Uch avliyo maqbarasi




Uch avliyo maqbarasi (yoki Uch avliyo bobo maqbarasi) – dastlab XVI asrda qishloq qabristoni boʻlgan, XX asrga qadar shakllangan Xorazm viloyatining Xiva shahridagi tarixiy obyekt. Obyekt Toshhovli saroyining gʻarbiy qismida joylashgan va Uch Avliyo majmuasining bir qismi hisoblanadi.

Uch avliyo maqbarasi davlat mulkiga tegishli. U „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida „Vaqf“ xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi bilan berilgan.

Yodgorlik „avliyolar“ga bagʻishlangan boʻlib, maqbara keng zal hamda Xorazm uslubiga xos boʻlgan gumbaz bilan bunyod etilgan. Zaldagi tokchalar bu qurilishda buxorolik ustalar ishtirok etganidan darak beradi. Chunki maqbara XVI asr buxorolik ustalarning ishini eslatib yuboruvchi toʻrsimon yulduzli naqshlar bilan qoplangan.

Qurilish tarixi va uslubi



Maqbaraga kirish eshigida xivalik ustalar, yogʻoch oʻymakorlarining ismlari: Abdurahmon, Abdulloh ibn Said Asad Husayn, Ahmad Samarqandiy oʻgʻli kabi shaxslarning ismi yozilgan. Shuningdek, hijriy 969-yil sanasi koʻrsatilgan boʻlib, bu milodiy 1549-yilga toʻgʻri keladi. Oʻlchami: 16x10 m, zali – 6x6 m, balandligi 12 metrni tashkil etadi. Maqbaraning katta xonasida oltita qabr joylashgan boʻlib, toʻrdagi uchta qadimiy qabr uch avliyoning qabri ekanligi taxmin qilinadi. Eshikdagi yozuvlardan xulosa qiladigan boʻlsak, bu qabrlardan bittasi Mir Husaynga tegishli boʻlishi mumkin.

Taʼmirlanishi



Yozuvlarga qaraganda, maqbara 1821—1822-yillarda qayta taʼmirlangan, binosining bir qancha gʻisht va ustunlari almashtirilgan.

Kirish eshigining ustki qismida oq marmar toshga nastaʼliq yozuvi bilan forsiy tilda Shayx Latifning nevarasi Nazar Xoʻja maqbarani taʼmir ettirgani haqida maʼlumot keltirilgan. Uch avliyo maqbarasining qarshisida joylashgan ayvonli masjid Rahimqulixon oʻgʻli Iso toʻra tomonidan qurdirilgan.

XX asrning 80-yillari boshida kuchli yomgʻirlar natijasida bino qattiq shikastlangan. Bundan tashqari, maqbara binosi qarshisidagi masjidning ayvon ustuni ham jiddiy shikastlangan. Yodgorlik restavratsiya qilinib, uning atrofidagi hudud obodonlashtirilgach, maqbara eng koʻp tashrif buyuriladigan joylardan biriga aylangan.

Yana qarang



Vayangan bobo maqbarasi

Poyanda maqbarasi

Yusuf Hamadoniy maqbarasi

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz