyga solgan. Oʻsha kuni kechqurun konsert davomida „Yalla“ guruhi qoʻshiqni ilk bor ijro etgan.
1981-yil Toshkent shahrida „Pesnya goda“ dasturi uchun ijrolar yozib olingan. „Yalla“ guruhi dastur uchun aynan „Tri kolodsa“ qoʻshigʻini ijro etgan. Ammo Oʻzbek SSR Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasining ikkinchi kotibi qoʻshiqni namoyish qilishni man qiladi. SSSR Markaziy televideniyesi rahbari Sergey Lapin aralashuvi bilan videoni efirga uzatishga ruxsat berilgan.
Qoʻshiq eʼlon qilinishi bilanoq shuhrat qozongan. Tarona „Pesnya-81“ tanlovining finalida ijro etilgan. Ijro 1982-yilning 1-yanvarida SSSR Markaziy televideniyesi orqali butun Sovet Ittifoqi boʻylab efirga uzatilgan. Oʻsha yili „Yalla“ guruhining „Tri kolodsa“ nomli albomiga chiqarilgan.
„Tri kolodsa“ guruh repertuaridagi eng keng tanilgan taronalarning biridir. Guruhning „Pesnya-81“ koʻrsatuvidagi ijrosi 2018-yilda YouTubega yuklanganidan keyin 2022-yilning avgustiga qadar 6 million martadan koʻp koʻrilgan. Qoʻshiqni bugunga qadar bir necha guruh va xonanda, jumladan, Shahzoda kaver qilgan. 2014-yil „Toch-v-toch“ koʻrsatuvida Sevara Nazarxon qoʻshiqni Zokirov obrazida ijro etgan. Ijro yakunida Zokirovning oʻzi hamda gitarachi Ziyod Eshoxoʻjayev unga joʻr boʻlgan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org